O'zbekiston OXHTga saylovga taklifnoma yubordi

Image copyright KUN.UZ

O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va Inson huquqlari byurosiga taklifnoma yuborib 4 dekabrga mo'ljallangan prezidentlik saylovini xalqaro kuzatuvchi sifatida kuzatishga chaqirgan.

O'zbekistonni 27 yil mobaynida boshqarib kelgan Islom Karimovning 2 sentyabr kuni miyaga qon quyilish oqibatida hayotdan ko'z yumgani xabar qilindi.

Mamlakat konstitutsiyasiga binoan, prezident o'z vazifa va vakolatlarini ado etolmay qolganda, uning vazifa va vakolatlari O'zbekiston parlamenti yuqori palatasi - Senat raisiga o'tishi lozim va uch oy ichida prezidentlik saylovi o'tkazilishi talab etiladi.

Ammo 8 sentyabr kuni bo'lib o'tgan Oliy Majlis qo'shma majlisida Senat raisi Nig'matilla Yo'ldoshev vaqtincha prezident vazifasini zimmasiga olishdan o'z ixtiyori bilan voz kechgani xabar qilindi.

"Qo'shma majlis davomida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo'ldoshev O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoevning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlaridagi ko'p yillik tajribasini, aholi o'rtasidagi hurmat-e'tiborini inobatga olgan holda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligi to'g'risidagi taklif bilan murojaat qildi. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.T.Yo'ldoshevning mazkur taklifi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan ma'qullanganligi ma'lumot uchun qabul qilindi", deyiladi rasmiy xabarda.

2016 yilning 4 dekabri kuni O'zbekiston prezidentligi saylovini o'tkazishga qaror qilindi.

16 sentyabr kunidan mamlakatda ro'yxatdan o'tgan partiyalarga o'z nomzodlarini ilgari surish boshlangani xabar qilindi.

O'zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning nomzodini prezidentlikka ilgari surgan.

Milliy Tiklanish" partiyasi Sarvar Otamurodov nomzodini, Xalq demokratik partiyasi Hotamjon Ketmonov, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi Narimon Umarov nomzodini ilgari surishganini ma'lum qildilar.

2015 yil 29 mart kuni O'zbekistonda prezidentlik saylovi bo'lib o'tgan, o'sha saylovda Hotamjon Ketmonov va Narimon Umarov marhum prezident Islom Karimovga muqobil nomzodlar sifatida davraga chiqqan edilar.

Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi biror parlament va prezidentlik saylovini erkin saylo deb tan olmagan, 2015 yildagi prezidentlik saylovini ham haqiqiy muxolifatga ishtirok etishi uchun izn berilmagan shaffof bo'lmagan saylov deb ta'riflagan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.