Prezident saylovi: Shavkat Mirziyoev birinchi nomzod

O'zbekiston Image copyright COURTESY

O'zbekiston muvaqqat prezidentining nomzodini O'zLiDeP partiyasi siyosiy kengashi a'zolari ilgari surishgan.

Ta'kidlash joiz, Shavkat Mirziyoev O'zbekistonda faoliyatda bo'lgan siyosiy partiya tomonidan nomzodi prezident sayloviga rasman ilgari surilgan birinchi nomzod bo'lgan.

Mavjud qonunchilikka muvofiq, Shavkat Mirziyoevning nomzodi endi partiya s'ezdida tasdiqdan o'tishi lozim bo'ladi.

Shundan so'ng, uning prezident sayloviga rasman nomzod ekaniga oid lozim hujjatlar O'zbekiston Markaziy Saylov hay'atiga topshiriladi.

Xabarlarga ko'ra, 4 dekabrga belgilangan saylovga qadar Shavkat Mirziyoev O'zbekiston muvaqqat prezidenti bo'lib qolaveradi.

Janob Mirziyoevning birinchi o'rinbosari, Moliya vaziri Rustam Azimov ham prezident Islom Karimovning ehtimoliy merosxo'rlaridan biri sifatida ko'rib kelingan.

Karimov hayotdaligida o'zining ehtimoliy merosxo'riga ochiq ishora qilmagan.

Ikkinchi nomzod

"Milliy Tiklanish" partiyasi esa, prezident sayloviga o'z nomzodini ilgari surgan O'zbekistondagi ikkinchi siyosiy partiya bo'lgan.

Partiya plenar yig'ini yakunida lideri Sarvar Otamurodovni o'z nomzodi o'laroq e'lon qilgan.

Sarvar Otamurodov O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari ham sanaladi.

O'zbekistondagi siyosiy partiyalarning prezident sayloviga o'z nomzodlarini ilgari surish jarayoni rasman bugun - 16 sentyabrdan boshlangan.

Bu haqda O'zbekiston Markaziy Saylov Hay'ati o'zining Facebook dagi sahifasida ma'lum qilgan.

Ayon bo'lishicha, bunga O'zbekistondagi to'rtta siyosiy partiyagina haqli bo'lishadi.

O'zbekistonda rasman to'rtta: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zLiDeP, O'zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va O'zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi faoliyat yuritadi.

Bu partiyalar orada kechgan vaqt davomida aksariyat kuzatuvchilar tomonidan marhum prezident Islom Karimovning siyosatini dastaklaganlikda tanqid qilib kelinishgan.

Islom Karimov so'nggi 25 yil ichida O'zbekistonni boshqarib kelgan yagona davlat rahbari bo'lgan.

O'zbekiston muvaqqat prezidenti

Image copyright COURTESY

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev 2004 yilda asos solingan O'zLiDeP partiyasi siyosiy kengashi tarkibiga kirib, 2005 yil 28 yanvar va 2010 yil 27 yanvarda xuddi shu partiya tomonidan hukumat rahbarligiga tavsiya qilingan va nomzodi tasdiqlangan.

O'zbekiston tarixida birinchi marta uning nomzodi davlat rahbari emas, parlament saylovida g'alaba qozongan siyosiy harakat - O'zLiDeP partiyasi tomonidan ilgari surilgan.

8 sentyabrda O'zbekiston Senati tomonidan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O'zbekiston muvaqqat prezidenti etib tayinlangan edi.

Senat o'zining xuddi shu qarori manzarasida Markaziy Saylov komissiyasiga prezident saylovi o'tkazishni tavsiya qilgan, ammo buning aniq qancha muddatda amalga oshirilishi xususida to'xtalib o'tmagandi.

O'zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo'shma majlisi prezident Islom Karimov vafotidan olti kun o'tib bo'lib o'tgan.

Majlis bilan bog'liq rasmiy xabarda aytilishicha, Shavkat Mirziyoev nomzodini Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshevning o'zi taklif qilgan.

O'zbekiston konstitutsiyasining 96-moddasida esa, marhum prezidentning vakolatlari vaqtincha Senat raisiga o'tishi va shundan so'ng, kelasi uch oy ichida prezident saylovlari chaqirilishi ko'zda tutilgan.

Ammo, xabarlarga ko'ra, Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan o'z ixtiyori bilan voz kechgan.

Shavkat Mirziyoevning muvaqqat prezidentlik barobarida O'zbekiston Bosh vazirligi faoliyatini ham davom etdirishi-etdirmasligi hozircha ma'lum emas.

Shavkat Mirziyoevning vaqtinchalik prezident etib tayinlanishi ijtimoiy tarmoqlarda keng bahsu-munozaralarga sabab bo'ldi.

Prezident saylovi

Saylov O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to'satdan vafoti sabab, mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq o'tkazilmoqda.

Islom Karimov 2 sentyabr kuni 78 yoshida hayotdan ko'z yumgan va oradan kun o'tib, ona shahri Samarqandda dafn etilgandi.

O'zbekiston prezident saylovi esa, joriy yilning 4 dekabr kuni bo'lib o'tadi.

Bu haqda O'zbekiston Markaziy Saylov hay'ati 9 sentyabr kuni rasman e'lon qilgan.

Shuningdek, Markaziy Saylov komissiyasi majlisida prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik va uni o'tkazish bo'yicha dasturni tasdiqlagan.

"Saylov to'g'risida"gi qonunchilikka muvofiq, nomzodlarni rasman ro'yxatga olish jarayoni 30 sentyabrda boshlanadi va 20 oktyabrgacha davom etadi.

Bu haqda 12 sentyabr kuni O'zbekiston Markaziy Saylov hay'ati raisi Ulug'bek Abdusalomov rasman ma'lum qilgandi.

Agar, hay'atning so'nggi ma'muotlariga tayanilsa, O'zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etajak 21 milliondan ortiq saylovchi qayd etilgan. 14 ta saylov okrugi tashkil qilingan.

Saylovlarga tayyorgarlik va uni o'tkazishga bog'liq barcha tadbirlar Markaziy Saylov Komissiyasi zimmasiga yuklatilgan.

Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmatiga ko'ra, O'zbekiston prezidenti saylovini yoritish bo'yicha mahalliy va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o'tkaziladi.

Jurnalistlar akkreditatsiyadan o'tish uchun 1 dekabrga qadar O'zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo'yicha Respublika matbuot markaziga o'z hujjatlarini taqdim etishlari lozimligi aytilgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring