Ришод Собиров: ‘Ютуқларини кўриб, йиғладим’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rishod Sobirov: "Yutuqlarini ko'rib, yig'ladim"

Dzyudo bo'yicha ketma-ket uch karra Yozgi Olimpiada O'yinlarining sovrindori sifatida tarixga kirgan va dunyoning eng nomdor dzyudochilaridan biri bo'lgan Rishod Sobirov o'zbekistonlik paralimpiyachilarning Rioda qayd etgan rekord natijalariga xuddi ana shunday baho berdi.

O'zbekistonlik paralimpiyachi dzyudochilar Rioda rekord natija qayd etishdi: 3 ta oltini doxil ja'mi 10 ta medalini qo'lga kiritib, dzyudo bo'yicha medallar jadvalida bu yilgi Yozgi Paralimpiya O'yinlarining qolgan barcha ishtirokchi davlatlarini ortda qoldirib, birinchi o'rinni egallashdi.

"To'g'risini aytsam, xursandchiligimning umuman cheki yo'q. Ko'rib, ko'zlarimdan yosh chiqib ketdi. Yig'ladim. Mana, Rio Olimpiadasida bizlar erisholmadik shu natijaga, bokschilarimiz erishishdi... O'zimiz ham ketishlaridan oldin uchrashib, ularni ruhan tayyorlab, natijalarni bokschilardan ham yaxshi qilib kelishlaringizni kutib qolamiz, deb kuzatgandik", - deydi Rishod Sobirov BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

O'zbekistonlik bokschilar esa, Rioda qo'lga kiritgan medallarining soni bo'yicha Kuba doxil qolgan barcha ishtirokchi davlatlarni ortda qoldirib, medallar jadvalida birinchi o'rinni egallashgan.

O'tgan olti Yozgi Olimpiada O'yinlarida kuzatilmagan bir darajada O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi Rioda eng ko'p medallarini (shu jumladan, oltinlarini ham) boks sport turida qo'lga kiritgandi.

Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari yakuniga kelib, O'zbekiston 206 ishtirokchi davlat orasidan hisobidagi ja'mi 13 ta medali bilan medallar jadvalida 21-o'rinni egallagan. Bu medallardan 3 ta oltini doxil 7 tasi bokschilari hisobiga to'g'ri kelgandi.

Ta'kidlash joiz, Rio Paralimpiadasida bo'lgani kabi Paralimpiya O'yinlarida ham terma jamoa hisobiga ilk medalni ham dzyudochilari keltirishgan.

O'zbekiston shu paytgacha Yozgi Olimpiada va Paralimpiada O'yinlarida qo'lga kiritgan ja'mi 54 ta medalidan 23 tasi bugunga kelib aynan dzyudochilari hisobiga to'g'ri keladi.

Rio Paralimpiadasida esa, O'zbekistonni rekord sondagi - erkagu ayol ja'mi 11 nafar dzyudochisi namoyon etgandi.

Rio Paralimpiadasi va dzyudochilar

Image copyright Reuters

7 sentyabr kuni rasman ochilgan XV Rio Yozgi Paralimpiada O'yinlarida paralimpiyachi dzyudochilari O'zbekiston hisobiga eng ko'p medal keltirgan sportchilari ham bo'lib turishibdi.

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi O'yinlarning dastlabki olti kunida ja'mi 24 ta medal qo'lga kiritgan bo'lsa, shundan 10 tasi dzyudochilari hissasiga to'g'ri keladi.

Ustiga ustak, O'zbekiston hisobidagi oltita oltin medalning teng yarmini ham dzyudochilari olishgan. Bundan tashqari, terma jamoaga O'yinlarning bitta kumush va oltita bronza medallarini ham keltirishgan.

Riodagisi O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi ishtirok etayotgan uchinchi Yozgi Paralimpiada bo'lsa, jamoa shu paytgacha qo'lga kiritgan yagona kumush medalini ham dzyudochisi Sharif Xalilov 2012 yilgi London O'yinlarida olgan.

"Kutgandim. To'g'risi, bolalardan 7 ta oltin medali kutgandim. Chunki ularning har biri biz bilan birga terma jamoada mashq qilib yurgan bolalar-da. Men paralimpiyachi dzyudochilardan medallar kutgandim. Chunki ularga ishonardim", - deydi Rishod Sobirov.

O'yinlarda O'zbekistonni rekord sondagi - ja'mi 32 nafar paralimpiyachisi namoyon etmoqda.

Ular Rio Paralimpiadasi sovrinli o'rinlari uchun kurashlarini 17 sentyabr kuniga qadar davom etdirishadi.

Rio Paralimpiya O'yinlarining o'zi esa, 18 sentyabrga qadar davom etadi.

"Toshkentda rekordchi dzyudochilarni qanday qarshi olmoqchisiz", degan savolimizga: "O'h-huuu...gapirmang, gapirmang...ularning har biriga bittadan zarli to'n, bittadan gul... aeroportdan chiqishlari bilan o'zimni ularning ustlariga otaman-da", - deya javob berarkan, nomdor dzyudochi suhbatdoshimiz o'z quvonchlarini yashira olmaydi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring