Suriyadagi ilk otashkesim tuni nisbatan tinch o'tdi

Suriyada otashkesim Image copyright Getty Images

AQSh bilan Rossiya kelishgan o't ochishni to'xtatish boshlanganidan keyingi birinchi kecha jiddiy to'qnashuvlarsiz o'tgan.

Biroq turli-turli joylarda otishmalar yuz bergan.

Otashkesim kelishuvi 12 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 19 da boshlangan.

Bu kun dunyo musulmonlarining Qurbon Hayiti ilk kuniga to'g'ri kelgan.

Oxirgi oylarda qattiq janglar kuzatib kelingan Halab shahrida bo'lib turgan BBC muxbiri xabar berishicha, tunda zambaraklar ovozlarini eshitgan, lekin ular uzoq davom etmagan.

Suriya sharqidagi hududlarni nazorat qilib turgan isyonchi guruhlar otashkesimga qo'shilmaganlar.

Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlariga rioya etilishini kuzatish guruhi xabar tarqatishicha, mamlakatning qator hududlarida Prezident Bashar al-Assadga sodiq hukumat qo'shinlari bilan isyonchi guruhlar o'rtasida to'qnashuvlar ro'y bergan.

Hama viloyatida bir necha qishloq havo hujumlariga tutilgan.

Poytaxt Damashqqa yaqin joylarda ham zambarak hujumlari kuzatilgan.

Suriya armiyasi 18 sentyabr tunigacha o'zining barcha harbiy amaliyotlarini to'xtatishga qaror qilgani haqida e'lon etgan.

Rossiya bilan AQSh o't ochishni to'xtatishga yetti kun davomida muvaffaq bo'linsa, ikki mamlakat o'rtasida istihborot axborotini almashish va "Islomiy Davlat", ilgari "Nusra Fronti" nomi bilan tanilgan "Jabhat fatah ash-Shom"ga qarshi hamkorlikdagi havo hujumlarini boshlashga kelishib olganlar.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ushbu otashkesim Suriyada tinchlikni qayta tiklash maqsadidagi so'nggi urinish bo'lishi mumkin deb aytgan.

2016 yil fevrali oxirida ham AQSh va Rossiya Suriyada o't ochishni to'xtatishga kelishib olishgan, ammo tomonlar muntazam ravishda dushman taraf bitimni buzishda ayblagan edilar.

BBCning Yaqin Sharq bo'yicha sharhlovchisi Jeremi Bounning aytishicha, hozirgi vaziyat AQSh va Rossiya uchun sinov hisoblanadi. "Yangi, taranglikdan xoliroq ishchi munosabatlar ikki davlat tashqi ishlar rahbarlari o'rtasidagi aloqalar Suriyadagi otashkesim manzarasida jiddiy sinovdan o'tadi. Suriyadagi fuqarolar urushining dastlabki yillarida diplomatiya ojizlik qildi. Bunga asosan Bashar Assadning yaqin ittifoqchisi Rossiya bilan AQSh o'rtasidagi mavqe'larning farq qilishi sabab bo'lgan bo'lsa, hozirga kelib Rossiya Suriyadagi nufuzli tashqi kuchga aylandi. AQSh boshchiligidagi koalitsiya vaziyatni nazoratda ushlab turishi qiyin kechmoqda. Moskva bunday vaziyatda muvaffaqiyatli boshlangan otashkesim ortidan prezident Assadni hokimiyatni topshirish tomon undashi, urushga chek qo'yilishiga olib kelishi mumkin.

Biroq otashshkesim natijasiga shubha bilan qarayotgan Assad muxoliflariga ko'ra, o't ochishni to'xtatish qarama qarshi tomonlar uchun yana qurollanib olish, guruhlanishga imkon berishi mumkin.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring