Shavkat Mirziyoev muvaqqat prezident etib tayinlandi

Shavkat Mirziyoev Image copyright courtesy
Image caption Shavkat Mirziyoevning boshqaruv usuli qattiqqo'l va "shafqatsiz" deb ta'riflanadi

O'zbekiston Senati Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan va Markaziy Saylov komissiyasiga prezident saylovi o'tkazishni tavsiya etgan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Mirziyoev nomzodini Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev taklif qilgan.

"Qo'shma majlis davomida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo'ldoshev O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko'p yillik tajribasini, aholi o'rtasidagi hurmat-e'tiborini inobatga olgan holda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi taklif bilan murojaat qildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo'ldoshevning mazkur taklifi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma'qullanganligi ma'lumot uchun qabul qilindi", deyiladi rasmiy xabarda.

Prezident saylovlarining muddati e'lon qilinmagan.

Qonuniymi yo noqonuniy?

O'zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasiga binoan, marhum prezidentning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o'tishi kerak edi.

Xabarlarga ko'ra, Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan o'z ixtiyori bilan voz kechgan.

Image copyright COURTESY
Image caption Konstitutsiya bo'yicha prezident vakolatlari vaqtincha Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevga o'tishi kerak edi

Mirziyoev ijroiya hokimiyatining rahbari bo'lib qoladimi yoki bosh vazirlikni boshqa odamga topshiradimi, hozircha noma'lum.

59 yoshli Shavkat Mirziyoev 2003 yildan buyon mamlakat hukumatiga rahbarlik qilib keladi.

Bunga qadar Jizzax va Samarqand viloyat hokimi lavozimlarida ishlagan.

Mahalliy jurnalistlarning aytishlaricha, Islom Karimov hayotlik davrida Prezidentning g'azabiga duchor bo'lmaslik uchun telekameralardan uzoq turgan va davlat matbuoti rahbarlariga o'zini ko'rsatmaslik haqida topshiriq bergan.

2007 yilda asli o'zbekistonlik Rossiyaning eng boy odamlaridan Alisher Usmonovga qudalik rishtasi bilan bog'langani xabar qilingan. MXX raisi Rustam Inoyatovning dastagiga ega ekani aytiladi.

O'zbekistonliklar birinchi marta Shavkat Mirziyoev nutqini 3 sentyabr kuni, Samarqanddagi Islom Karimovning dafn marosimida eshitganlar.

Mirziyoev Islom Karimovni dafn etish bo'yicha tuzilgan hukumat komissiyasiga rahbarlik qilgan va 6 sentyabr kuni Samarqandga tashrif buyurgan Prezident Putin bilan muzokaralar olib borgan.

"Shafqatsiz rahbar"

Shavkat Mirziyoevning boshqaruv usuli qattiqqo'l va "shafqatsiz" deb ta'riflanadi.

BBC bilan suhbatda amerikalik diplomatlardan biri Mirziyoevni "aql emas, mushtga tayanadigan rahbar" deb atagan.

Mirziyoev Jizzax va Samarqandda hokimlik lavozimida ishlagan payti mahalliy huquq faollari uning o'z qo'l ostidagilarni do'pposlaganini aytishgan.

Janob Mirziyoevning birinchi o'rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov ham Karimovning ehtimoliy merosxo'rlaridan biri sifatida ko'rib kelingan.

Islom Karimovning rasman 2 sentyabr kuni 78 yoshida olamdan o'tgani e'lon qilingandi.

Karimov hayotdaligida o'zining ehtimoliy merosxo'riga ochiq ishora qilmagan.

Dekabrda o'tadigan prezident saylovlari Mirziyoevning hokimiyatini qonuniylashtirishi kutiladi.

Tahlilchilarga ko'ra, Shavkat Mirziyoev boshqaruvi ostida O'zbekistonda jiddiy siyosiy va iqtisodiy islohotlarning o'tkazilishini kutish qiyin.

Podrobno.uz ning Shavkat Mirziyoev vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlangani haqidagi xabariga o'quvchilar turlicha munosabat bildirishgan:

Mukaddas Yusupova: mirziyaev otamizga kupirok uxshab ketadila nomer1

Kaxramon Arzimetov: Kim prezident bosayam tinchlik bosin.

Zulfiya Sharapova: Attang. kutilmagan xodisa.

Sevara Abdualimova: Konstitutsiyaga asosan Yuldashev bulishi kerak edi. doljen byl vozglavit vremenno. Kizik))

Inoyatov Yorqin: Mana sizga konstitutsiya.

Zohid Uzbek: Nima xam deymiz...

Joxon Akhmedov: yurt tinchligi uchun ba'zida konunlarni buzib turish kerak. (javoban)

(javoban) Abdoul Karim: Kun jumlasiku, jin ursin

•◾ BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•◾ TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•◾ Instagram - BBC UZBEK

•◾ Twitter - BBC UZBEK

•◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK

•◾ Facebook - BBC UZBEK

•◾ Google+ - BBC UZBEK

•◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•◾ Skype - bbcuzbekradio

•◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring