Rossiya saylovlari: "Edinaya Rossiya" partiyasi yetakchi

Image copyright Reuters

Dastlabki ma'lumotlarga binoan, Rossiyada yakshanba kuni o'tgan parlament saylovlarida "Edinaya Rossiya" partiyasi 54,21 foiz ovoz to'plagan.

Rossiya Markaziy Saylov Komissiyasi xabar qilishicha, partiya bir mandatli 225 okrugning 203 tasida yetakchilik qilmoqda.

Sanab chiqilgan 90 foiz saylov varaqalari bo'yicha Davlat Dumasiga "Edinaya Rossiya", KPRF, LDPR va "Spravedlivaya Rossiya" partiyalari, shuningdek, "Rodina" va "Grajdanskaya platforma" partiyalaridan bittadan vakil kirishi kutiladi.

Davlat Dumasiga saylovlar rekord darajada kam saylovchi ishtirok etgani qayd etilgan. Butun Rossiya bo'ylab 47,93 foiz qayd etilgan.

"Hozirgi natijani past deyish noto'g'ri bo'lsa kerak", deydi Kreml so'zchisi Peskov. "Bu haqiqiy ahvolni, ya'ni saylash jarayonida qatnashadigan siyosiy faol aholini namoyon etadi. Muhimi, albatta natija", deb ta'kidlagan u.

Uning so'zlariga ko'ra, "Edinaya Rossiya" uchun ovoz berganlar aslini olganda Prezident Putin uchun o'z ovozlarini berganlar.

Putin Image copyright AP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham "Edinaya Rossiya"ning g'alabasini xalqning barqarorlikka intilishi, irodasi deya baholagan.

Boshqa partiyalar Dumaga kirishga imkon beruvchi 5 foizlik, davlat tomonidan moliyalashtirishga huquq beruvchi 3 foizli to'siqlarni ham yengib o'ta olmaganlar.

Kasyanov Image copyright Getty Images

Muxolifatdagi Xalq ozodligi partiyasi ("Parnas") rahbari Mixail Kasyanov Dumaga saylovlarda aholining sust ishtirokidan hafsalasi pir bo'lgan, uning fikricha, "bu balki hokimiyatni demokratik yo'l bilan o'zgartirishning oxirgi imkoni" edi va u ham boy berilgan.

Kasyanovning so'zlariga qaraganda, hukumat saylovchilarda boshqa muqobil tanlov yo'qligini ko'rsatib, ulardagi demokratik saylovlarga ishonchni o'ldirdi.

"Rasmiylarning "saylov adolatli, haqqoniy o'tadi", degan va'dalariga qaramasdan, qayd etilgan kamchilik va qonunbuzarliklar hukumat nazorat qilinmaydigan natijadan qo'rqishini isbotladi, deydi u.

Ayni vaqtda parlamentga kirmasligi aniq bo'lgan "Yabloko" partiyasi rahbari Grigoriy Yavlinskiy yakuniy natijaga boshqacha izoh beradi.

Yavlinskiyning ta'kidlashicha, ekzit polda 3 foiz ovoz olgan uning partiyasi natijasi saylov ishtirokchilari uchun nomutanosib sharoit yaratilganini ko'rsatadi.

Bu safargi saylovlar orqasidan Davlat Dumasiga kiradigan partiyalar oldingi saylovda ham ko'p ovoz olgandilar.

Saylovlarning farqli jihati deputatlar so'nggi vaqtda ilk marotaba aralash tartibda: 225 deputat partiya ro'yxati bo'yicha, 225 tasi bir mandatlik okruglardan saylanganlar.

Saylov arafasida mahalliy aholi bilan gaplashgan BBC muxbiri Oleg Boldirevga ko'ra, rossiyaliklarning aksariyati barqarorlik uchun ovoz berishlarini aytganlar.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring