O'zbek-Qirg'iz chegarasi ochilgan

O'zbek-Qirg'iz chegarasi Image copyright Getty Images

Qirg'iziston Chegara Qo'mitasiga ko'ra, Qirg'iz va O'zbek chegara xizmati vakillari muzokaralari ortidan bahsli O'ng'ortepadan harbiylarini chiqargan.

Buning ortidan, qariyb bir oydan beri qamalda qolgan So'x-Shohimardon yo'li ham ochilgan, chegarada nazorat tekshirish punkti odatiy tartibda ishlay boshlagan, deb xabar beradi BBC monitoring.

Bir necha kun oldin BBC gaplashgan farg'onaliklar Bishkekda boshlangan MDH davlatlari sammiti 18 sentyabrda nihoyasiga etsa, chegara ochilar ekan, deb umid qilishayotganini aytgandilar.

Chegara yopiqligi so'xliklarni qiyin ahvolga solib qo'ygan, dori-darmon, oziq-ovqat bilan muammolar yuzaga kelgan.

Biroq Farg'onalik faol Bahodir Eliboevga ko'ra, chegaraning Rishton tomoni hali ham yopiqligicha qolmoqda. So'x va Rishton aholisi o'zaro bordi-keldida qiynalishyapti.

O'zbekiston bu borada hali munosabat bildirgani yo'q.

22 avgustda O'zbekistonning yetti militsiya xodimi Qirg'iz-O'zbek chegarasidagi bahsli O'ng'ortepa hududiga tikucharda borib qo'ngani xabar berilgandi.

O'zbekiston u yerda retranslyatsion stantsiya xodimlari bo'lgan to'rt Qirg'iz fuqarosini chegarani noqonuniy kesib o'tishda ayblab hibsga olgan. Shuningdek, O'zbekiston Qirg'izistondan hibsga olingan ichki ishlar xodimini ozod qilishni hamda O'zbekiston O'zbekiston Kosonsoy suv ombori deb biladigan, Qirg'iziston esa o'zining Orto-Tokoy suv ombori deb aytadigan suv havzasi atrofidagi to'siqni olishni talab etgan.

O'zbekiston O'ng'ortepani o'zini deb e'lon qilgan.

Qirg'iziston o'z navbatida O'zbekistonni bahsli hududni noqonuniy bosib olishda ayblab qo'shimcha militsiya kuchlarini kiritgandi.

Keyinroq Qirg'iziston O'zbekiston ichki ishlar xodimini qaytargan bo'lsada, O'zbek tomonidan harbiylari chegaradagi tan olinmagan hududda qolayotgan edi.

Muzokaralar natijasida 8 sentyabrda hibsdagi to'rt qirg'iziston fuqarosi qo'yib yuborilgan. Biroq ikki tomondan ham militsiya xodimlari olib ketilmagan.

Shuningdek, 2 sentyabrda ham ikki tikuchar 10-15 daqiqa oralab O'ng'ortog'ga qo'ngani xabar qilingan.

Ma'lumot uchun: O'ng'ortog' tepaligi Qirg'iz-O'zbek chegarasida Jalolobod viloyati Oqsoy tumani hududida joylashgan. Bu maydon bahsli hisoblanib, rasman tasdiqlanmagan. O'ng'ortog' balandligi 1947 metr bo'lib, umumiy maydoni 47 nektarni tashkil etadi.

1969 yil O'ng'ortog'da radioreley stantsiya qurilgan. U "Qirg'iztelekom"ga qarashli bo'lib, telekanallar signallarini tarqatishga mo'ljallangan. Bundan tashqari Qirg'iziston mobil aloqa operatorlari to'lqin kuchaytirgichlari ham o'sha tepalikda joylashgan.

O'zbekiston kuchlari olib chiqilgach, chegarada nazorat tekshirish punkti odatiy tartibda ishlay boshlagan, deb xabar beradi BBC monitoring.

Bu holat qirg'iz ommaviy axborot vositalarining Qirg'iziston bahsli hudud borasida O'zbekiston bilan murosaga kelishi mumkin, degan xabarlar manzarasida kuzatilmoqda.

Ayni paytda O'rtato'qay suv ombori bo'yicha muzokaralar davom etayotgani aytiladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring