Toshkent: militsiya ishga tushdi

Chekish Image copyright PA

O'zbekiston poytaxtidan olingan xabarlarga ko'ra, huquq-tartibot xodimlari jamoat joylarida tamaki chekkanlarni rostmana jarimaga tortishni boshlashgan.

Xabarlarga ko'ra, mazkur holat chekuvchilar o'zlarini ham hayratga solmay qo'ymagan.

Jarimaga tortilgan chekuvchilardan biri to'lov kvitantsiyasini ijtimoiy tarmoqqa qo'yishga ham ulgurgan.

Agar, "Norma.uz" axborot-huquqiy portali xabariga tayanilsa, chekuvchilarga qarshi reyd o'tgan dam olish kunlarida Toshkentning Mirobod tumanida o'tkazilgan.

Jamoat joyida tamaki chekkanligi uchun tuman dehqon ("Risoviy") bozori hududida bir necha kishi rasman jarimaga tortilgan.

Ularning aksariyati chekishga qarshi kurash to'g'risidagi qonundan xabarlari borligini aytishgan.

Ammo huquq-tartibot idoralari tomonidan amaliy chora ko'rilgani holatiga ilk bor duch kelayotganliklarini e'tirof etishgan.

Tuzatish

Jamoat joylarida tamaki chekkanlarga qarshi bu kabi jazo chorasi birinchi marta o'tgan yili Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi Kodeksga kiritilgan.

Hujjat 29 dekabr kuni O'zbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov tomonidan imzolangan va oradan kun o'tib, kuchga kirgan.

Mazkur hujjatda jamoat joylarida tamaki mahsulotlari iste'mol qilganlarga qarshi eng kam ish haqining uchdan biri - ya'ni 43 ming so'm miqdorida jarima ko'zda tutilgan.

Ish joylari, tibbiyot va sog'lomlashtirish muassasalari, shuningdek, maktab, kollej va universitetlar hududlari, yong'in chiqish xavfi bo'lgan joylar, shu jumladan, yoqilg'i quyish shoxobchalari va boshqa jamoat joylari, bunga qo'shimcha, jamoat transportining barcha turlarida tamaki mahsulotlari iste'mol qilinishiga yo'l qo'yilmasligi aytilgandi.

Bunga faqat tamaki chekishga ajratilgan maxsus joylardagina ruxsat berilishi alohida ta'kidlab o'tilgandi.

O'z navbatida, yangi qoida nos chekishni ham ko'zda tutishi xabar qilingandi.

Ichish ham bundan mustasno emas

Image copyright PA

O'tgan yil yakunida kuchga kirgan mazkur hujjat loyihasidan jamoat joylarida alkogol mahsulotlari iste'mol qilganlik uchun ham ma'muriy jarimalar miqdori oshirilishi ma'lum bo'lgandi.

Ko'chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog'larda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida spitrli ichimlik ichish - eng kam ish haqining teng yarmi miqdorida jarima solishga sabab bo'lishi aytilgan.

Agar, xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo'llanilanidan keyin bir yil ichida qayta sodir etilsa, bu - eng kam ish haqining teng yarmidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olinishga sabab bo'lishi qo'shimcha qilingandi.

So'nggi yangilik ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida ham aks-sado bermay qolmagan.

Ayrim internet foydalanuvchilari jarimaga tortishdan avval mas'ullar chekish uchun maxsus joylar tashkil etib qo'yishlari lozimligini ta'kidlashgan.

Boshqa biri esa, agar, O'zbekiston aholisining chorak foizi chekuvchi bo'lsa, jarimadan tushajak pulning ham kattagina bo'lishini taxmin qilgan.

O'z o'rnida, internet foydalanuvchilari orasida, "Agar, militsiya xodimlarining o'zi jamoatchilik joylarida tamaki chekishsa, ularni kim jarimaga tortadi?", - deb qiziqqanlari ham oz bo'lmagan.

Umumiyatla olganda esa, ularning aksariyati bu qadamni xush qarshilashgan.

Qonunlar

O'zbekistonda jamoat joylarida tamaki chekishni taqiqlovchi qonun 2012 yilda qabul qilingan.

Ammo, ayon bo'lishicha, mazkur qonunda jazo choralari aniq belgilab qo'yilmagani bois, u orada kechgan vaqt davomida amalda samarasiz bo'lib kelgan.

Londonda - butun Buyuk Britaniyada bo'lgani kabi, jamoat joylarida chekish 2007 yildan beri taqiqlangan.

Bu qonunni buzganlarning ham jarimaga tortilishi ko'zda tutilgan, biroq aholi asosan "o'z-o'zini tiyish" asosida bu qonunga bo'ysunadi.

Rost, bu borada favqulodda hodisalar ham yuz bergan.

Jumladan, bir tungi klubda sobiq bokschi Jeyms Oebola bir mijozga chekishdan tiyilishni talab qilganida, mijoz unga qarata o'q uzgan va bokschi natijada jon bergan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring