Shavkat Mirziyoev Jizzax hokimini almashtirdi

Shavkat Mirziyoev Image copyright Reuters

So'nggi yangilik shaxsan O'zbekiston muvaqqat prezidenti boshchiligida bo'lib o'tgani aytilayotgan Jizzax shahar Kengashi deputatlari va faollarining navbatdan tashqari sessiyasi ortidan o'rtaga chiqqan.

Bugun kun avvalida Shavkat Mirziyoevning kutilmaganda Jizzaxga jo'nab ketganligi xabari olingan, ammo safari sababi va maqsadi noma'lumligicha qolayotgandi.

Mirziyoev ishda yo'l qo'ygan xato va kamchiliklari uchun Jizzax shahar hokimi Asror Qobilovni o'z vazifasidan ozod qilgan.

Uning o'rniga ilgari Toshkent shahar hokimi bo'lib ishlagan Abduqahhor To'xtaev tayinlangan.

Bundan tashqari yana bir necha tuman hokimlari va viloyat prokurori ishdan olingan.

Jizzax viloyatining yangi prokurori etib 5 yillik muddatga Shohmuhammadbek Muhamadjonov tayin etilgan.

Bu haqda O'zbekiston Bosh prokuraturasi rasman o'z web sahifasida xabar bergan.

Bungacha Jizzax viloyati prokurori bo'lib ishlab kelgan Shuhrat Akbarovning ham keyingi taqdiriga oid xabarlar hozircha yo'q.

So'nggi o'zgarishlar

Image copyright COURTESY

Boshqa tomondan, Jizzax viloyatidagi so'nggi o'zgarishlar bu yilgi paxta-yig'im terimi kampaniyasi endi boshlangan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

Bu - O'zbekiston muvaqqat prezidenti sifatida Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning mamlakat viloyatlariga qilgan ilk safari bo'ladi.

Agar, rasmiy tarjimai holidagi ma'lumotlarga tayanilsa, Jizzax - Shavkat Mirziyoev tug'ilib, o'sgan viloyat bo'ladi.

Uning tashrifi munosabati bilan Jizzaxda xavfsizlik choralarining favqulodda kuchaytirilganiga oid xabarlar olinmoqda.

Boshqa tomondan, O'zbekiston muvaqqat prezidentining Jizzaxga safari va shahar hokimini o'zgartirganiga oid xabar uning nomzodi O'zLiDeP partiyasi siyosiy kengashi tomonidan prezident sayloviga ilgari surilgan bir kunda kuzatilmoqda.

O'zbekiston prezident saylovining o'zi esa, rasman 4 dekabrga belgilangan.

Xuddi shu bois ham, Shavkat Mirziyoevning Jizzaxga safarini uning ilk saylovoldi kampaniyasi sifatida baholayotganlar ham yo'q emas.

Kuzatuvchilar Muvaqqat Prezidentning kadrlar siyosatida o'ta faolligiga ham e'tibor tortishmoqda.

Bosh vazir Senat tomonidan O'zbekiston muvaqqat prezidenti etib e'lon qilinishidan bor-yo'g'i bir haftacha o'tib, Vazirlar Mahkamasi tarkibini o'zgartirgan, bundan oldin vazir lavozimidan bo'shatilgan kishilarni yana hukumatga olib kirgan.

Image copyright COURTESY

Birinchi o'rinbosari Rustam Azimovni Moliya vaziri - Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o'zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, ta'lim va fan masalalari majmuasi rahbari etib tayinlagan. Bundan oldin bu majmua tarkibida ta'lim va fan yo'q edi.

Bularning barchasi esa, 59 yoshli muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning kadrlar siyosatiga oid ilk qarorlari bo'ladi.

Jizzax

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Bosh vaziri etib tayinlanmasidan avval Toshkentning Mirzo Ulug'bek tumani va Samarqand viloyatlari qatorida, muayyan muddat Jizzax viloyatiga ham hokimlik qilgan.

Jizzax - O'zbekistonning markazida joylashgan viloyat bo'ladi.

Agar, imkonli bo'lgan ayrim ma'lumotlarga tayanilsa, bu viloyat aholisining soni hozirda bir million kishidan ortadi.

Ya'ni, O'zbekiston aholisining qariyb 5 foizi Jizzax viloyatida istiqomat qiladi.

Jizzax viloyatining iqtisodi asosan qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan.

Viloyatda asosan paxta va g'alla mahsulotlari yetishtiriladi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring