Mirziyoev hokimni ishdan oldi, metro qurishni buyurdi

Toshkent Image copyright Facebook
Image caption Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning Yunusobodga kelishi arafasida ko'chalar tozalanib, gullar ekilgan

O'zbekistonda prezidentlik saylovlari o'tishiga hali uch oy muddat bor.

Muvaqqat prezident Mirziyoev qarori bilan Toshkentda yana bir necha mulozim vazifasidan olingan.

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev bu safar Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tuman hokimi Shomansur Ahmedovni ishda yo'l qo'yib kelgan doimiy jiddiy kamchiliklari uchun ishdan bo'shatgan.

Bundan tashqari shu tuman Ichki ishlar boshqarmasi raisi Saidakbar Po'latovni ham shu vaj bilan ozod qilgan.

Muvaqqat prezident Mirzo Ulug'bek tuman prokurori Timur Normuhammedov va Davlat soliq nazorati rahbari Abdurauf Karimovlarni jiddiy ogohlantirgan.

Ushbu kadr o'zgarishlari bir necha kun oldin Jizzax shahar va qator tumanlar hokimlari, prokurorni ishdan olishi ortidan kuzatilmoqda.

Xabarlarga ko'ra, Shavkat Mirziyoev Yunusobod tumaniga tashrif buyurishi oldidan tumanda shoshilinch xavfsizlik choralari ko'rilgan.

Aziaterra sayti yozishicha, Yunusobodning 18 va 19 kvartallarida joylashgan "Stella" restoraniga yaqin ko'p qavatli uyda yashovchilar hurmatli mulozim kelgan paytda ko'chaga chiqqanlari uyi tomonga qo'yilmagan, ichkaridagilar tashqariga chiqarilmagan. Pod'ezdlar oldini militsiya qo'riqlagan.

Saylovoldi tadbirlar?

Mirziyoev mutasaddi idoralarga Yunusobodda metro yo'nalishida ikki stantsiya qurilish ishlarini nihoyasiga yetkazishni topshirgan.

Yunusobodni Mirzo Ulug'bek tumani bilan bog'lovchi yangi yo'l, Bo'zsuv kanali ustidan o'tuvchi ko'prik va boshqa inshootlar qurilishi to'g'risida gaplashgan.

Chilonzor tumanida bo'lgan muvaqqat prezident Bunyodkor va Muqimiy yo'llari kesishuvida qurilishi rejalashtirilgan 600 metrli ko'prik qurilishini muhokama qilgan.

Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyati Angren shahriga ham borishi arafasida yuzlab ishchilar, maktab, kolledj o'quvchilari ko'chalarni tozalaganlar, bozorlarda oziq-ovqat narxlari tushirilgan.

Kuzatuvchilarga ko'ra, Shavkat Mirziyoevning bu harakatlariga uning saylovoldi boshlagan tadbirlari sifatida qarash mumkin.

Feysbuk ijtimoiy tarmog'ida Shavkat Mirziyoevning Yunusobodga tashrifi payti ko'chalarda yuz bergan o'zgarishlar to'g'risida postlar qoldirilgan.

Jumladan, Zarif Sultoniy degan foydalanuvchi shunday yozadi:

"Bor ovozim sizga, Vazirim!

Image copyright Facebook
Image caption Mirziyoev kelishiga Yunusobod ko'chalari obod qilingan

"Bugun tongda ko'chaga chiqib mahallamizni tanimay qoldim. Kechagina atrofi temir panjaralar bilan o'ralgan mashinalar turadigan maydon o'rnida rang-barang gullar ochilib yotibdi. Turar joy binolari, yaqin atrofdagi "Stella" (sobiq "Saraton") restorani devorlari yangi bo'yalgan, bir kun avval tashlandiq holda yotgan sahnda bolalar maydonchasi qurilgan, ko'chalar supurib sidirilgan, yo'llar ozoda, Yunusobod haqiqatda o'z nomi bilan obod bo'lgan, xullas, hayratdan tilim lol, yovvoyi kabutardek hushim boshdan uchdi ketdi, desam ishonavering... Uch yuz yil g'orda uxlab, uyg'ongach g'ordan enib shaharga tushgan Ashobi Kahf singari gangib qolganim ham rost (aslo mubolag'a emas). "O'zbekning qo'li gul"ligiga yana bir bor ishondim. Qoyil! So'z yo'q! Tasannolar!.. Mamlakatning oddiy bir fuqarosi sifatida, yangi Yurt Rahbarining saylanishiga hozirlik ko'rilayotgan shu kunlarda menda JIDDIY bir taklif bor:

Image copyright Facebook
Image caption Yunusobod ko'chalari

"Hurmatli Bosh Vazir janoblari. Sizdan iltimos, saylovgacha bo'lgan uch oylik muddat ichida butun viloyat va tumanlarni bir-bir aylanib chiqsangiz, qadamingiz etgan joy yashillanib, yurtimiz chindan gulistonga aylanardi. Bizni ko'rolmay, "qullar mamlakati" (gastarbayterlar yurti) deb, ayyuhannos solayotganlar, ertaga "gullar mamlakati"ga do'ngan yurtimizni ko'rib damlari ichiga tushib ketsa ajabmas.

Prezidentlik uchun bellashuvga vaqt ketkazib, Ketmonovlar bilan bahslashishni, tashviqot-targ'ibot markazlari tuzib, mablag' va kuch sarflashni, saylovchilar bilan uchrashuvlar o'tkazishni umuman hojati yo'q. Siz shu ishni qiling, Prezident bo'lishingizga mana men kafil. Hatto, kerak bo'lsa, viloyatlarga chiqishingizga ham zarurat qolmaydi. Ishxonangizda o'tirib, falon kuni falon joyga boraman, deyishingizni o'zi kifoya. Joylardagi rahbarlarimiz allaqachon "gullatish va yashnatish" ishining hadisini olishgan, ular bu vazifani chindan ham qoyillatib bajarishadi. Qolaversa, O'ZBEK XALQI QO'LI GUL XALQ! Mana ko'rasiz, shunday qiling, agar Prezident bo'lmasangiz, men... men ota-bobolarim qilmagan ishni qilaman: qanchalik og'ir bo'lmasin, fuqarolik boshpurtimni topshirib, mamlakatdan bosh olib chiqib ketaman. Ishoning, bor ovozim Sizniki! Sizni Hazrati Xizr qo'llasin, Vaziri a'zam!"- deydi u Facebookda.

Ba'zi foydalanuvchilar esa yangi rahbar OVIRni yo'q qilarmikan, degan umidda...

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring