Qozog'iston Prezidenti Samarqandga borgan

Nazarboev Karimov Image copyright AFP
Image caption Nursulton Nazarboev do'stining o'limidan qayg'uga tushganini bildirgan.

Qozog'iston prezidentining rasmiy sayti xabar berishicha, Prezident Nursulton Nazarboev 12 sentyabr, dushanba kuni Samarqand shahriga ishchi tashrifi bilan borgan.

Qozog'iston prezidenti tashrif doirasida Islom Karimov qabrini ziyorat etishi va marhumning oilasi bilan uchrashishni rejalashtirgani aytilgan.

Bundan tashqari Nazarboev O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoev bilan uchrashadi, deb xabar beradi Qozog'iston prezidenti rasmiy sayti.

Image copyright Reuters
Image caption Dafn marosimida faqat uch davlat prezidentlari ishtirok etishdi

Islom Karimovning dafn marosimiga jami 17 davlat hay'ati a'zolari qatnashishdi. Mintaqa davlatlaridan faqat Tojikiston, Turkmaniston va Afg'oniston Prezidentlari ishtirok etishdi. Boshqa davlatlar Bosh vazir yoki elchilarini yuborganlar.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya rahbarining nima uchun Karimovning dafn marosimida ishtirok etolmaganiga izoh bergan va buni Putinning "kun tartibi tig'iz"ligi bilan tushuntirgandi.

Samarqandda o'tgan dafn marosimida Rossiya hay'atiga Bosh vazir Dmitriy Medvedev boshchilik qilgandi.

Image caption Putin Karimov "O'zbekiston uchun ko'p ish qilgani"ni ta'kidlagan

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoyda o'tgan Yirik yigirmalik sammitidan qaytayotib, Samarqandga kirib o'tgan, Islom Karimov qabriga gul qo'yib, marhum prezident xotirasiga hurmat bajo qilgan.

Aksar MDH rahbarlari Islom Karimovni so'nggi yo'lga kuzatish marosimiga shaxsan qatnashmagani turli mulohazalarni paydo qilgan, Karimov o'limidan so'ng mamlakatning xalqaro, xususan Markaziy Osiyodagi o'rniga bog'liq fikrlar bildirilgan edi.

Islom Karimov rasman 2 sentyabr kuni 78 yoshida olamdan o'tgani e'lon qilingandi.

3 sentyabrdagi Samarqanddagi Islom Karimovning dafn marosimiga Qozog'iston Bosh vaziri Karim Masimov rahbarligidagi hay'at qatnashdi.

Oradan bir necha kun o'tib Prezident Nazarboev Karim Masimovni bosh vazirlik lavozimidan ozod etib Qozog'iston Milliy xavfsizlik qo'mitasining raisi lavozimiga o'tkazdi.

Baqitjan Sagintaev Qozog'iston Bosh vaziri etib tayinlandi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring