Мирзиёевни танқид қилгани учун маҳалласидан бадарға қилишмоқчи
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Mirziyoevni tanqid qilgani uchun mahallasidan badarg'a qilishmoqchi

Buni Navoiy viloyati Karmana tuman hokimligi uyushtirayapti, deydi nogiron jurnalist va inson haqlari faoli Dildora Boymurodova.

Dildora Boymurodovaning aytishicha, Islom Karimov vafoti munosabati bilan O'zbekistonda e'lon qilingan motam Navoiy viloyatida qanday o'tayotgani haqida "Ozodlik" radiosiga intervyu bergan.

"Karimovdan norozi xalq endi yomg'irdan qutulib do'lga tutiladimi, degan sarosimada, deb aytdim", deydi Dildora Boymurodova BBCga.

Keyingi kuni Karmana tumanidagi "Katta masjid" mahallasidagi Boymurodovaning xonadoniga 20 tacha ayol bostirib kirganlar.

"Nega "xalqimiz yomg'irdan qutilib..." deysan? Nima uchun muhtaram prezidentimizni yomg'irga o'xshatasan? "Nega bosh vazirni do'lga o'xshatasan?!", "Nega viloyatimiz, tumanimiz nomiga dog' tushirasan?!" deya xo'p tergov qilishdi, deydi Dildora Boymurodova.

Oxiri meni kasal qilib ketishdi, deydi u.

Dildora Boymurodovaning aytishicha, o'zining uyiga noqonuniy bostirib kirgan va aksari notanish ayollarga "Katta masjid" mahalla fuqarolar yig'ini posboni Hakim Xudoyberdiev hamrohlik qilgan.

Keyingi kuni esa "Katta masjid" mahalla fuqarolar yig'ini raisi Dilmurod Qayumov Dildora Boymurodovani mahalladan haydash kerakligini aytgan.

BBC Dilmurod Qayumov bilan bog'landi va o'z fikrini aytgan insonni mahalladan ko'chirish qanchalar qonun doirasidagi amal, degan savolni berdi.

Mobil telefonida javob berishni boshlagan mahalla rahbari, xalq tili bilan aytganda, og'izga olib bo'lmaydigan so'zlar bilan Dildora Boymurodovani haqoratlay ketdi.

So'ng esa mobil telefonini o'chirib qo'yib qo'ng'iroqlarga javob bermadi.

Dildora Boymurodovaning xonadoniga bostirib kirgan ayollar bu topshiriq Karmana tumanining hokimi Sharofiddin Ismatovniki ekanini aytganlar.

BBC Karmana tuman hokimi Sharofiddin Ismatovdan munosabatini bilishga harakat qildi.

Tuman hokimligida telefon go'shagini ko'targan kotiba nima maqsadda qo'ng'iroq qilayotganimizni so'rab, hokimlikning bir mas'ulini chaqirdi.

Tuman hokimligida qanday vazifada ishlashini aytmagan mas'ul 10 daqiqadan keyin qo'ng'iroq qilishimizni so'radi.

10 daqiqadan keyin ham o'zini tanishtirishni istamadi.

Nima maqsadda murojaat qilayotganimizni so'radi va muddao intervyu ekanini bilgach, telefon go'shagini qo'yib qo'ydi.

So'ng go'shakni yana kotiba qiz ko'tardi va kimningdir buyrug'iga ko'ra hech narsa demasdan go'shakni qo'yib qo'ydi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring