"O'ylab gapir, muxbir o'tiribdi..."

Mirziyoev Image copyright Getty Images

O'tgan haftada "Xalq So'zi" va "Narodnoe Slovo" gazetalari qo'shimcha varaqlarni tirkab, ichki ishlar organlari va yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risidagi qonun matnlarini chop qildilar.

O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi bosh vazir Shavkat Mirziyoevning Jizzaxga borib, hokimlar va viloyat prokurorini almashtirishi; prezidentlikka nomzodlar ko'rsatilishi; saylov okruglarini tuzish to'g'risidagi xabarlar, hamda o'zbek paralimpiyachilari yutuqlari sahifalarda keng yoritildi.

Qozog'iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboev tashrifi hafta boshidagi nashrlarning bosh mavzusiga aylandi.

"O'ylab gapir, muxbir o'tiribdi..." (Hurriyat, 14 sentyabr)

"Namangan sadosi" gazetasi muxbiri Orifjon Jo'raev jurnalistlar va rahbarlar orasidagi "allaqanday ko'rinmas devor" haqida fikr yuritadi.

Muxbir jurnalistlarni kirishimli emaslikda ayblashdan qaytarib, ma'lumotsiz rahbarlarni tanqid ostiga oladi. Jo'raev rahbarlar tomonidan jurnalistlarni mensimaslik, hamda jurnalist va rahbar "bitimi" - qo'shib yozish, tanqidiy va maqtov materiallar, maqolalar tayyorlash kabi sarqitlar haqida so'zlaydi. Bir-ikki misol keltirib, jurnalistlarning rahbarlar huzurida "bir piyola choy" ustida "buyurtmachi bo'lib qolishini" tanqid qiladi.

Bir kollejdagi ochiq muloqotda o'quvchi bergan "o'rinsizroq" savoliga direktor - "Bu erda matbuot vakillari o'tirishibdi. Nega o'zingcha bunday savol tashlading, axir, beriladigan savollar oldindan tayyorlab qo'yilgandi-ku?" deb dakki berganini aytib o'tadi. "Maqtalgan rahbar muxbir va muharrirni bir qo'li bilan, tanqid qilingan rahbar esa ikki qo'li bilan quchoq ochib kutib oladi!" deb xulosa qiladi Orifjon Jo'raev, o'zbek muxbirlarni xolislikka chaqirib.

"To'lovlar oshadi" (Jamiyat, 16 sentyabr)

Gaz, suv, elektr energiyasi, hamda, issiq suv ta'minoti va isitish tizimi xizmati narxlarini 1 oktyabrdan oshirilishi har bir fuqaroning e'tiboridan chetda qolmaydi albatta.

Boshqa bir xabarda "O'zbekturizm" Malayziya va Singapurda Zika virusi tarqaganidan ogohlantiradi.

"O'zbekiston Respublikasi Prezidentining FARMONI" (Huquq, 15 sentyabr)

Image copyright AP

Sarlavhadan bosh prokuratura nashri Mirziyoevni go'yo prezident deb talqin qila boshlagan ko'rinadi. Biroq farmonga imzo qo'ygan bosh vazir pastroqda "prezident vazifasini bajaruvchi" deb qayd qilinadi.

Bosh prokurorning yangi o'rinbosari Murotjon Azimov va Surxondaryo viloyatining yangi prokurori Saidov O'ktamjon tarjimai holi chop qilinadi nashrda.

"Mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi yo'lida..." (XXI Asr, 17 sentyabr)

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisida avvalgi prezidentni eslab, keyingi kelayotganiga madhlar aytilganligi kuzatiladi maqolada.

Jumladan, partiya fraktsiyasi a'zosi Klara Jumamuratova shunday degan: "Xo'sh, Prezidentimizning g'oya va tashabbuslarini kelajakda ham og'ishmay amalga oshira oladigan munosib nomzod qanday bo'lishi kerak? Aytish joizki, xalqimizga barcha sohalarda chuqur bilimga ega, mard, Vataniga, xalqiga sodiq, barcha mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga qodir, vatandoshlarimizni yagona maqsad yo'lida jipslashtira oladigan rahbar kerak. Partiyamizdan O'zbekiston Respub¬likasi Prezidentligiga ko'rsatilgan Shavkat Mirziyoevni aynan ana shunday fazilatlarga ega, siyosiy jihatdan yetuk nomzod deb bilaman".

"Birinchi Prezidentimiz yonida yurib, boy tajriba to'plagan, Vatanimiz taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shib kelayotgan, jonkuyar, talabchan safdoshimiz Shavkat Mirziyoev barcha sohadagi islohotlarni izchil davom ettiradi, bunyodkorlik jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqa oladi, deya komil ishonch bilan ayta olaman. Chunki men u kishini 1996 yildan, ya'ni Jizzax viloyatiga hokim bo'lib tayinlanganidan beri yaxshi bilaman. Uning bu hududda amalga oshirgan ishlari to'g'risida soatlab gapirishim mumkin", deb qo'shimcha qilgan Anarboy Eshmatov, O'zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a'zosi, Jizzax viloyati Fermerlari Kengashi rahbari.

"Birinchi prezidentimiz dinimiz rivojiga ulkan hissa qo'shdi" (Qishloq hayoti, 17 sentyabr)

Asli O'zAda chop qilingan maqolada O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur, yaqinda bu foniy dunyoni tark etgan prezident Islom Karimovning mamlakatda din uchun qilgan xizmatlarini sanab o'tadi.

"Birinchi Prezidentimizning ota-bobolarimizdan qolgan azaliy milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas islom ta'limotini o'rganish, diniy marosimlarimizni emin-erkin ado etishni ta'minlash yo'lida qilgan xizmatlarini qancha gapirsak, qancha yod etsak arziydi", deydi shayx.

Toshkent shahriga 2007 yilda Islom madaniyatining poytaxti maqomining berilishi; ikki hayit bayrami kunlarini dam olish kunlari deb e'lon qilinishi; masjidlar va diniy ta'lim muassasalari sonining oshishi; hojilarga "keng imkoniyatlar" yaratilishi; hamda "mo'min-musulmonlar o'z kundalik diniy ibodatlarini bexavotir va emin-erkin ado etish imkoniyatga" ega bo'lishlari prezident Karimov rahnomoligi ostida amalga oshgani aytiladi maqolada.

"Biz diniy xodimlar, imom-xatiblar mustaqillikning 25 yillik tarixi davomida Yurtboshimiz g'amxo'rliklarini his qilgan holda faoliyat yuritganimizni zinhor unutmaymiz", deb qo'shimcha qiladi Abdulaziz Mansur.

Va nihoyat, 17 sentyabr kuni "Postda" gazetasi mamlakat Ichki ishlar vazirligi va boshqarmalaridagi lavozimlarga o'tirgan yangi xodimlar bilan o'z o'quvchilarini tanishtirdi.

◾ BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

◾ TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

◾ Instagram - BBC UZBEK

◾ Twitter - BBC UZBEK

◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK

◾ Facebook - BBC UZBEK

◾ Google+ - BBC UZBEK

◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

◾ Skype - bbcuzbekradio

◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring