O'zbek oltinining taqdiri nima bo'ladi?

Oltin Image copyright Getty Images

Oltin qazib olish va ishlab chiqarish sanoati O'zbekistonda yetakchi sanoatlardan biri sanaladi. Dunyo bo'ylab O'zbekiston oltin qazib olish bo'yicha o'nta mamlakat ichida, sobiq sho'ro davlatlari orasida esa, Rossiyadan keyin ikkinchi o'rindadir. AQShning geologik xizmati chiqargan hisobotga ko'ra, 2015 yili O'zbekistonda 103 tonna oltin ishlab chiqarilgan. Bu miqdor hozirgi kun narxlarida qancha mablag' bo'ladi?

Bu savolga Shvetsiyada istiqomat qilayotgan iqtisodiy masalalar bo'yicha tahlilchi Alisher Taksanov javob berdi.

Taksanov: Yiliga O'zbekistonning oltin ishlab chiqarish quvvati 120 tonnaga mo'ljallangan. Biroq tog'li jinslarning nomukammalligi yoki ba'zi texnik muammolar ta'sirida har yili 100 yo-da 105 tonnagacha oltin ishlab chiqariladi. Bozor narxlari haqida gapirsak, bular Liverpul birjasida shakllanadi va bu kabi likvid ya'ni qadrli tovarlarga narxlar muntazam ravishda o'zgarib turadi. Garchi ikki yil oldin oltin narxlari pasayishi ro'y bergan bo'lsa ham, so'nggi yillarda oltinga narxlarning ko'tarilishi kuzatilyapti. Taxmin qilishimcha, har yili ishlab chiqarilayotgan o'zbek oltinining narxi to'rt milliard dollar atrofida bo'lishi mumkin.

BBC: Iqtisodchi sifatida bu miqdor O'zbekiston byudjetining qaysi qismini tashkil etishini ayta olasizmi?

Taksanov: Odatda mamlakatning oltin-valyuta zahiralari Markaziy bank tomonidan nazorat qilinishi kerak va aynan shu sabab milliy valyuta kursining barqarorligi ham ta'minlanib turadi. Biroq bizda to'rtta valyuta kursi, ya'ni - qora bozor, rasmiy, birja va kliring kurslari mavjud bo'lganligi tufayli oltin milliy valyutani dastaklashda o'ta kam ishtirok etadi deb aytishim mumkin. O'zbek milliy valyutasi nimaga osilib turgani menga ma'lum emas.

BBC: Bunday bo'lishining sababi nimada? Axir, oltin qazib chiqilyapti, uni eksport qilishyapti yoki sotishyapti, o'zbek oltini taqdiri haqida sizga nimalar ma'lum?

Taksanov: Mana qarang, 2014 yili Shveytsariya bojxonasi chop etgan raqamlarga ko'ra, avgust oyining o'zida O'zbekistondan 21 tonna oltinni Shveytsariya import qilgan. Rasman o'zbek tomoni bu raqamlarni hech qanday deklaratsiyada qayd etgani yo'q va ma'lumot oshkor qilgani yo'q. O'zbekiston aholisi o'zbek oltini qaerda va qanday shartlar asosida saqlanayotganidan bexabar. Biroq bu yerda, Shveytsariyada, bu haqda rasman e'lon qilishgan. Tasavvur qiling, bir oy ichida qimmati 800 million frank atrofida bo'lgan 21 tonna oltin O'zbekistondan olib chiqarilgan! Bu miqdor pulli ekvivalent sifatida kimningdir bank hisoblariga borib tushganining ehtimoli ko'proq. Mazkur mablag'larni kim boshqaradi, ularga kim xo'jayinlik qiladi? - Bu ham noma'lum. Shaffoflik umuman yo'q. Demak, O'zbekiston o'z valyuta zahiralarini chet elda saqlaydi, biroq undan qanday istifoda etilayotgani, mamlakatning to'lov balansiga qanday ta'sir qilayotgani, va milliy valyutani qo'llab-quvatlashida qanday rol o'ynaganini mutlaq tushunib bo'lmaydi.

BBC: Siz Shveytsariya va umuman G'arbda o'zbek oltinining taqdirini kuzatib borgan iqtisodiy jurnalist sifatida, bu oltin kimning nomiga qayd etilganini aytishingiz mumkinmi?

Taksanov: Oltin yagona shaxs nomiga tushganining ehtimoli ko'proq deb taxmin qilishim mumkin. Biroq, bunday harakatlar Markaziy bank va hukumat roziligi bilan hamda parlament tasdig'idan o'tib amalga oshirilishi kerak. Bankdagi hisob yuridik shaxs nomiga rasmiylashtirilishi kerak. Lekin, o'ylashimcha, mazkur hisoblar shaxsiy harakatlar orqali muayyan bir shaxs nomiga ochiladi. Ichki doirada sotiladi, sotuvdan tushgan mablag' o'sha shaxs hisobiga o'tkaziladi. Ya'ni, davlat zahiralari chet elda amaldorlarning hisoblarida saqlanishi haqiqatga yaqinroq.

BBC: Oltin zahiralarini saqlash protokoli bormi? Protokolda bu haqda nima deyilgan?

Taksanov: Qonun-qoidaga ko'ra, oltinning bunday miqdori va bu kabi mablag' nazorat ostida bo'lishi shart. Davlat yuridik shaxsni va imzo qo'yish ma'suliyati bo'lgan shaxsni ham tayinlashi lozim. Biroq butun jarayon shaffof bo'lmaganligi tufayli, hisoblar yagona bir shaxs nomida saqlanayotganini gumon qilishimiz mumkin. Davlat bu haqda hisobdor bo'lishi kerak, balki kimgadir hisobot beriladi, biroq, bunisi bizga ma'lum emas. Ya'ni biz o'zbek oltini qanday ishlatilayotganidan, umuman olganda, bexabarmiz.

BBC: Bir necha yil oldin "Kommersant" gazetasida chop etilgan maqolaga ko'ra, marhum prezident Islom Karimov G'arb davlatlarining biriga tashrif bilan kelganida, guyoki u "bo'lajak sarmoyalar uchun kafolatlarni bir necha chemodanda" olib kelganligini aytgan ekan. Ya'ni, bunga o'xshash hodisa ro'y berishi mumkin bo'lganmi?

Taksanov: Ha, bunday bo'lishi mumkin edi, eslatib o'taman, xattoki 1995 yili Karimov chet ellik investorlarni taklif etib, ularning faoliyatlarini kafolatlash uchun u o'zbek oltinining 100 tonnasini G'arb banklarida joylashtirganini rasman e'lon qilgandi. Ya'ni, agar xorijiy shirkatlarning faoliyati muammoga uchrab qolsa, o'zbek oltini ularning sarf etgan pullarini qaytarish uchun kafolatdek xizmat qiladi, degani edi bu. Biroq, bu so'zlarga ishongan juda ko'p xorijiy shirkat kuyib qolgan: Oxus, "Zarafshon -Nyumont" va boshqalar O'zbekistonni tark etishga majbur bo'lganlar. Tabiyki, ularga oltin zahiralaridan hech kim qarzlarini to'lagani yo'q. Menimcha, bu shunchaki tashviqot bo'lgan, pullariga nima bo'lgani ham ma'lum emas. Nazarimda, oltinni davlatdan o'g'irlashgan. "Sarmoya uchun kafolat" bahonasi bilan oltin O'zbekistondan olib chiqarilgan va keyinchalik qanday ishlatilganini hech kim bilmaydi.

BBC: Shveytsariya banklarida bir yoki ikki shaxs nomiga qayd etilgan oltin hisoblari taqdiri endi nima bo'ladi? Ularni O'zbekistonga qaytarish ehtimoli bormi?

Taksanov: Shunday yirik mablag'ga ega bo'lgan shaxs kuchli advokatlardan iborat bo'lgan nufuzli bir guruhni yollashi ehtimoli katta. Ular esa mazkur pullar O'zbekistonga hech qachon qaytib bormasligi va mablag' o'sha shaxsning nomida qolishi uchun o'z kuchini ayamaydi. Bu ochiqdan-ochiq talon-toroj deb bilaman. Boshqa tomondan, O'zbekistondagi butun moliyaviy tizim shaffof bo'lmagani tufayli milliy zahiralar va aktivlar qaerda saqlangani va qanday ishlatilganidan hech kimning xabari yo'q. Hali ancha vaqt, olib chiqilgan oltin miqdori qancha ekanligi, kimning nomida saqlanilayotgani va qanday foydalanayotganini bilmay turamiz. Chunki shubhali sxemalar orqali bu ishlar qilinmoqda, kelajakda agar hokimiyat o'zgarsa va O'zbekistonda iqtisodiy hayotni tiklash uchun mablag' kerak bo'lsa, chigallashgan moliyaviy tizimni reviziya o'tkazishga bel bog'lagan shaxslar izni yo'qotib qo'yishlari mumkin.

BBC: Shu vaqtga qadar, Gulnora Karimovaga tegishli bir milliard dollar muzlatilgan. G'arb bu pullarni O'zbekistonga qaytarishni ep ko'rmaydi, chunki hokimiyatdagilar qaytarilgan pullarni yanada o'zlashtirishadi deb o'ylaydi. Umuman, butun dunyo bo'ylab diktatorlar Shveytsariya kabi mamlakatlarda o'z pullarini saqlashga harakat qiladilar. Kimga qaytarish kerak? Muholifatning bu pullarga egalik qilish uchun qonunan haqqi yo'q. Shuning uchun, Shveytsariya hisoblaridagi pullar shveytsar iqtisodida aylanib, bu mamlakatga foyda olib kelmoqda. Tabiiyki, Shveytsariya bu pullardan osongina voz kechmaydi. O'ylaymanki, kelajakda O'zbekistonda hattoki demokratik kuchlar hokimiyatga kelsa ham, ular bu pullarni qaytarib olishlari o'ta mushkul.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring