Qirg'iziston: O'zbekistonsiz harbiy mashqlar

Harbiy mashqlar Image copyright RIA NOVOSTI

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlarning yirik qo'shma aksilterror mashqlari Xitoy, Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston harbiylari ishtirokida boshlandi.

"Tinchlik missiyasi-2016"ga ikki mingga yaqin harbiy xizmatchi, yuzlab jangovar texnika va o'nlab qiruvchi uchoqlar jalb etilgan.

Qirg'izistonning Issiq-Ko'l mintaqasidagi "Edelveys" harbiy poligonida boshlangan harbiy-o'quv mashg'ulotlari 15-21 sentyabr kunlari oralig'ida bo'lib o'tadi.

Ta'kidlash joiz, bu - Qirg'izistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotining "Tinchlik missiyasi" qo'shma aksilterror mashqlariga ilk bor mezbonlik qilishi bo'ladi.

Tashkilotning bu yilgi harbiy-o'quv mashg'ulotlari ham qo'shni Afg'onistondagi vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan bir paytga to'g'ri kelmoqda.

Qo'shni Afg'oniston

Image copyright AP

Ayniqsa, so'nggi oylarda Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyga bevosita chegaradosh viloyatlari toliblar va boshqa xorijiy jangarilarning ustma-ust hujumlariga sahna bo'layotgani kuzatiladi.

Bundan tashqari, oxirgi paytlarda bu yerlarda IShID jangarilari ham faollashishga muvaffaq bo'lishgan.

Yaqinda Afg'onistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatidan IShID ning viloyat uchun tayin etgan hokimi qo'lga olingani va uning guruh faoliyatini yoyish istagida bo'lganiga oid xabarlar ham olingandi.

Ta'kidlash joiz, Tolibon bilan hamkorlikda Tojikistonga bevosita qo'shni Qunduz va Badaxshon viloyatlarida amalga oshirgan yirik hujumlari manzarasida ham o'tgan bir yarim yil ichida IShIDning Afg'oniston shimoli va shimoli-sharqida o'z hokimlarini tayin etganiga oid biror bir holat kuzatilmagandi.

Mavjud vaziyat mintaqada shaxsan Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stum boshchiligi ostida ketma-ket yirik harbiy amaliyotlar o'tkazilishiga ham sabab bo'lmoqda.

So'nggi yillarda shundoqqina biqinida vujudga kelgan bu kabi vaziyatdan Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zo barcha davlatlar qatorida O'zbekiston ham jiddiy xavotir bildirib keladi.

Mintaqa va xavotirlar

Image copyright AFP

Xuddi ana shu ustma-ust va oshkora xavotirlari manzarasida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining bu yilgi "Tinchlik missiyasi-2016"ga qadar ham mintaqa davlatlari yakka holda va birgalikda qator yirik harbiy o'quv-mashg'ulotlar o'tkazishga tushib qolishgan.

Ayniqsa, Tojikiston oxirgi paytlarda Afg'oniston bilan bevosita chegaradosh mintaqalarida Rossiya harbiylari bilan hamkorlikda bu kabi mashqlarga zo'r bergan.

O'z o'rnida eslatib o'tish joiz, kattayu kichik minbarlardan izhor etib kelayotgan jiddiy xavotirlariga qaramay, O'zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkilotining so'nggi yillarda Qozog'iston va Tojikiston mezbonlik qilgan qo'shma aksilterror harbiy mashqlarida ham ishtirok etmagan.

Aksariyat mintaqa davlatlariniki bilan qiyoslanganda, O'zbekistonning o'z harbiylari va jangovar texnikasi ishtirokida o'tkazayotgan harbiy o'quv-mashg'ulotlari soni va ko'lamida ham u qadar favquloddalik kuzatilmaydi.

Boshqa tomondan, Issiq-Ko'ldagi "Tinchlik missiyasi-2016", ayniqsa, ziddiyatli chegara hududlari yuzasidan O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi aloqalar anchayin tang bir vaziyatga to'g'ri kelgan.

Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov vafotidan ikki hafta o'tib boshlangan.

Ammo, Rossiyaning Afg'onistondagi maxsus vakili Zamir Kabulovning kuni-kecha bayon qilishicha, prezident Karimovning o'limi O'zbekiston va uning atrofidagi harbiy-siyosiy vaziyatga salbiy ta'sir qilmaydi.

Uning aytishicha, prezident Karimov vafoti ortidan, ekstremistlar O'zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarishga urinib ko'rishlariga oid ayrim xavotirlar ham bo'lgan.

Lekin, janob Kabulovga ko'ra, "Ular buning uddasidan chiqa olishmaydi" va "Vaziyat O'zbekiston rahbariyati nazorati ostidadir".

"Tinchlik missiyasi"

Image copyright Getty Images

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti tarixidagi eng yirik qo'shma aksilterror mashqlari Xitoy mezbonlik qilgan 2014 yildagisiga to'g'ri keladi.

Bu harbiy-o'quv mashg'ulotlarida Xitoy, Rossiya, Qirg'iziston, Qozog'iston va Tojikistondan 7000 harbiy va yirik sondagi harbiy texnika jalb qilingan.

Bu - Natoga muqobili sifatida qo'riluvchi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining G'arbga o'z kuch-qudratini ko'z-ko'z qilish harakati sifatida ham talqin etilgandi.

Ammo bu mashqlarda ham O'zbekiston harbiylarining ishtirok etmaganliklari aytiladi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining uch a'zosi: O'zbekiston, Tojikiston va Xitoy, yillarki, qurolli nizolar ichida bo'lgan Afg'onistonga bevosita chegaradosh.

Tashkilot G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan Afg'onistondagi xavfsizlik bilan bog'liq vaziyatning keskin yomonlashishi va giyohvand moddalar kontrabandasining kuchayishidan jiddiy tashvishda.

O'z xavotirlari manzarasida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o'zining yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan so'nggi oliymaqom yig'inida ham Afg'oniston masalasida faolroq rol o'ynash istagini qayta bayon qilgan.

Ammo bu ishni qayta tariqa amalga oshirish rejasida ekani tafsilotlari borasida ko'p narsa ma'lum emas.

Rasmiy Pekin va Kreml allaqachon Afg'onistonga qo'shin yuborishlari ehtimolini nazardan soqit etib chiqishgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Afg'onistondagi qayta tiklash ishlariga ko'proq bosh qo'shish masalasiga ko'proq e'tibor qaratishini bildirgan.

Ammo Rossiya bilan bir qatorda Shanxay Hamkorlik Tashkilotida yirik o'rin tutuvchi qudratli Xitoy o'tgan yili afg'on mojarosiga yangi diplomatik vositachi bo'lish istagi bilan chiqqan, bu borada milliardlab dollarlik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ham izhor etgan.

Hozircha biror bir samarasiz yakunlangan esa-da, orada afg'on mojarosida muhim o'rin tutuvchi Afg'oniston Tolibon harakati bilan tinchlik muzokaralarini jonlantirishga urinib ko'rgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring