Шаҳрам Гиясов: ‘Биздан-да яхши натижаларга эришишсин’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Shahram Giyasov: "Bizdan-da yaxshi natijalarga erishishsin"

Rio Yozgi Olimpiadasining kumush medali sovrindori, o'zining bokschilik mahorati bilan O'yinlarda ko'pchilikning mehrini qozongan bokschi o'zbekistonlik paralimpiyachilarga xuddi ana shunday tilak bildirdi.

O'zbekistonlik paralimpiyachilar rekord sonda ishtirok etayotgan Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlari bugun - 7 sentyabr kuni rasman ochiladi va 18 sentyabrga qadar davom etadi.

"Ular Olimpiada O'yinlarini shuncha kutishdi. O'tgan to'rt yil davomida mashaqqat chekib, mehnat qilib, O'yinlarning litsenziyalarini qo'lga kiritib, mana, Rio-de-Janeyroga ham borishdi. Mana, biz O'zbekiston davlat bayrog'ini ko'tartirib, madhiyasini yangrattirib, o'zbek o'g'lonlari, o'zbek qizlarining kimliklarini ko'rsatib keldik. Mana shuni tutib, bundan-da, bizdan-da yaxshi natijalarni qo'lga kiritishlarini xohlaymiz, iltimos qilamiz", - deydi Shahram Giyasov BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Xuddi shu o'rinda eslatib o'tish joiz, XXXI Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi uchun tarixiysi bo'lgan.

Image copyright Reuters

O'yinlar 5-21 avgust kunlari bo'lib o'tgan, unda o'zbekistonlik olimpiyachilar 4 ta oltin doxil ja'mi 13 ta medal qo'lga kiritishgandi.

Rio Olimpiadasida, ayniqsa, o'zbekistonlik bokschilar o'zlarini ko'rsatishgan.

Bokschilar, hatto oltinlari nazarda tutilganda ham, O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi eng ko'p medallarni keltirishgan.

Ular Rioda qo'lga kiritgan medallarning soni bo'yicha manaman, degan Kuba doxil qolgan barcha ishtirokchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib ketishgan.

O'z tarixlarida ilk bor boks bo'yicha Yozgi Olimpiada O'yinlarining medallar jadvali peshqadamiga aylanishgandi.

"Ha, his-hayajon bor edi. Hech qachon bunaqa ochilish marosimini ko'rmaganman. 10500 dan ortiq sportchilar bor edi. Buncha sportchiga hech qachon guvoh bo'lmaganman. Hozir judayam mashhur bo'lgan sportchilar bor edi. Mashhur aktyorlar, aktrisalar,.. hammasi kelib, bizlar bilan so'rashib, Rio Olimpiadasining ochilish marosimi juda ham qiziq o'tgandi", - deydi bokschi Shahram Giyasov o'sha kunlarni xotirlarkan.

Rasmiy ochilish marosimi

Image copyright PA

XV Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarining rasmiy ochilish marosimi britan vaqti bilan kechki soat 21:30, Toshkent vaqti bilan tungi soat 01:30 da boshlanadi.

Paralimpiya O'yinlarining ochilish marosimiga ham mezbon Rio-de-Janeyrodagi afsonaviy "Marakana" stadioni mezbonlik qiladi.

Unda xoreograf va san'atkorlar doxil 500 nafar o'z ishining ustalari bilan bir qatorda minglab ko'ngillilar ham ishtirok etishadi.

Rasmiy xabarlarga ko'ra, Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarining rasmiy ochilish marosimiga ja'mi 50.000 ga yaqin chipta sotilgan.

"Marakana" stadionining o'zi esa, qariyb 80.000 kishiga mo'ljallangan.

Marosim dizayner Fred Gelli, yozuvchi Marcelo Rubens Paiva va suratkash-haykaltarosh Vik Munisning hamkorlikdagi mehnati mahsuli bo'ladi.

Fred Gellining aytishicha, bugungi ochilish marosimi "sportchilarning tuganmas energiyalarini boshqalarga ham ulashadi".

Marcelo Rubens Paivaga ko'ra, bu tantanali tadbir "o'zgalarga nisbatan toqatlilik va hurmatning eng ulkan ramzi bo'lib xizmat qiladi".

Image copyright Getty Images

Tantanali tadbir "Har bir tanda qalb bor", shiori ostida o'tkaziladi va o'zida insoniy holat, his-tuyg'ular, muammolar, birdamlik hamda sevgi-muhabbatni akslantiradi.

Ochilish marosimida 160 dan ortiq davlatdan kelgan 4000 dan ziyod paralimpiyachi o'z bayroqdorlari boshchiligi ostida ko'rinish berishadi.

Ularning chiqishlarini esa, O'yinlarda Mustaqil Paralimpiyachilar tarkibida bellashuvchi suriyalik qochqin Ibrohim Al-Husayn boshlab beradi.

Rasmiy ochilish marosimi chog'ida Munis o'zining bor mahoratini jonli ravishda ham namoyish etib beradi.

Paralimpiya mash'alasining yoqilishi esa, marosimning eng qiyomiga yetgan nuqtasi bo'ladi.

Image copyright Reuters

Paralimpiya mash'alasi "Marakana" stadioniga etib kelmasidan avval bir hafta davomida 500 mash'alachi ko'magida Braziliyaning barcha 5 mintaqasini bosib o'tgan.

Ochilish marosimi ijodkorlari bo'lgan o'zlariga "shum bolalar", deya baho bergan Marcelo Rubens Paivaning aytishicha, tadbirning stsenariysi "chek-chegara bilmaydigan g'aroyib g'oyalar"ga asoslangan.

Rekordning ustiga rekord

Eslatib o'tish joiz, bu - Janubiy Amerika davlati mezbonlik qilayotgan birinchi Yozgi Paralimpiya O'yinlari bo'ladi.

Bu galgi O'yinlarda dunyoning 170 dan ortiq davlatidan bo'lgan 4000 dan ziyod paralimpiyachi sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi.

Ta'kidlash joiz, Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarida ilk bor Qochqinlar terma jamoasi ham ishtirok etadi.

Xalqaro Paralimpiya Qo'mitasi O'yinlarni dunyo bo'ylab ilk bor rekord sondagi, ya'ni ja'mi 4 milliard insonning tomosha qilishiga umid qilmoqda.

Image copyright Getty Images

Ya'ni, agar, xabarlarga tayanilsa, jahonning 154 davlati Rio Paralimpiadasini yoritish istagini izhor etishgan.

Aytilishicha, bunaqasi ham Yozgi Paralimpiya O'yinlari tarixida kuzatilmagan.

Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan qiyoslanganda, bu galgi Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlarida O'zbekistonni rekord sondagi sportchisi namoyon etadi.

O'zbekistonlik 32 nafar paralimpiyachi O'yinlarning sovrinli o'rinlari uchun kurash olib borishadi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring