Oq Velsapar: Mahdudlik - dushmanimiz

Muhammad Velsapar

Atoqli turkman yozuvchisi Oq Muhammad Velsapar 60 yoshga to'ldi. O'z yurti Turkmanistonda kitoblari man etilgan bu yozuvchi mana 25 yilki Shvetsiyada yashaydi. Uning "Ko'zoynak ilon", "Aypi rivoyati" va boshqa kitoblari ko'plab tillarga tarjima etilgan. BBC yozuvchi bilan suhbatda bo'ldi.

BBC: Oq Velsapar, sizningcha zamonaviy turkman adabiyotining eng asosiy muammosi nimada?

Oq Velsapar: Turkman adabiyotining eng asosiy masalasi hozirda o'z chegaralangan hadlaridan tashqari chiqmoqdir. Bu nafaqat turkman adabiyotiga, balki butun Markaziy Osiyo adabiyotlariga ham taaluqli - barimiz milliy mahdudlikdan voz kechishimiz lozim. Sababi - turkman, o'zbek, tojik, qozoq, qirg'iz, ozarbayjon adabiyotlari O'rta Osiyo chegarasidan chiqib xalqaro darajasida o'z so'zini aytishga tirishishlari kerak. O'rta Osiyo adabiyotlari qadim adabiyotlar, bizning adabiyotlarda shunday potentsial bor.

BBC: Lekin hozirgi kunda Turkmanistonda, O'zbekistonda, Markaziy Osiyoning boshqa o'lkalarida o'ta avtokratik rejimlar hukm surar ekan, yozuvchilar, sizningcha, nimalar haqida yozishlari kerak?

Oq Velsapar: Mening fikrimcha, hozir O'rta Osiyo adabiyotlari, xususan turkman, o'zbek, tojik, qozoq, qirg'iz, ozarbayjon adabiyotlari shaxsiyatning ozodligini qo'riqlashi kerak. Ulug' darajada, global darajada qo'riqlashi kerak. Agarda bizning adabiyotlarimiz bizning xalqlarimiz, millatlarimizning, har bir insonning shaxsiy ozodligini qo'riqlamas ekanlar, adabiyotlarning o'zlari ham mahdudligicha, cheklanganligicha qolaveradi, o'smaydilar. Agar bizning o'quvchilarimiz ozod bo'lmasa, adabiyotlarimiz ham ozod bo'lmaydi.

BBC: Siz 60 yoshga to'ldingiz. Siz o'zingiz yozuvchi sifatida, ziyoliy sifatida shu yo'nalishda nimalarga qo'l uryapsiz, nimalar qilyapsiz?

Oq Velsapar: Mening birinchi va asosiy ishim - yozuvchi va shaxs sifatida, o'zimning qarashlarimga erishganligimdir. Shu yoshimgacha shuni qo'ridim. Sovet davrida ham, Sovetdan keyingi davrda ham. Biroq bu yetarli emas. Bizning yozuvchilarimiz o'z qardoshlarining, qalamdoshlarining erki uchun kurashishlari lozim. Misol uchun men Shvetsiyaga kelganimdan beri "Kun" degan nashriyot ochdim va u 15 yildan beri qatag'on etilgan turkman yozuvchilarining kitoblarini chiqarmoqda Biz hozirgi paytda O'rta Osiyodagi boshqa adabiyotlardan ham namunalar chop etishga hozirlanmoqdamiz. Agarda qo'shni-qardosh mamlakat qalamdoshlari bir-biriga ko'mak etmasalar, unda bizga ayri-ayrilikda o'z adabiy va grajdanlik ozodliklarimizni saqlash qiyin bo'ladi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring