Nega Mirziyoev nutqi taxtdagi odam nutqiga o'xshaydi?

Mirziyoev Image copyright AP

Londonlik siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov yozishicha, O'zbekistonning muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoevning Senat va Qonunchilik palatalari qo'shma majlisidagi nutqi 3 oy muddatga mamlakat boshqaruvini o'z qo'liga olgan, prezidentlik saylovida saylanish-saylanmasligi noma'lum siyosatchi emas, uning o'zining ta'biricha, allaqachon "taxtga o'tirgan" kishining nutqidir.

Islom Karimov vafotidan keyin o'tkazilgan parlament qo'sh palatalari majlisida Shavkat Mirziyoev O'zbekistonning Karimovdan keyingi ichki va tashqi siyosati qanday bo'lishi masalalariga to'xtalgan.

Nega siz bu nutqni erta yoki o'z muddatidan vaqtli nutq, deb hisoblaysiz, degan savol bilan BBC tahlilchi Alisher Ilhomovga murojaat qildi.

Alisher Ilhomov: Chunki bu nutq boshidanoq atigi uch oy muddatga prezident lavozimini vaqtincha boshqarishga kirishayotgan insonning nutqi taassurotini uyg'otmaydi. Uch oy muddatga qo'yilayotgan insonning zimmasiga shu davr mobaynida barqarorlikni saqlab mamlakatni boshqarib turish, shu paytgacha ma'qullanib bo'lingan siyosatni davom ettirish va prezidentlik saylovi o'tishi uchun sharoit yaratish vazifalari qo'yilishi kerak edi. Undan uzoq muddatga mo'ljallangan va'dalar kutilgani yo'q yoki qandaydir majburiyatlarni o'z zimmasiga olishi shart emas edi. Lekin biz hukumatning uzoq vaqtga mo'ljallangan dasturilamaliga o'xshab ko'ringan nutqni eshitdik. Bu nutqda e'tibor ko'proq tashqi siyosatga qaratilgan. Ichki siyosatda esa biz bundan oldin ko'p eshitganimiz - real hayotga aloqasi yo'q "navbatchi jumlalardan iborat bayonot"ni eshitdik. U yerda gap demokratiya, adolat, iqtisodni taraqqiy ettirish haqida boradi. Bu gaplar hammasi deklaratsiya bo'lib, hayot boshqa, aytilayotgan gaplar boshqa bo'lgan bunday bayonotlarni biz oldin marhum Islom Karimovdan ham ko'p eshitganmiz. Bu bayonotlar quruq gapligicha qolib ketib, hayotga tatbiq etilmagan yoki allaqachon ro'yobga chiqqan orzudek taqdim qilingan.

Image copyright Getty Images

Islom Karimov vafotidan keyin buyog'i qanday bo'ladi, degan noaniqlik saqlanib turgan edi, Shavkat Mirziyoev nutqining tashqi siyosatga taalluqli bo'limi ana shu mavhumlikka oydinlik kiritganday bo'ldi. O'zbekiston bundan keyin dunyoning yetakchi davlatlari bilan, o'zining qo'shnilari bilan qanday munosabat qurishi ochiqlab berildi.

Lekin bu ham mamlakatni uch oy boshqarishga qo'yib qo'yilgan insondan kutilgan bayonot emas edi. Bu prezidentlikka nomzodini ilgari surgan, o'z dasturida O'zbekistonni Rossiya yoki AQSh bilan yaqinlashtirishni istayotgan siyosatchidan kutilgan nutq. Bilamizki, shu paytgacha O'zbekistonning siyosati G'arb bilan yaqinlashishiga izn bermagan. Buning asosiy sababi, mamlakatdagi inson haqlari vaziyati va korruptsiya darajasining yuqori ekanidir. Korruptsiya sarmoyadorlarni O'zbekistondan uzoqlashtirib turibdi.

BBC: Sizningcha, nega bunday bo'ldi? Uch oylik muvaqqat prezidentning ma'ruzasi allaqachon saylovda g'alaba qozongan siyosatchining ma'ruzasidek yangradi?

Alisher Ilhomov: Shuning uchun ham bu yerda bir necha savol tug'ildi: Yoki uning o'zi anglab yetmagan qanday mazmundagi nutq bilan chiqishi lozimligini. Yoki unga nutq yozib bergan odamlar eski qolip bo'yicha ish ko'rishganmi? Yoki ma'ruza yozib berayotganlarda yuzaga kelgan vaziyatni huquq va konstitutsion meyo'rlar nuqtai nazaridan tahlil qilib ko'rishga fursatlari bo'lmaganmi? Balki bu nutq bilan Shavkat Mirziyoev uch oyga emas, prezidentlik lavozimiga doimiy o'tirganini anglatib qo'yishni istagandir.

BBC: O'zbekistondagi vaziyat haqida berilayotgan tahlillarda Karimovdan keyin turli guruhlar hokimiyat uchun kurashni boshlab yuborishlari mumkinligi aytilganini ko'rdik. Qudrat talashish boshlanib ketmasligi uchun O'zbekistonning boshqaruvi kimning qo'lida ekanini tezroq ko'rsatib qo'yishga harakat qilingan bo'lishi mumkinmi?

Alisher Ilhomov: Men bunday deb o'ylamayman. Balki ular men yuqorida aytganimdek, konstitutsion ma'yorlar borasida bir qarorga kelmagandirlar. Yoki bu mamlakatda erkin saylovlarga umid qilayotganlarga "bu yerda men xo'jayinman, turli xil fikrlar ilgari surilishiga yo'l qo'yilmaydi" degan mujdani berishdir. Bu nutq chindan ham O'zbekistonni endi kim boshqaradi, vaziyatni kim nazorat qilayapti, mamlakat qaysi yo'nalishda harakatlanadi, degan noaniqlikka ochiqlik kiritgan nutq bo'ldi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring