Rio-2016: 32 sportchi va 30 ta medal

Aleksandr Svechnikov Image copyright Getty Images

O'yinlarning yettinchi kuniga kelib, O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi hisobidagi medallarning soni 30 taga yetdi.

O'zbekistonlik paralimpiyachilar 14 sentyabr kuni yana oltita: bitta oltin, ikkita kumush va uchta bronza medalini qo'lga kiritishdi.

Bu medallarni O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi hisobiga yengil atletikachilari Safiya Burxonova, Aleksandr Svechnikov, Husniddin Norbekov, suzuvchilari Muzaffar Tursunxo'jaev, Muslima Odilova va Shohsanamxon Toshpo'latovalar keltirishdi.

Aleksandr Svechnikov esa, 65.69 metrlik natija bilan nayza irg'itish bahslarida Yozgi Paralimpiya O'yinlarining rekordini yangiladi va O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi hisobiga 7-oltin medalini keltirdi.

O'yinlarning 8-kuniga kelib, O'zbekiston hisobidagi 7 ta oltini doxil ja'mi 30 ta medali bilan ishtirokchi sovrindor 71 davlat orasidan medallar jadvalida 12-o'rinni egallab turibdi.

Yadro irg'itish bahslarida Rio Paralimpiadasining oltin medalini qo'lga kiritish barobarida jahon rekordini ham yangilagan Husniddin Norbekov esa, kecha chorshanba kuni O'yinlarning bronza medalini ham qo'lga kiritdi.

Image copyright Getty Images

Muslima Odilova kechagi yutug'i ortidan hisobidagi kumush medallarining sonini ikkitaga yetkazgan bo'lsa, Muzaffar Tursunxo'jaev va Shohsanamxon Toshpo'latovalar yana bittadan bronza medalilik bo'lishdi.

Bir tomondan, O'zbekistonni Rio Paralimpiya O'yinlarida rekord sondagi - ja'mi 32 ta sportchisi namoyon etmoqda.

Ammo, boshqa tarafdan, bu 32 nafar sportchi Rio Paralimpiadasining 58 ta yo'llanmasini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lishgan.

O'yinlarning ettinchi kuniga kelib, allaqachon medallarining soni bo'yicha Markaziy Osiyoda eng zo'r, sobiq Ittifoq va Osiyo qit'asida ikkinchi eng yaxshi natijani qayd etib turgan O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi medallar uchun kurashini hali 17 sentyabr kuniga qadar davom etdiradi.

7(8) sentyabr kuni rasman ochilgan XV Rio Yozgi Paralimpiya O'yinlari 18 sentyabr kuni yopiladi.

Mintaqa va sobiq Ittifoq

Image copyright Getty Images

Rio Paralimpiadasida Markaziy Osiyo mintaqasini O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston va Tojikiston namoyon etishmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan medallar jadvalida O'zbekistondan keyin eng yaxshi natija qayd etib turgan (50-o'rin) Qozog'istonning hisobida bitta oltin va bitta kumush medali bor.

O'zbekiston bilan birga qo'lga kiritgan medallarining soni bo'yicha ilg'orlik qilayotgan Ukraina esa, medallar jadvalida hanuz 3-o'rinni egallab turibdi.

Ukraina Paralimpiya terma jamoasi 31 ta oltini doxil O'yinlarning 81 ta medalini olishga muvaffaq bo'lgan.

Belarus esa, hisobidagi 8 ta medali bilan medallar jadvalida 15-o'rin, Latviya 2 ta oltini doxil 3 ta medali bilan 37-o'rin, Ozarbayjon 1 ta oltini doxil 9 ta medali bilan 38-o'rin, Litva 2 ta medali bilan 50-o'rin va Gurjiston 1 ta medali bilan 54-o'rinni egallab turibdi.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, O'yinlarning dastlabki yetti kunida qo'lga kiritgan medallarining soni bo'yicha O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi Rio Olimpiadasida tarixiy natija qayd o'zbekistonlik olimpiyachilarni ham ortda qoldirib ketishdi.

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi shu yil avgust oyida bo'lib o'tgan XXXI Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining 4 ta oltini doxil ja'mi 13 medalini qo'lga kiritishgandi.

Rio Olimpiadasida bokschilari jamoa hisobiga eng ko'p - 7 ta medal keltirib, o'ziga xos rekord o'rnatgan bo'lishsa, dzyudochilari Paralimpiya O'yinlarining 10 medalini qo'lga kiritib, bu borada ham ular qayd etgan tarixiy natijani yanada yaxshilashga muvaffaq bo'lishdi.

Medallar jadvali peshqadami hisobidagi medallarning soni esa, 172 ta etdi. Shundan 75 tasi oltin bo'ladi.

Jadvalda eng quyi(71) o'rinni egallab turgan Shri-Lanka hisobida esa, O'yinlarning bitta bronza medali bor.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring