Rio-2016: O'zbekistonda yana qo'shaloq medal

Rio medallari Image copyright Getty Images

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi yana ikkita bronza medalini O'yinlarning beshinchi kunida qo'lga kiritdi.

So'nggi ikki medalni terma jamoa hisobiga pauerliftingchisi (-80 kg vazn toifasida) Ahror Bozorov va suzuvchisi Dmitriy Xorlinlar (400 metrga erkin usulda suzish) keltirishdi.

Bu - O'zbekiston sportchilari Rioda pauerlifting musobaqalarida qo'lga kiritgan birinchi medal bo'ladi.

Bu vazndagi bahslarning "A" guruhi bellashuvlari rejalangan vaqtidan bir necha soat kechikib o'tkazilgan, "B" guruhidagilari esa, boshqa kunga qoldirilgandi.

Dmitriy Xorlinniki esa, suzuvchilari O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi hisobiga keltirgan 8-medal bo'ldi.

Ikkovlonning bu yutug'i ortidan O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi hisobidagi medallarning soni 23 taga yetdi.

Bu medallardan 6 tasi oltin, 4 tasi kumush va qolgan 13 tasi bronza bo'ladi.

O'yinlarning beshinchi kunida ja'mi 5 nafar o'zbekistonlik paralimpiyachi sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishgandi.

Kecha 12 sentyabr kuni o'z musobaqalarini boshlagan o'zbekistonlik estafetachilar: Miran Saxatov(Jaloliddin Hamroqulov), Mansur Abdurashidov, Doniyor Soliev va Fahriddin Hamroevlar bugun (T11-13 tasnifida) 4x100 metrga estafeta yugurish bahslarining sovrinli o'rinlari uchun o'z kurashlarini davom etdirishadi.

Ular O'yinlarning oltinchi kunida medallar uchun bellashajak o'zbekistonlik yolg'iz sportchilar bo'lishadi.

Image copyright Getty Images

O'zbekiston hisobidagi ja'mi 23 ta medali bilan joriy paytda medallar jadvalida 9-o'rinda bormoqda.

Ta'kidlash joiz, O'zbekiston O'yinlarning oltinchi kuniga kelib ham, Markaziy Osiyo davlatlari ichidan eng yaxshi natija qayd etib turibdi.

O'zbekiston, shuningdek, Ukraina bilan birga hali-hanuz Rio Paralimpiadasining eng ko'p sovrindori bo'lgan ikkita sobiq Sho'ro davlatidan bittasi bo'ladi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Osiyo qit'asida ham Xitoy bilan birga O'yinlarning eng ko'p medallarini qo'lga kiritayotgan ikkita mamlakatdan biridir.

Qozog'iston esa, hisobidagi 1 ta oltin va 1 ta bronza medali bilan medallar jadvalida 43-o'rinni egallab turibdi.

O'yinlarda ikkita sportchisi bilan ishtirok etayotgan Turkmaniston esa, allaqachon biror bir medalsiz undagi o'z ishtirokiga yakun yasab bo'lgan.

Tojikistonlik yagona yengil atletikachi hali yana erkaklar o'rtasida (T47 tasnifida) 400 metrga yugurish bahslarida o'z omadini sinab ko'radi.

O'yinlarda yolg'iz sportchisi bilan ishtirok etgan qo'shni Afg'onistonga ham halicha Yozgi Paralimpiadaning biror bir medalini qo'lga kiritish nasib etmagan.

Eslatib o'tish joiz, doping mojarosi sabab, yuzlab paralimpiyachisi bilan ishtirok etishi kutilgan Rossiya Rio Paralimpiya O'yinlaridan butkul chetlatilgan.

Xalqaro mahkamada shikoyat arizasini yutqazgan Rossiya hukumati bunga javoban 8-9 sentyabr kunlari o'z paralimpiyachilari uchun Moskvada muqobil O'yinlar uyushtirishgacha borgandi.

Bunaqasi esa, Paralimpiya harakati tarixida bo'lmagan.

Rasman 7(8) sentyabr kuni ochilgan Rio Paralimpiya O'yinlari 18 sentyabrga qadar davom etadi.

Image copyright Reuters

O'yinlarda O'zbekistonni rekord sondagi - ja'mi 32 nafar paralimpiyachisi namoyon etmoqda.

Ular Rio Paralimpiadasi sovrinli o'rinlari uchun kurashlarini 17 sentyabr kuniga qadar davom etdirishadi.

Riodagisi O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi ishtirok etayotgan uchinchi O'yinlar bo'ladi.

Bungacha O'zbekiston paralimpiyachilari Yozgi Paralimpiya O'yinlarining bitta medalini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lishgan, ammo shunda ham, butun Markaziy Osiyoda bu kabi sharafga noyil bo'lib turgan yagona davlat edi.

Rioda dastlabki besh kun ichida qayd etgan natijalari esa, o'zlari uchun ham, mintaqa uchun ham tarixiysi bo'ladi.

Medallar jadvali peshqadami Xitoyning hisobidagi ja'mi medallar soni bugunga kelib 118 taga etdi. Bu medallardan 50 tasi oltin bo'ladi.

Ishtirokchi sovrindor 68 davlat orasidan eng quyi o'rinni egallab turgan Saudiya Arabistoni hisobida 1 ta bronza medali bor.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring