Рио-2016: ‘Офарин, таърифлашга тил ожиз’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rio-2016: "Ofarin, ta'riflashga til ojiz"

Rio Olimpiadasining bronza medali sovrindori bo'lgan nomdor erkin kurashchi Ixtiyor Navro'zov o'zbekistonlik paralimpiyachilarning O'yinlarda qayd etayotgan ustma-ust tarixiy yutuqlariga xuddi ana shunday baho berdi.

O'zbekiston Rio Paralimpiadasining dastlabki to'rt kunida oltinlari doxil qo'lga kiritgan ja'mi medallarining soni bo'yicha qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlarini ortda qoldirib ketdi, Ukraina bilan birga O'yinlarda eng yaxshi natija qayd etayotgan ikkita sobiq Sho'ro davlatidan bittasiga aylandi.

Bugunga kelib, O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi hisobidagi medallarning soni 21 taga yetdi. Bu medallardan 6 tasi oltin, 4 tasi kumush va 11 tasi bronza bo'ladi.

Engil atletikachisi Husniddin Norbekov Rio Paralimpiadasida jahon rekordini yangilagan bo'lsa, suzuvchisi Fotimaxon Alimova O'yinlarning har uch medalini ham qo'lga kiritib, jahon miqyosida ham top medalistlar ro'yxatiga kirgan birinchi o'zbekistonlik paralimpiyachi bo'ldi.

Fotimaxon Amilova Rioda erishgan bu kabi yutug'i bilan ham O'zbekiston va ham butun Markaziy Osiyo tarixida o'ziga xos rekord o'rnatdi.

"To'g'risini aytsam, bunaqa natijani kutmagandik. Yashasin, lekin bizlarning sportchilar. O'zlarining imkoniyatlaridan ham ortig'i bilan harakat qilishdi. Shu kabi natijaga erishishdi. O'zimga sig'mayapman bunaqa xursandchilikdan. Ofarin, ta'riflashga til ojiz...", - deydi Ixtiyor Navro'zov BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Paralimpiya terma jamoasi kecha - O'yinlarning to'rtinchi kunini qo'shaloq oltin medali bilan yakunladi.

Bu gal Firdavsbek Musabekov va Fotimaxon Amilova suzish bahslarida Rio Paralimpiadasi chempionlariga aylanishdi.

Image copyright Getty Images

Ularning so'nggi g'alabalari ortidan, O'zbekiston hisobidagi oltin medallarning soni 6 taga yetdi.

Hisobidagi ja'mi 21 ta medali bilan esa, O'zbekiston medallar jadvalida 64 ta ishtirokchi sovrindor davlat orasidan 6-o'ringa chiqib oldi.

Medallarning aksariyatini hozircha jamoa hisobiga dzyudochilari (10 ta) va suzuvchilari (7 ta) keltirishgan.

O'zbekistonni Rio Paralimpiya O'yinlarida butun mintaqa nazarda tutilganda ham, rekord sondagi - ja'mi 32 nafar sportchisi namoyon etmoqda.

"Ularning yutuqlari - bizlarning yutug'imiz. Hammamizning yutug'imiz. Butun O'zbekistonning yutug'i. Shuning uchun ham, men o'ylaymanki, Xudo xohlasa, bu bizdan keyingi yosh avlodga dalda bo'ladi, stimul bo'ladi", - deydi O'zbekistondan nomdor erkin kurashchi bo'lgan suhbatdoshimiz.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, o'zbekistonlik paralimpiyachilarning bahslari halicha yakun topmagan, Rio Paralimpiya O'yinlarining o'zi esa, 18 sentyabrga qadar davom etadi.

Hozircha Rio Paralimpiadasi sovrindorlari uchun qancha miqdordagi pul mukofotlari ko'zda tutilayotganiga oid rasmiy xabarlar imkonli emas.

O'zbekiston Olimpiada terma jamoasi ham Rio Yozgi Olimpiadasida tarixiy natija qayd etgan, jamoa hisobida ja'mi 13 ta medali bilan Toshkentga qaytgan 23 avgust kuni hozirda marhum prezident Islom Karimov ularni mamlakat tarixida kuzatilmagan miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlash to'g'risidagi farmonga imzo chekkan.

Prezident farmonida Rio Olimpiadasi oltin medali sovrindorlarini 200.000 AQSh dollari, kumush medali sovrindorini 100.000 AQSh dollari va bronza medali sovrindorini 75.000 AQSh dollari bilan mukofotlash ko'zda tutilgandi.

Buning ortidan, prezident Islom Karimov ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlashga ham farmon bergandi.

O'zbekiston Milliy Olimpiya Qo'mitasi bunga qo'shimcha olimpiadachilarga Chevrolet "Malibu" rusumidagi avtomobillar kalitlarini ham topshirgandi.

Riodagasi O'zbekiston ishtirok etayotgan uchinchi Yozgi Paralimpiya O'yinlari bo'ladi.

Bungacha ular O'yinlarning bitta kumush medalini qo'lga kiritishgan va hatto, shunda ham butun mintaqada Yozgi Paralimpiada medalini olgan yagona davlat bo'lib kelishayotgandi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring