"O'zbekiston Karimov kontseptsiyasiga sodiq qoladi"

Shavkat Mirziyoev Image copyright COURTESY

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev qo'shilmaslik siyosatini davom etdirishga va'da bergan.

Rasmiy Toshkent tashqi siyosatda marhum prezident Islom Karimov davrida qabul qilingan kontseptsiyaga sodiq qolishini aytgan.

Xabarlarga ko'ra, muvaqqat prezidentning bu so'zlari O'zbekiston Oliy Majlisi palatalarining kecha payshanba kuni bo'lib o'tgan qo'shma majlisi chog'ida yangragan.

"Xuddi avvalgidek, biror bir harbiy-siyosiy blokka qo'shilmaslik, xorijiy davlatlarning bazalari va ob'ektlarining O'zbekiston hududiga joylashtirilishiga, shuningdek, o'z harbiylarimizning ham chetdagi hozirliklariga izn bermaslik - mamlakatimizning qat'iy pozitsiyasi bo'lib qolaveradi", - deya bayon qilgan janob Mirziyoev.

O'zbekiston muvaqqat prezidentining bu so'zlari aks etgan nutqi mahalliy ommaviy-axborot vositalarining juma kungi chiqishlarida o'z aksini topgan.

Janob Mirziyoevga ko'ra, O'zbekiston tashqi siyosatining eng ustivor yo'nalishlaridan biri - o'zaro milliy manfaatlari bog'liq bo'lgan Markaziy Osiyo mintaqasi bo'lib qolaveradi.

"Biz o'zimizning yaqin qo'shnilarimiz: Turkmaniston, Qozog'iston, Tojikiston va Qirg'iziston bilan ochiq, do'stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz", - deb aytgan u.

O'zbekiston muvaqqat prezidentining bayon qilishicha, shuning barobarida, qolgan MDH davlatlari bilan munosabatlarini rivojlantirish, birinchi navbatda, Rossiya bilan har ikki mamlakat manfaatlariga javob beruvchi va mintaqa xavfsizligiga xizmat qiluvchi ikki tomonlama shartnoma va kelishuvlar asosida o'zaro aloqalarini izchillik bilan taraqqiy toptirish va mustahkamlash ham tashqi siyosatlaridagi muhim qirralardan biri bo'lib qolaveradi.

Ammo

Lekin, xuddi shu o'rinda Shavkat Mirziyoev chiqishidan ayon bo'lishicha, AQSh bilan har tomonlama manfaatli va konstruktiv hamkorlik masalasi ham O'zbekiston tashqi siyosatida muhim ahamiyat kasb etib qolaveradi.

"O'zbekiston bundan buyog'iga ham yaqin mintaqaviy qo'shnisi, mintaqaviy va global muammolarning yechimida muhim rol o'ynovchi Xitoy Xalq Respublikasi bilan har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdordir", - deyiladi uning chiqishida.

Shavkat Mirziyoev Osiyo-Tinch Ummoni havzasi davlatlari nazarda tutilganda, eng avvalo Yaponiya va Koreya Respublikasini nomma-nom tilga olgan.

Rasmiy Toshkent havzadagi qolgan davlatlar bilan ham iqtisod, sarmoya, ilm-fan va texnologiya, maorif, sog'liqni saqlash va sayyohlik sohasida hamkorlik munosabatlarini taraqqiy toptirishga katta e'tibor qaratishini aytgan.

Eng avvalo Germaniya, Frantsiya va Buyuk Britaniyaning nomini birma-bir tilga olib, O'zbekiston Ovro'poning yetakchi davlatlari bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalasiga ham alohida urg'u berishini bildirgan.

Har tomonlama va o'zaro manfaatli aloqalarni taraqqiy toptirishni davom etdirish masalasida so'z ketganda, Shavkat Mirziyoev umumiyatla Yaqin va O'rta Sharq mamlakatlarini ham nazardan qochirmagan.

O'zbekiston muvaqqat prezidenti, o'z o'rnida, BMT, ShXT, MDH, Islomiy Hamkorlik Tashkiloti va qolgan xalqaro tashkilotlar bilan aloqada bo'lish va hamkorlik qilish o'z mamlakati milliy manfaatlariga javob berishini aytgan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoev O'zbekiston barcha imkoniyatlardan foydalangan holda Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki, Islomiy Taraqqiyot Banki va Xalqaro Valyuta jamg'armasi kabi turli xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlar bilan iqtisoddagi strukturaviy islohotlarni dastaklashga qaratilgan hamkorlikni taraqqiy toptirib boraverishini ta'kidlagan.

Tashqi siyosat

Eslatib o'tish joiz, uning bu chiqishi O'zbekiston doxil aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida suv, chegaralaridagi ziddiyatli bahsli hududlar, energiya ta'minoti va tranzit masalalari yuzasidan muammolar hanuz o'zining muqobil yechimini topmagan bir vaziyatda yangragan.

Marhum Islom Karimov boshqaruvi davrida O'zbekiston hukumati yuritgan tashqi siyosat esa, aksariyat xalqaro siyosiy tahlilchilar tomonidan "beqaror", ekanlikda baho topib kelgan.

Rasmiy Toshkent shu paytgacha Rossiya yetakchiligi ostidagi siyosiy-iqtisodiy tashkilot va bloklarga qo'shilishga ham ro'yxushlik bermagan.

Shavkat Mirziyoev, shuningdek, o'z chiqishida "davlatimiz xavfsizligini har tomonlama mustahkamlashimiz, har bir fuqaroning tinchligi va osoyishtaligini ta'minlashimiz lozim", derkan, - "Vaziyatni izdan chiqarish, nifoq solish, dushmanlik urug'ini sepish, turli mojarolarni keltirib chiqarish va hatto qon to'kilishini istayotgan kuchlar ham mavjudligi hech kimga sir emas"ligini bayon qilgan.

O'zbekiston Qurolli Kuchlari va huquq-tartibot organlarini bundan keyin ham har tomonlama mustahkamlab borishlarini ta'kidlagan.

"Mamlakat suvereniteti va mustaqilligiga xavf tug'diradigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlari, har qanday urinishlariga qat'iy va munosib zarba berilishi"ni aytgan.

Prezident Islom Karimov 25 yillik boshqaruvi ortidan, shu yilning 2 sentyabr kuni 78 yoshida vafot etgandi.

Uning vafotidan 6 kun o'tib, kecha payshanba kuni O'zbekiston Senati Bosh vazir Shavkat Mirziyoevni mamlakat prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan va Markaziy Saylov komissiyasiga prezident saylovi o'tkazishni tavsiya etgandi.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Mirziyoev nomzodini Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev taklif qilgan.

O'zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasiga binoan, marhum prezidentning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o'tishi kerak edi.

Xabarlarga ko'ra, Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan o'z ixtiyori bilan voz kechgan.

Toshkentdan hozirgina olingan rasmiy xabarlardan O'zbekiston rezidenti saylovlarining shu yilning 4 dekabr kuni bo'lib o'tishi ma'lum bo'lgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring