Mirziyoev "Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonunni imzoladi

Militsiya Image copyright Getty Images
Image caption Faollarga ko'ra, ichki ishlar organlari haqidagi qonunning yo'qligi xizmat vakolatlarini suiste'mol qilgan va qiynoq qo'llagan xodimlarni mahkamaga tortishni qiyinlashtirib kelgan

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 sentyabrda "Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonunni imzolagan.

Qonun loyihasi 12 avgustda Oliy Majlis qonunchilik palatasida, 24 avgustda Senat tomonidan ma'qullangan edi.

"Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonun Prezident tomonidan tasdiqlanganidan 6 oy o'tib, kuchga kirishi aytilgan.

Qonun loyihasi 2016 boshida prezident Karimov huquq-tartibot idoralari faoliyatini qattiq tanqid qilishi ortidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan va parlamentning quyi palatasi-Oliy Majlisga taqdim etilgandi.

Qonun ichki ishlar organlarining tizim va tuzilmasi, ularning vakolat hamda majburiyatlari, xodimlarga talablar, shuningdek, ichki ishlar xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasini aniq belgilab berishi bildirilgan.

"Ichki ishlar idoralari xodimlari o'z faoliyati davomida O'zbekiston Konstitutsiyasi, "Ichki ishlar organlari to'g'risida" qonun va boshqa qonunchilik aktlariga rioya etishlari shart. Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat majburiyatlarini bajarishda o'zlarining noqonuniy harakatlarini oqlash uchun xizmat manfaatlarini ro'kach qilishi, iqtisodiy manfaat ko'rishi, noqonuniy talab qo'yishi, mansabdor shaxslarning qonunga xilof buyruq va ko'rsatmalarini bajarishlari mumkin emas", deyiladi unda.

Qonun shuningdek, inson sha'ni va g'ururini poymol qiluvchi har qanday zo'ravonlik, tajovuz va boshqa turli harakat va usullarni qo'llashni ichki ishlar xodimiga taqiqlaydi. Ko'rsatilishicha, Ichki ishlar vazirligi bevosita Prezidentga, ayrim masalalar bo'yicha Vazirlar Mahkamasiga bo'ysunadi. Ichki ishlar vaziri bosh vazir tavsiyasiga binoan Prezident tomonidan tasdiqlanadi va Prezident tomonidan vazifasidan ozod etiladi.

Qonunda militsiya nomi o'zgarishsiz qoldirilgan. Ilgari militsiyani politsiyaga o'zgartirish borasida farazlar bildirilgandi.

Shu tariqa O'zbekiston sobiq sho'ro davlatlari orasida militsiya haqidagi qonunni qabul qilgan eng so'nggi davlat bo'lgan.

Bunga qadar O'zbekiston militsiyasi 1990 yilda qabul qilingan Nizom asosida ishlab kelayotgandi.

Huquq himoyachilari mamlakatda inson haqlari eng ko'p militsiya tomonidan poymol etilishini aytib, yillar davomida ularning vakolat va majburiyatlarini aniq belgilab beruvchi maxsus qonunni qabul qilishga chaqirib kelganlar.

Faollarga ko'ra, ichki ishlar organlari haqidagi qonunning yo'qligi xizmat vakolatlarini suiste'mol qilgan va qiynoq qo'llagan xodimlarni mahkamaga tortishni qiyinlashtirib kelgan.

Toshkentlik huquq faoli Sur'at Ikromov bunday qonun allaqachonlar kerak edi, deydi BBCga. Uning so'zlariga ko'ra, militsiya xodimlarining o'zlari ham hatto ko'p marotaba tizimdagi qonunsizlikdan aziyat chekkanliklarini aytishgan.

2013 yilning 25 dekabrida O'zbekistonda qiynoqlarni taqiqlovchi "Tezkor qidiruv faoliyati to'g'risida"gi qonun kuchga kirgan, ammo kuzatuvchilarga ko'ra, o'tgan vaqt mobaynida qiynoqlar kamaygani kuzatilmaydi.

Mahalliy inson haqlari faollarining aytishlaricha, ichki ishlar organlari to'g'risidagi qonunning kuchga kirishi ham amaliyotda qonun ustivorligini qanchalik ta'minlashi savol ostida.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring