Qirg'iziston: Xitoy elchixonasiga hujum uyg'urlar ishi

Bishkek Xitoy elchixonasi

Qirg'iziston Milliy Xavfsizlik xizmati o'tgan hafta Bishkekdagi Xitoy elchixonasi binosiga hujum "Sharqiy Turkiston ozodlik harakati" a'zolarining ishi ekanini aytgan.

Hujum guruhning a'zolari bo'lgan uyg'urlar tomonidan amalga oshirilgan, deb bayonot beradi Milliy xavfsizlik qo'mitasi matbuot xizmati.

30 avgust kuni xudkush hujumchi o'tirgan avtomobil Bishkekda Xitoy elchixonasi binosi darvozasiga borib urilgan va hujumchi voqea joyida halok bo'lgani xabar qilingandi.

Elchixonaning qirg'iz fuqarosi doxil uch xodimi yaralanib kasalxonaga yotqizilgan.

Xitoy hukumati rasmiy Bishkekdan zudlik bilan hodisani tekshirishni talab qildi.

Qirg'iziston Milliy Xavfsizlik xizmatiga ko'ra, ayni paytda xudkush hujumchining shaxsi aniqlangan, uning Tojikiston pasportiga ega etnik uyg'ur bo'lgani bildirilgan.

"Tekshiruv hodisa Suriyadagi janglarda qatnashayotgan uyg'ur terroristik guruhlar va hujumni moliyalashtirgan "Nusra Fronti" jangari tashkiloti buyurtmasi bo'yicha amalga oshirilgani aniqlandi", deyiladi rasmiy murojaatda.

Bishkekdagi elchixonaga hujum lavhalari video kameralarga muhrlangan.

"Nusra Fronti" guruhi Rossiya, AQSh va qator boshqa davlatlarda terroristik tashkilotlar ro'yxatiga kiritilgan.

Xitoy elchixonasiga hujumga aloqadorlikda gumonlanib besh Qirg'iz fuqarosi hibsga olingani aytilgandi oldinroq. Mamlakat tashqarisida, aytilishicha Turkiyada, bo'lgan yana ikki kishini hibsga olish haqida qaror chiqarilgan.

Qirg'iziston Milliy Xavfsizlik xizmati ma'lumotlariga binoan, qidirilayotgan gumondorlardan biri Xitoy elchixonasiga hujum yo'nalishini belgilagan.

Ikkinchi shaxs esa Suriyada jangovor ta'lim olgan va portlovchi vositalar yasashga ko'maklashgan. Aytilishicha, ikkinchi gumondor Bishkekdagi hujumdan bir necha soat oldin Istanbulga uchib borgan.

Xitoy g'arbida joylashgan Shinjon Uyg'ur muxtor respublikasida yashovchi xalqning katta qismini tashkil etuvchi uyg'urlar turkiy millatlarga mansub bo'lib, milliy mustaqillik uchun kurashib keladilar.

Xitoy mamlakatda sodir etilgan qator hujumlarda uyg'urlarni ayblaydi.

Huquq tashkilotlari va himoyachilar esa Xitoy hukumatining o'zini ham qonli hodisalarda aybdor hisoblab, uyg'urlarning diniy va madaniy huquqlarini paymol qilayotganlikda va ommaviy hibsga olayotganlikda ayblaydilar.

Faollar ta'kidlashicha, rasmiy Pekinning uyg'urlarga qarshi haddan tashqari zo'ravonlik siyosati ularning jangari guruhlarga kirib ketishiga olib kelmoqda.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

◾TELEGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/2c00djI yoki BBCUZBEK

◾Instagram - BBC UZBEK

◾Twitter - BBC UZBEK

◾Odnoklassniki - BBC UZBEK

◾Facebook- BBC UZBEK

◾Google+ BBC UZBEK

◾YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/2bHZ9nr)

◾Skype - bbcuzbekradio

◾bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.