Hokimiyatni kim boshqaradi: Yo'ldoshev yoki Mirziyoev?

Yo'ldoshev yoki Mirziyoev
Image caption O'zbekiston Konstitutsiyasi bo'yicha, Senat raiisi Nig'matulla Yo'ldoshev ayni vaziyatda prezidentlik vazifalarini bajarib turishi lozim

Islom Karimovning vafotidan bir necha kun o'tib ham uning o'rnidagi muvaqqat rahbardan biror bir xabar yoki bayonot e'lon qilinganicha yo'q.

Davlat ommaviy axborot vositalari xorijiy davlat rahbarlaridan kelayotgan ta'ziyanomalar aynan kimning nomiga yuborilayotganini aytishdan tiyilib turibdilar.

Karimov tirikligida matbuot va televidenieda chet el rahbarlaridan yuborilgan har qanday tabrik yoki hamdardlik xatlari o'qib berilgan avvalgi odatga amal qilinmayapti.

2 sentyabrda Rossiya va Qozog'iston rahbarlari Vladimir Putin va Nursulton Nazarboev o'z ta'ziyalarini O'zbekiston Senati raisi, Karimov vafotidan so'ng qonunchilikka binoan prezidentlik vakolatlari o'tishi kerak bo'lgan Nig'matilla Yo'ldoshev nomiga yuborgan edilar.

Image caption Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoev Samarqandda

Ayni paytda, Vladimir Putinning Samarqandga tashrifi payti Rossiya Prezidentining O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev bilan uchrashgani davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritildi. Ko'pchilik ro'znomalar Putinning Karimov qabriga tiz cho'kib turgani suratini va marhum prezidentning oilasi bilan uchrashgani lavhalarini bosishdi.

Konstitutsiya bo'yicha prezident vakolatlari o'tadigan Senat raisi, Nig'matulla Yo'ldoshev esa bu hodisada ko'rinmadi.

Islom Karimovning vafotidan keyin o'tgan vaqt ichida O'zbekiston Senati hali favqulodda yig'in o'tkazgani yo'q va prezident vakolatlari kimning zimmasiga yuklanganini e'lon qilgani yo'q. Hukumat na ichki va na tashqi siyosat borasida hozirga qadar biron bir jo'yali bayonot bilan chiqmadi.

Bishkekda sentyabr o'rtasida o'tadigan MDH davlatlari sammitida ham O'zbekiston kelajagiga bog'liq masalalar muhokama qilinishi kutilyapti.

16 sentyabrda o'tishi rejalashtirilgan sammit bu borada bir qancha muhim xulosalar qilishga imkon beradi.

Tahlilchilarga ko'ra, MDH davlatlari rahbarlari kengashi majlisida O'zbekiston nomidan Senat raisi Nig'matulla Yo'ldoshev emas, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev ishtirok etishi ehtimolga yaqinroq.

MDH davlatlari instituti direktor o'rinbosari Vladimir Evseevning fikricha, O'zbekistonda hokimiyatning boshqa qo'lga o'tishi allaqachon yuz bergan.

Konstitutsiya bo'yicha, Senat raisi prezidentlik vazifalarini bajarib turishi lozim. Biroq bo'lajak prezidentlik saylovlarida undagi imkoniyat katta savol ostida.

"Hozirgi paytda Yo'ldoshev rasman hokimiyat qo'lida hisoblanishi kerak bo'lsa ham, amalda u hech qanday kuchga ega emas", deb aytadi Vladimir Evseev Sputnik saytiga. Aynan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev xalqaro sahnada O'zbekiston nomidan gapirishi mumkin".

Tahlilchining fikricha, sammit O'zbekiston kelajagi haqida bir qancha xulosalar qilishga imkon beradi. "Hokimiyat iplari hozir bosh vazir qo'lida va uni mustahkamlashga harakat qilishi tabiiy".

Birinchidan, O'zbekiston vakillarining ishtiroki yangi hukumat MDH doirasida hamkorlik qilishni mo'ljallamoqdami? Bunday hamkorlik respublika uchun qanchalik muhim?- degan savolga ma'lum ma'noda javob beradi.

Toshkentda o'tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy ishtirok etmadi, zero ko'pchilik uni kutgan edi. Bu shuni anglatadiki, Eron uchun ShHT juda ham muhim emas. Bunday xulosani MDH sammitidan keyin O'zbekistonga nisbatan ham berish mumkin bo'ladi.

Ikkinchidan bosh vazir haqiqatdan ham haqiqiy hokimiyatga ega yoki yo'qligini ko'rsatadi, deb hisoblaydi tahlilchilar.

Image caption Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shavkat Mirziyoev ishtirokida marhum prezident Islom Karimov bevasi Tatyana Akbarovna va kichik qizi Lola Karimova bilan uchrashdi

Islom Karimov insult tufayli hayotdan ko'z yumganidan buyon hokimiyatning o'tish jarayoni to'liq yakunlangani yo'q. Ko'pchilik ekspertlar boshqaruv iplarini MXX dastagiga ega bosh vazir egalladi, degan fikrda. Biroq Mirziyoev o'ziga qanchalik ishonishi hali tushunarsiz.

O'zbekistonning ehtimoliy yangi rahbari Turkiya bilan munosabatlar yaxshilanishiga mujda berdi. Bir tomondan Mirziyoev o'zini xalqaro sahnada ko'rsatishi, tanitishi kerak. Buning uchun hamma xalqaro tadbirlarga bosh vazir qatnashishi, hokimiyatda haqiqiy rahbar paydo bo'lguniga qadar ko'pchilikni o'ziga ko'niktirishi kerak bo'ladi, deb hisoblaydi Evseev.

Bundan tashqari, tahlilchining fikricha, "ortiqcha gap-so'zlarni qo'zg'atmaslik uchun" sammitga Yo'ldoshevni yuborishlari ham mumkin.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring