Turkmanistonda prezident muddati uzaytirildi

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Image copyright AFP Getty

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov mamlakat konstitutsiyasidagi prezident yoshiga nisbatan qo'yilgan cheklovni olib tashlagan va prezident vakolatining muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirgan.

Bundan oldin Turkmaniston konstitutsiyasida prezident lavozimidagi insonning yoshi 70 dan oshmasligi lozimligi belgilab qo'yilgan edi.

Endi bu borada hech qanday cheklov bo'lmaydi.

Mamlakat konstitutsiyasiga o'zgartirishlar Turkmanistondagi oqsoqollar kengashi va parlament tomonidan tasdiqlangan.

Prezident Berdimuhamedov konstitutsiyaga o'zgartirishlarni zudlik bilan ma'qulladi va o'zgarishlar kuchga kirgan.

57 yoshli Gurbanguli Berdimuhamedov 2006 yili dekabrida hokimiyatga kelgan edi.

Turkmanistonni 1991 yildan buyon boshqarib kelgan Saparmurod Niyozov to'satdan vafot etib qoldi.

Gurbanguli Berdimuhamedovning ilk qadamlari Turkmanistonda tez orada siyosiy islohotlar boshlanishiga umidlarni uyg'otgan edi.

Bunga janob Berdimuhamedovning mamlakat poytaxti Ashxobodda o'rnatilgan marhum Turkmanboshining quyoshga qarab aylanib turadigan oltin haykalini shahar markazidan olib tashlashga, Saparmurod Niyozov imzolagan qator qarorlarni bekor qilishga buyruq bergani sabab bo'ldi.

Xususan, Turkmanboshi o'zining, onasi va boshqa afsonaviy jonzodlarning nomi bilan atagan yil oylari va hafta kunlari nomlari bekor qilinib, eskilari qaytarildi.

Prezident Berdimuhamedov 10 yillik maktab ta'limiga qaytishga farmon berdi.

Image copyright AFP

Turkmanboshi hukmronligi yillarida maktabdagi o'qish yillari qisqartirilgan, bu esa xorijda bilim olishga xalaqit qilardi.

Shuningdek, Turkmanboshi mamlakatda pensiyani bekor qilgan, qishloq shifoxonalari va kutubxonalarini yopgan, opera va baletni taqiqlagan edi.

Marhum Turkmanboshining bu farmonlari ham bekor qilindi.

Saparmurod Niyozov davrida Turkmanistonda Internet deyarli to'sib qo'yilgan, Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov esa ommaga mo'ljallangan bir necha Internet-kafelarni ochishga buyruq berdi.

Biroq vaqt o'tishi bilan aksar kuzatuvchilar Prezident Berdimuhamedovning boshqaruvi marhum Turkmanboshinikidan kam farq qiladi, degan xulosaga keldilar.

Ikkisining ham qo'lida mutlaq hokimiyat jamlangan.

2012 yili Turkmanistonda prezidentlik saylovi o'tkazildi.

Bu saylovda janob Berdimuhamedov saylovchilarning 97 foizdan ortig'i ovozini qo'lga kiritib g'alaba qozongani e'lon qilindi.

Bu prezidentlik saylovida Gurbanguli Berdimuhamedovga raqib sifatida yetti nomzod ro'yxatga olingan, ammo nomzodlarning barchasi o'z saylovoldi kampaniyasi davomida janob Berdimuhamedovning siyosatini to'la qo'llab-quvvatlashlarini aytganlar.

Turkmanistonda yangi konstitutsiyaning qabul qilinishi Gurbanguli Berdimuhamedovga umrbod prezidentlik uchun yo'l ochadi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring