Nuqtai nazar: “O‘zbekistonning bosh muammosi terrorizm emas, o‘z siyosati”

Sara Kenzior, Markaziy Osiyo tadqiqotchisi

Toshkent

Aholisining aksari musulmon bo'lgan va Afg'oniston bilan chegaradosh O'zbekiston kelajagi bilan bog'liq asosiy savollardan biri jangari Islom mamlakatdagi vaziyatdan foydalanib, ne qadar xavf sola boshlashi haqidadir.

Bu xavotir va savol yangilik emas. G'arb ayni savol ustida 25 yildan beri bosh qotirib keladi. Javob esa hamisha, "yo'q, bunday xatar mavjud emas" qabilida edi.

O'zbekiston "jangari islomchilar o'chog'i" degan "obro'"siga qaramay u yerda terrorchi hujumlar kamdan-kam ro'y beradi.

Islomchi guruhlar keng tarqalmagan va aksar musulmonlarning ularga qo'shilish istaklari yo'q.

Aksincha, mamlakat va uning aholisiga asosiy xavf Xavfsizlik Xizmatidan kelishi ehtimoli ko'proq.

Islom Karimovning vafoti huddi uning hayoti kabi bo'ldi. Ya'ni sir-asrorlarga to'la va asosan mish-mishlar orqali muhokama qilindi. Mish-mishlar ayni avtoritar va yopiq mamlakatda ma'lumotning asosiy manbasiga aylangan.

O'zining 27 yillik boshqaruvi davrida Islom Karimov xalq erkinliklarini toptadi va tazyiqlar haqidagi dalillarni berkitdi.

Lekin ma'lumot tizimining nazorati undanda barhayotroq bo'lib chiqdi.

O'zbekiston islomiy jangarilar xavfi ostida, degan qarash Islom Karimov targ'iboti va nazoratni qattiq ushlash harakatlarining hosilasidir.

Marhum Karimov o'zbeklarni o'z e'tiqodlariga rioya qilishlarini qo'lladi, lekin juda tor va hukumat ko'rsatmalariga mos tushuvchi, shuningdek, davlat tomonidan ma'qullangan masjid va imomlar yordamidagina bo'lishini talab qildi.

1990-yillar mobaynida hukumat mamlakatning demokratik Konstitutsiyasini yozishga ko'mak bergan siyosatchilarni qamoqqa tashladi, yoki mamlakatdan chiqarib yubordi. 90-yillar oxirlarida esa ko'plab masjidlarni yopdi. Shu bilan birga, "Olloh bizning qalbimiz va yuragimizda" degan kitobni nashr etdi.

1990- yillarda hukumatning asosiy "balogardon"i "Hezbu Tahrir" edi. Tashkilotning varaqa va kitoblari o'zgacha fikrlovchilarning mashina va uylariga tashlanib, hibsga olish uchun "bahona" sifatida ishlatildi.

1999 yili Toshkentda, taxmin qilinishicha, O'zbekiston Islomiy Harakati tomonidan uyushtirilgan portlashlar ro'y bergan vaqti hukumat bu amallarga aloqasi bo'lmagan minglab kishilarni qamoqqa tashladi.

2005 yili taniqli ishbilarmonlarning hibsga olinib, mahkamaga tortilishlari Andijonda keng miqyosli noroziliklarni keltirib chiqardi. Hukumat namoyishchilarni o'qqa tutish bilan javob berdi, yuzlab insonlar halok bo'ldi.

Hukumat namoyishlarni tashkillashtirishda "Akromiylar" guruhini aybladi va kuch ishlatish lozim bo'lganligini ta'kidladi. Lekin "Akromiylar" o'zbek davlat targ'ibot mashinasining hosilidir.

Hozirda Islom Karimovning vafoti bilan mamlakat beqarorlik bosqichiga kirib bormoqda. Lekin O'zbekiston bosh ko'tarayotgan terrorizmga yuzma-yuz keladi, deb aytib bo'lmaydi.

Terrorchi tashkilotlar saflariga qo'shilgan o'zbekistonliklar soni bir necha yuzdan bir-ikki mingga qadar deyiladi. O'zbekistonga xavf solish darajasida tashkillashgan biron o'zbek jangari guruhi yo'q. Aksincha, ular ko'pda bir-biriga raqib guruhlar bo'lib, odatda boshqa mamlakatlarda kechayotgan hodisalar bilan qiziqadilar.

ISHID kabi terrorchi tashkilotlar o'zbeklar tomonidan boshqarilmaydi va asosini ham o'zbek jangarilari tashkil etmaydi. "O'zbek terrorchilar" degani bular aynan O'zbekistondan ekanliklarini va mamlakatdagi vaziyat bilan qiziqishlarini ham anglatmaydi.

Ko'plab o'zbekistonliklar Rossiyada mehnat muhojirligida va ayrimlar o'sha yerda terrorchi guruhlar saflariga targ'ib etilganlar.

O'zbekistonni o'zining asosiy e'tibor markaziga qo'ygan guruhlar esa kam. Masalan, "Islom Jihodi Birlashmasi" yoki anchayin zaiflashgan O'zbekiston Islomiy Harakatini aytish mumkin.

Albatta, O'zbekiston qudratning bir qo'ldan ikkinchi qo'lga o'tishini boshdan kechirar ekan har narsa ro'y berishi mumkin.

Lekin mintaqaning eng ko'p sonli va muhim mamlakati bo'lmish O'zbekistonda Xavfsizlik Xizmati ishidagi keskinlikning susayish ehtimoli kam.

O'zbekiston hukumati terrorchilikka qarshi kurash bahonasida davom ettirayotgan tazyiqlarini to'xtatadi, deya umidvor bo'lish ham qiyin.

Mazkur jarayonlar davom etadi va ular o'zbek xalqiga terrorchilardan ko'ra ko'proq xavf solishi ehtimoli ham kattaroq.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.