Shavkat Mirziyoyev birinchi prezident qarorini imzoladi

Image copyright courtesy

Matbuotda "Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori e'lon qilingan.

Unga prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev imzo chekkan.

Qarorga binoan 12 sentyabr O'zbekistonda Qurbon Hayiti va dam olish kuni deb e'lon qilingan.

Bu janob Mirziyoyev 8 sentyabr kuni Oliy Majlis palatalarining qo'shma majlisida prezident vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlanganidan so'ng matbuotda uning imzosi bilan e'lon qilingan ilk rasmiy hujjatdir.

Qaror oldingi yillarda marhum prezident Islom Karimov nomidan e'lon qilib kelingan ayni mazmundagi rasmiy hujjatlardan farq qilmaydi.

Faqat uning oxirida "qarorning ijrosini ta'minlash Bosh vazir (ismi-sharifi) zimmasiga yuklatilsin" degan band yo'q.

O'zbekistonda rasman ijroiya hokimiyati va prezident boshqa-boshqa bo'lsa-da, amalda Islom Karimov ham Vazirlar Mahkamasi, ya'ni hukumat va ham davlat rahbari vazifasini bajarib kelgan.

Janob Mirziyoyev vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlanishi ortidan u ijroiya hokimiyati rahbari sifatidagi vakolatlarini to'liq saqlab qoladimi yoki qisman boshqa odamga topshiradimi, bunga na uning o'zi va na parlament aniqlik kiritmagan.

O'zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasiga binoan, marhum prezidentning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o'tishi kerak edi.

Ammo Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev o'zining tajribasizligini ro'kach qilib, vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan voz kechgan va Mirziyoyev nomzodini taklif qilgan.

Senat qarori ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklar orasida tanqid va norozilik kayfiyatlariga sabab bo'lgan.

Ko'pchilik Senat marhum prezident Islom Karimovning vasiyatiga amal qilmagani haqidagi izohlarni qoldirmoqda.

Mahalliy matbuot Mirziyoyevning Senatdagi chiqishiga keng o'rin bergan.

Unda vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi ichki va tashqi siyosatda Islom Karimov tamoyillariga sodiq qolishini ta'kidlagan.

Mahalliy matbuot Mirziyoyevning rasmiy tarjimai holini ham e'lon qilgan.

Unda janob Mirziyoyev nomzodi bosh vazirlikka "O'zbekiston tarixida birinchi marta prezident emas, balki saylovlarda g'alaba qozongan partiya tomonidan ilgari surilgani" ta'kidlanadi.

9 sentyabr kuni O'zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi prezident saylovlari joriy yilning 4 dekabrida o'tishini e'lon qilgan.

Saylovlarda rasman kimlarning nomzod bo'lishi hozircha noma'lum.

Komissiya prezident saylovi bo'yicha saylov kampaniyasi 9 sentyabrdan rasman boshlanganini e'lon qilgan.

Xabarlarga ko'ra, nomzodlarni ro'yxatga olish jarayoni 30 sentyabrdan boshlanadi.

Kuzatuvchilar dekabrda o'tadigan ovoz berish jarayonlari 59 yoshli Shavkat Mirziyoevning hokimiyatini qonuniylashtirishiga shubha qilishmaydi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.