‘Омадларини берсин, ёруғ юз билан қайтишсин’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Omadlarini bersin, yorug' yuz bilan qaytishsin"

2016 yilgi Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining bronza medali sovrindori, o'zbekistonlik nomdor erkin kurashchi Ixtiyor Navro'zov o'zbekistonlik paralimpiyachilarga xuddi ana shunday tilak bildirdi.

XV Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlari bugun - 6 (7) sentyabr kuni rasman ochiladi va 18 sentyabrga qadar davom etadi.

Bu - O'zbekiston paralimpiya jamoasi ishtirok etayotgan uchinchi O'yinlar bo'ladi va unda mamlakatni rekord sondagi, ya'ni 32 nafar paralimpiyachisi namoyon etadi.

Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlariga ja'mi 58 ta yo'llanmani qo'lga kiritgan o'zbekistonlik paralimpiyachilar 5 sport turi bo'yicha sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi.

"Men ularga birinchi navbatda sog'lik-salomatlik tilayman. Xudo xohlasa, omadlarini bersin. Yorug' yuz bilan qaytishsin. G'olib bo'lish, ikkinchi, uchinchi o'rinlarni olib kelish nasib qilsin", - deydi Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari sovrindori bo'lgan suhbatdoshimiz.

O'zbekiston o'zining qisqa ishtirokiga qaramay, Yozgi Paralimpiya O'yinlarining bitta kumush medalini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgan.

Bu medalni O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi hisobiga dzyudochisi Sharif Xalilov 2012 yilgi London Yozgi Paralimpiya O'yinlarida keltirgan.

Ammo, ta'kidlash joiz, Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarining sovrinli o'rinlari uchun bellashajak o'zbekistonlik paralimpiyachilar orasida yengil atletika bo'yicha jahon chempionati sovrindori Doniyor Soliev, o'q otish bo'yicha jahon rekordchisi Server Ibragimov, bundan tashqari turli Para Osiyo O'yinlarining oltin, kumush va bronza medali sohiblari bo'lgan nomdorlari oz emas.

"Chiqib, xuddi oxirgi kurashi yoki so'nggi marta yugurayotganidek borini berib, yakuniga qadar harakat qilishsa, Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo'ladi", - deydi o'zbekistonlik nomdor erkin kurashchi suhbatdoshimiz Ixtiyor Navro'zov.

Image copyright gazeta.uz

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi 30 avgust kuni mezbon Rio-de-Janeyro shahriga jo'nab ketgandi.

Eslatib o'tish joiz, bu - Janubiy Amerika davlati mezbonlik qilayotgan birinchi Yozgi Paralimpiya O'yinlari bo'ladi.

Bu galgi O'yinlarda dunyoning 170 dan ortiq davlatidan bo'lgan 4000 dan ziyod paralimpiyachi sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi.

Ta'kidlash joiz, Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarida ilk bor Qochqinlar terma jamoasi ham ishtirok etadi.

Xalqaro Paralimpiya Qo'mitasi O'yinlarni dunyo bo'ylab ilk bor rekord sondagi, ya'ni ja'mi 4 milliard insonning tomosha qilishiga umid qilmoqda.

Agar, xabarlarga tayanilsa, jahonning 154 davlati Rio Paralimpiadasini yoritish istagini izhor etishgan.

Aytilishicha, bunaqasi ham Yozgi Paralimpiya O'yinlari tarixida kuzatilmagan.

Image copyright Getty Images

O'zbekiston Rio Yozgi Olimpiadasini o'zi uchun rekord sondagi - ja'mi 13 ta medal bilan yakunlagan, tarixiy natija qayd etgandi.

O'yinlarda ko'rsatgan bu kabi natijasi bilan O'zbekiston qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlarini ham ortda qoldirib ketgan.

Hisobidagi medallarining soni va turi bo'yicha Rio Olimpiadasida Rossiya bilan birga eng yaxshi natija qayd etgan ikkita sobiq Sho'ro davlatidan bittasiga aylangandi.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, Rio Paralimpiya O'yinlarining rasmiy ochilish marosimi O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov vafotidan to'rt kun o'tib bo'lib o'tadi.

Prezident Islom Karimov vafoti rasman e'lon qilingan 2 sentyabr kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi Olimpiya va Paralimpiya shaharchasida O'zbekiston bayrog'i tushirilgan.

Xalqaro Paralimpiya qo'mitasi Prezidenti Fillip Kreyven "O'zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O'zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi va O'zbekiston ahliga chuqur ta'ziyasini izhor etgandi".

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring