Prezident Putin Islom Karimov qabriga gul qo'ydi

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Islom Karimov qabriga gul qo'ymoqda. Image copyright AFP Getty

6 sentyabr kuni ertalab Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Samarqand shahriga borgan.

Aeroportda uchoqdan tushiboq Prezident Putin Islom Karimov dafn etilgan qabristonga yo'l olgan.

Rossiya rahbari tiz cho'kib Islom Karimovning qabriga qizil atirgullar guldastasini qo'ygan.

Prezident Putin Samarqandda Xitoydan Rossiyaga qaytguncha to'xtab o'tgan.

Image copyright AFP Getty

Bu Rossiya prezidentining shaxsiy tashrifi bo'lgan.

Xitoyning Xanchjou shahrida Yirik 20 lik davlatlari rahbarlarining sammiti bo'lib o'tdi.

Xitoyda jurnalistlarning savollariga javob qaytararkan, Rossiya prezidenti O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ruhiga hurmat bajo keltirish niyatida ekanini ma'lum qilgan.

Image copyright AP

U Karimov "O'zbekiston uchun ko'p ish qilgani"ni ta'kidlagan.

Bundan oldin matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prezident Putinning 3 sentyabrdagi Samarqanddagi Islom Karimovning dafn marosimida qatnashmaganini Rossiya rahbarining "tig'iz kun tartibi" bilan izohlagan.

Samarqandda Prezident Vladimir Putinga O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev hamrohlik qilgan.

Rossiyaning "Sputnik" agentligi xabar qilishicha, Prezident Putin Samarqanddagi Forumlar saroyida Islom Karimovning bevasi Tatyana Karimova va qizi Lola Karimova-Tillaeva bilan ko'rishgan va ularga o'z hamdardligini izhor etgan.

Image copyright Reuters

"Sputnik" Prezident Putinning Islom Karimovning oilasi a'zolari bilan muloqoti ommaviy axborot vositalari vakillarisiz bo'lib o'tganini xabar qilgan.

Rossiya matbuoti xabarlariga ko'ra, Prezident Putin O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev bilan muloqotda O'zbekiston Rossiyaga "eng ishonchli sherik"dek ishonishi mumkinligini aytgan.

Rossiya bilan O'zbekistonning hamkorligi davom etadi, deb aytgan Prezident Putin.

Image copyright Reuters

"Albatta, biz Islom Karimov qo'yib ketgan hamma narsa davom etishiga umid qilamiz. Biz, o'z tomonimizdan O'zbekiston xalqi va O'zbekiston rahbariyatini qo'llab-quvvatlash yo'lida imkoni bor hamma narsani qilamiz. Siz bizga eng ishonchli do'stdek to'la tayanishingiz mumkin", deya Prezident Putindan iqtibos keltirgan Rossiya ommaviy axborot vositalari.

O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev Toshkent ham Moskva bilan o'zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga intilishini aytgani haqida yozmoqda matbuot.

Image copyright Reuters

"Sizning bugungi tashrifingiz ham munosabatlar darajasi haqida aytib turibdi va buning uchun biz minnatdormiz. Biz Rossiya Federatsiyasi bilan tashqi aloqalarda to'laqonli strategik sheriklikka egamiz. Va biz siz va Islom Karimov uzoq yillar davomida bunyod etib kelgan ko'prikni rivojlantirishda davom etamiz", deya O'zbekiston bosh vaziridan iqtibos keltirgan ommaviy axborot vositalari.

Islom Karimovning rasman 2 sentyabr kuni 78 yoshida olamdan o'tgani e'lon qilingan.

Image copyright Reuters

Islom Karimovning jasadi ota-onasi ko'milgan Samarqand shahridagi Hazrati Hizr qabristonida 3 sentyabr kuni dafn etildi.

Karimov vafoti munosabati bilan O'zbekistonda uch kunlik motam e'lon qilindi.

6 sentyabrdan O'zbekiston telekanallari odatiy ish tartibiga qaytgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq