Шаҳрам Гиясов: ‘Уларнинг ютуғи – бизнинг ютуғимиз’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Shahram Giyasov: 'Ularning yutug'i - bizning yutug'imiz'

Rio Yozgi Paralimpiadasida tarixiy yutuqqa erishgan o'zbekistonlik bokschilardan biri bo'lgan Shahram Giyasov paralimpiyachilarning Braziliyada qayd etgan rekord natijalariga ana shunday baho berdi.

"Hozir natijalarini internetdan, televizordan ko'rib borayapmiz. Ko'rib, bizlar ham judayam xursand bo'ldik. Duolarimizni olib ketib...mana shu xalqimiz ularni duo qilib turibdi. Mana shunaqa natijalarini ko'rsatishganidan butun O'zbekistonimiz ulardan minnatdor, butun O'zbekiston ularga rahmatini aytayapti. 32 kishi borib, 30 tadan ortiq medallar olishdi: birinchi, ikkinchi, uchinchi o'rinlar. Biz bundan judayam xursandmiz", - deydi boks bo'yicha Rio Yozgi Olimpiadasining kumush medali sovrindori bo'lgan Shahram Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

O'zbekistonlik bokschilarning o'zlari esa, Rio Olimpiadasining 7 ta medalini qo'lga kiritib, Kuba doxil qolgan barcha ishtirokchi davlatlarni ortda qoldirib, medallar jadvalida birinchi o'rinni egallashgan.

O'tgan olti Yozgi Olimpiada O'yinlarida kuzatilmagan bir darajada O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi Rioda eng ko'p medallarini (shu jumladan, oltinlarini ham) boks sport turida qo'lga kiritgandi.

Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari yakuniga kelib, O'zbekiston 206 ishtirokchi davlat orasidan hisobidagi ja'mi 13 ta medali bilan medallar jadvalida 21-o'rinni egallagan.

O'zbekiston O'yinlarda 100 dan ortiq sportchisi bilan ishtirok etgan Qozog'istonni ham bir o'ringa ortda qoldirib ketgan.

Osiyoda esa, O'zbekiston Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin to'rtinchi o'rinni egallagandi.

Image copyright Reuters

Rio Yozgi Olimpiadasida o'zining bokschilik mahorati bilan ko'pchilikning mehrini qozongan bu bokschi O'yinlar arafasida Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga bergan suhbatida o'zbekistonlik paralimpiyachilarga o'zlaridan-da ko'ra yaxshiroq natija ko'rsatishlarini tilab qolgandi.

"Ketishlaridan oldin, "Shahram aka, Fazliddin aka, Hasanboy aka, bizni bir duo qilib qo'ying. Bizlar ham sizlardek bir rekord qo'yib, O'zbekistonimizga, mustaqillik bayramiga medallar olib kelsak", deb yonimizga kelishganida, ularning ko'zlaridagi shunaqa bir quvonch, shunaqa bir ishonchni ko'rib, ularning bizlardan ko'ra yaxshiroq natija ko'rsatishlarini sezgandim. Bizdan-da ko'ra yaxshiroq jahon rekordlarini o'rnatishlariga umid qilgandim va ularni duo qilib qo'ygandik", - deydi Shahram.

Rio Paralimpiadasida esa, o'zbekistonlik paralimpiyachi dzyudochilar rekord natija qayd etishdi.

Ular O'yinlarning 3 ta oltini doxil ja'mi 10 ta medalini qo'lga kiritib, dzyudo bo'yicha medallar jadvalida bu yilgi Yozgi Paralimpiya O'yinlarining qolgan barcha ishtirokchi davlatlarini ortda qoldirib, birinchi o'rinni egallashdi.Rio Yozgi Olimpiadasida o'zining bokschilik mahorati bilan ko'pchilikning mehrini qozongan bu bokschi O'yinlar arafasida Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga bergan suhbatida o'zbekistonlik paralimpiyachilarga o'zlaridan-da ko'ra yaxshiroq natija ko'rsatishlarini tilab qolgandi.

Image copyright Getty Images

Suhbatimiz davomida o'zbekistonlik paralimpiyachi dzyudochilarning Riodagi bu kabi natijalariga baho berarkan, Shahram Giyasov, "Ey-yyy, bizlar shunaqa xursandmizki...Bizlar bir O'zbekistonmiz. Bizlar bir jamoamiz. Ularning yutuqlari - bizning yutug'imiz. Bizning yutug'imiz - ularning yutuqlari", - deydi.

Uning aytishicha, hozir butun jamoa bo'lib, o'zbekistonlik paralimpiyachilarning ortga qaytishlarini kutib o'tirishibdi.

"Xudo xohlasa, ularni o'zimiz kutib olamiz aeroportda. Tayyorgarliklar juda zo'r. Qo'limizdan kelgancha ularni baqirib kutib olamiz", - derkan, suhbatdoshimiz o'zini kulgudan tiya olmaydi.

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasining bugungi rasmiy yopilish marosimi ortidan 21 sentyabr kuni poytaxt Toshkentga qaytishlari kutilmoqda.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.