Gulnoraga bog'liq mashmasha davom etmoqda

Teliasonera Image copyright Getty Images

Reuters agentligining xabar qilishicha, AQSh va Hollandiya hukumatlari Telia AB Company (sobiq Teliasonera) aloqa shirkatiga uning 2007 yil O'zbekiston mobil bozoriga kirish bilan bog'liq ishini yechish uchun 1,4 milliard dollar tovon puli to'lashni taklif qilgan.

Telia Company shirkati direktorlar kengashi raisi Mari Erling: "Oldin aytganimdek, Telia shirkatining O'zbekistonga kirishi noaxloqiy va qonunga xilof tarzda yuz bergan. Va biz buning uchun mas'uliyatni to'liq o'z zimmamizga olishga tayyormiz", degan muxbirlarga.

Shu bilan birga Erling xonim aytilayotgan to'lovning juda kattaligini qayd etgan.

Uning bildirishicha, shirkat bu boradagi ichki muhokamalaridan so'ng, hukumat bilan munozaralar olib borishga kirishishi mumkin.

2012 yil kuzida Hollandiya, Shveytsariya, AQSh va Shvetsiya hukumatlari telekommunikatsiya bozorida O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova nomi bilan bog'liq shubhali oldi-berdilarga taaluqli tekshiruvlarni boshlagan edilar.

2015 yil martida Korruptsiya va uyushgan jinoyatchilik bo'yicha markaz o'zining O'zbekistonga bog'liq hisobotini e'lon qilgan.

Image copyright Getty Images

Unga binoan, Gulnora Karimova O'zbekistonda ma'lum muddat telekommunikatsion sohani to'liq o'z nazoratiga olgan. Va buning ortidan O'zbekistonda biznes olib borish istagida bo'lgan jahondagi bir necha yirik mobil aloqa operatorlaridan pora olgan.

Korruptsiya va uyushgan jinoyatchilik bo'yicha markaz (OCCRP) qo'lga kiritgan ma'lumotlarga qaraganda, TeliaSonera shirkati Gulnora Karimovaga tegishli shirkatga 381 million dollar to'lagan va yana 75 million dollar va'da qilgan.

Bundan tashqari ushbu shirkat Vimpelcom va Alfa Telecom shirkatlaridan 176 million AQSh dollari miqdorida pora olgan, MTS bergan summa 350 million dollarni tashkil qilgani keltirilgan. Hisobotga ko'ra, Gulnora Karimova bu shirkatlar hisobidan 980 million dollarga ega bo'lgan.

Hollandiya prokurorlari ta'kidlashlaricha, asosiy qarorgohi Hollandiyada joylashgan Vimpelcom shirkatining sho''ba korxonasi bo'lgan Unitel va TeliaSoneraga tegishli Ucell shirkatlari O'zbekistonda mobil aloqa lizentsiyasini olish evaziga Gulnora Karimova va uning yaqinlariga bir necha yil davomida pora berib kelganlar.

2015 yil AQSh hukumati bu uch shirkat ishtirok etgan o'zbek ishi bo'yicha Irlandiya, Belgiya, Lyuksemburg, Shvetsiya va Shveytsariya banklaridagi jami 1 milliard dollar mablag'ni muzlatishni so'ragan. Bu pullarning bir qismi Bank of New York Mellon bankining Irlandiya, Lyuksemburg va Belgiyadagi bo'limlarida ochilgan hisoblarda saqlangan.

Shuningdek, o'tgan yil AQSh Adliya vazirligi Hollandiyaning VimpelCom shirkati va uning o'zbek hamkori Unitel O'zbek hukumatining yuqori lavozimli amaldoriga 2006-2012 yillarda katta miqdorda pora berganini tan olganini bildirgan. Vimpelsom O'zbekistonda Bilayn brendi ostida amal qiladi.

Nyu Yorkning Janubiy okrugi prokuraturasi VimpelCom shirkati korruptsiya ayblovlari bo'yicha 795 mln dollar miqdorda jarimani to'lashga rozi bo'lganini fevral oyida ma'lum qilgandi.

O'zbekiston tomoni ushbu shirkatlarga bog'liq moliyaviy jinoyatlar uchun javobgarlar mamlakatda allaqachon jazoga tortilganini aytib, mablag'larni O'zbekistonga qaytarishga bel bog'lagan.

Image copyright Getty Images
Image caption Rustam Madumarov va Gayane Avakyan

Jumladan, Karimova xonimning fuqaroviy eri Rustam Madumarov va "o'ng qo'li" deb bilingan Gayane Avakyan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, O'zbekistonda qamoq jazosini o'tamoqda. Gulnora Karimovaning o'zi qaerda ekani aniq emas. Shu paytgacha u uy qamog'ida deb ishonilgan.

2016 yil yanvarida O'zbekiston Adliya vazirligi Nyu York federal mahkamasiga xat yo'llab O'zbek tomoni xorij banklarida Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar nomiga ofshor hisoblarda ochilgan, ayni paytda muzlatilgan pullarni qaytarib olish niyatini bildirgani ma'lum bo'ldi.

Prezident Islom Karimov vafotidan so'ng O'zbekiston hukumatining Gulnora Karimova nomi bilan bog'liq xorijdagi muzlatilgan pullarni orqaga qaytarish bo'yicha rejasi qandayligi noma'lum qolmoqda.

Ayni paytda Gulnora mashmashasi orqasidan 2012 yil hukumatdan chetlatilgan Axborot-telekommunikatsiya vaziri Abdulla Oripov muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan qayta o'z lavozimga tayinlangan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring