Kim prezident bo'lishi xalqning xohishiga bog'liq emas

Dmitriy Medvedev, Shavkat Mirziyoev Image copyright Reuters

O'zbekiston prezidenti Islom Karimov vafotidan keyin mamlakat boshqaruvi kimning qo'liga o'tadi, degan savol oxirgi kunlarda ko'plar qatori Rossiyada mehnat qilayotgan ko'psonli muhojirlarni ham o'ylantirayotgan edi.

Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlarga ko'ra, mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning prezident vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi etib tayinlangani yuzasidan ayrim o'zbekistonlik muhojirlar bilan suhbatlashdik.

Suhbatdoshlar to shu kunga qadar Shavkat Mirziyoevni yaxshi tanimaganliklari haqida aytishar ekan, uning O'zbekiston konstitutsiyasiga zid ravishda bu lavozimga tayinlanishiga ham o'z munosabatlarini bildirishdi.

O'zbekistonda bir necha yil rus tili o'qituvchisi bo'lib ishlagan, hozirda Rostov shahrida muhojirlarning hujjatlarini rasmiylashtirishga ko'maklashib pul topayotgan Hikmatillaning aytishicha, Bosh vazirning mamlakat boshqaruvini o'z qo'liga olishi konstitutsiyaga to'g'ri kelmasligidan xalqning xabari yo'q.

"Xalq orasida konstitutsiyani varaqlab ko'rganlar ko'p, deb o'ylaysizmi? 96-moddada nima yozilganini qora xalq qaerdan biladi? Ko'plar prezident o'lib, uning o'rnini Bosh vazir egallaganini to'g'ri, deb hisoblashadi. Umuman, bizning xalqqa baribir. Hamma o'zini, bola-chaqasini o'ylaydi. Och qornim, tinch qulog'im. O'zbekistonda, umuman butun Sobiq Ittifoq respublikalarida ham har qanday rahbarlikka olg'irlar, orqasi baquvvat odamlar tayinlanishadi. Shavkat Mirziyoev ham boshqalardan kuchliroq shekilli. Hali gapirishga erta-yu ammo saylovlarda ham shu odam yutib chiqsa ajablanmayman",- deydi Hikmatilla.

Moskva shahrida tashlandiq qog'ozlarni qayta ishlash korxonasida mehnat qilayotgan Umar esa, O'zbekistonda kim prezident bo'lishi Bosh qonunga ham, xalqning xohish-irodasiga ham bog'liq emas, deb hisoblaydi.

Image copyright kseniyadiodorova

"Men bir necha yillardan buyon saylov yoki referendumlarda qatnashmayman. Baribir foydasi yo'q. Kim prezident bo'lishini xalq hal qilmaydi. Bu tepadagilarning o'zaro kelishuviga bog'liq. Hozir kresloni Mirziyoev egallab olibdimi, demak o'sha prezident bo'ladi. Xalq necha foiz ovoz berishining ahamiyati yo'q. Bosh qonunni qo'rqmay buzibdi-ku, shundan bilib olavering", - deydi u.

Ayrim mehnat muhojirlari Shavkat Mirziyoevning prezident o'rnini egallashi marhum Islom Karimovning xohishi bilan bo'lgan, deb ishonishadi.

"Mening fikrimcha, yurtboshimiz o'z o'rnilariga Bosh vazir o'tirishini oldindan rejalashtirganlar. O'zlari unga ishni qanday olib borishni o'rgatgan bo'lsalar kerak. Prezidentimiz bilan bir necha yil birga ishlagan odam. To saylovlargacha davlatni yaxshi boshqaradigan bo'lsa, o'zbekistonliklar o'zlari saylab yuborishadi uni", - deydi Rostov shahrida oshpazlik qilayotgan Rustam.

Mehnat muhojirlarining aksariyati, kim prezident bo'lishidan qat'inazar, mamlakat tinchligini ta'min etishi va Rossiya bilan aloqalarni mustakamlashi tarafdori ekanliklarini ma'lum qilishdi.

Prezident Islom Karimov vafotidan keyin O'zbekistonning Rossiya bilan o'zaro aloqalari qanday davom etishi, mehnat muhojirlarining Rossiyadagi hayoti qanday kechishi borasida xavotirlanayotganlar prezident Vladimir Putinning O'zbekistonga ta'ziya bildirish maqsadida tashrif buyurganini xursandlik bilan qarshi olganlar.

Muhojirlar orasida Shavkat Mirziyoevning Rossiya prezidenti bilan aloqalari yaxshi ekanligi haqidagi mish-mishlarga ishonib, u prezident bo'lgan taqdirda, O'zbekistonning yaqin kelajakda Ovro'oosiyo va Bojxona Ittifoqiga a'zo bo'lishidan umid qilayotganlar ham bor.

"Shavkat Mirziyoevni Putin bilan qalin deb bir-ikki joyda o'qidim. Shu odam prezident bo'lsa, O'zbekiston ham "tamojennыy soyuz"ga qo'shiladi, deyishyapti. Shunday bo'lsa, mehnat muhojirlari Rossiyada bemalol ishlashardi. Qirg'izlarni qarang, Rossiya fuqaroligini ham osongina olishyapti. Bizning esa topgan pulimiz anchasi hujjatlarni to'g'rilashga ketib qolyapti", - deydi "Donstroy" qurilish korxonasida ishlayotgan Qobiljon.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring