O'zbekistondagi o'zgarishlar va muxolifat

BBC jonli muloqoti

6 sentyabr kuni O'zbekistonda mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan e'lon qilingan uch kunlik rasmiy motam nihoyasiga yetgi.

Motamdan keyingi birinchi kunning asosiy siyosiy yangiligi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Samarqandga shaxsiy tashrifi bo'ldi.

Janob Putin Islom Karimov qabrini ziyorat qilgan va uning yaqinlariga o'z hamdardligini izhor qilgan.

Bir kun oldin Xitoydagi "Yirik 20 lik" sammiti yakunlariga bag'ishlangan matbuot anjumanida Prezident Putin Islom Karimov O'zbekiston uchun ko'p ish qilganini aytgan va O'zbekistonning yangi rahbariyati ham mamlakatdagi barqarorlikni saqlab qoladi, deb umid qilishini ta'kidlagan.

Janob Putin tashrifining yana bir ahamiyatli jihati uni Samarqandda Bosh vazir Shavkat Mirziyoev kutib olgan va butun tashrif davomida unga hamrohlik qilgan.

Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning amaldagi konstitutsiyasi bo'yicha marhum prezidentning vakolatlari bosh vazirga emas, balki Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga o'tishi kerak edi.

Janob Putinning o'zi Islom Karimov vafot etgan 2 sentyabr oqshomida rasmiy ta'ziyanomasini Mirziyoev nomiga emas, balki Nig'matilla Yo'ldoshev nomiga yo'llagan.

Islom Karimovning vafotidan uch kun o'tgan esa-da, O'zbekiston Senati hali favqulodda yig'in o'tkazgani yo'q va prezident vakolatlari kimning zimmasiga yuklanganini e'lon qilgani yo'q.

Hukumat na ichki va na tashqi siyosat borasida hozirga qadar biron bir jo'yali bayonot bilan chiqmadi.

Ammo jo'yali bayonot qilmagan faqat hukumatgina emas.

Chorak asr davomida Prezident Karimov boshqaruvini tanqid qilib kelgan va O'zbekistondagi siyosiy hokimiyatga da'vogarlik qilib kelgan O'zbek muxolifati ham hozirgacha mamlakatning kelajagi borasida biron-bir dasturiy bayonot bilan chiqmadi.

Muxolifat derkan, biz buning yaxlit emas, balki turli guruhlardan tashkil topgan, tarqoq va asosan mamlakat tashqarisida faoliyat yuritib kelgan bir muxolifat ekanini aytib o'tishimiz kerak.

Chunki Karimov O'zbekistonida muxolifat siyosiy sahnadan butkul chetlatilgan, Karimovdan boshqa bironta siyosatchiga minbar berilmagan edi.

Bunday siyosatchi hozir ham paydo bo'lgani yo'q mamlakat ichkarisida.

BBC O'zbek Xizmati o'zining Facebookdagi jonli muloqotiga marhum Islom Karimovga muxolif guruhlar vakillari, Shvetsiyadan taniqli muxolifat faoli, o'tmishda "Birlik" Xalq harakati rahbarlaridan, sobiq SSSR Xalq deputati Po'lat Oxunov va Turkiyadan muxolifatchi, o'tmishda "Erk" Demokratik partiyasi faoli va bugunda "Turkiston jamiyati" rahbarlaridan Namoz Normo'minni taklif qildi.

Davra suhbatini BBC O'zbekning YouTubedagi kanalida tomosha qiling

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring