Shavkat Mirziyoyevning ikki kunda ikkinchi farmoni

Шавкат Мирзиёев Image copyright COURTESY

O'zbekiston muvaqqat prezidenti XV Rio Yozgi Paralimpiada O'yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan biri guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlashga farmoyish bergan.

Bu - O'zbekiston Bosh vaziri ham bo'lgan Shavkat Mirziyoyevning paralimpiyachilarni taqdirlash bilan bog'liq o'tgan ikki kun ichida imzolagan ikkinchi farmoni bo'lgan.

Shu hafta chorshanba kuni janob Mirziyoyev ularni marhum prezident Islom Karimov Rioda tarixiy natija qayd etgan olimpiadachilarni taqdirlagan miqdorda pul mukofotlari bilan mukofotlashga qaror qilgan.

O'zbekistonlik XV Rio Yozgi Paralimpiada chempionlarini 200 ming, kumush medali sohiblarini 100 ming va bronza medali sovrindorlarini 75 ming AQSh dollari bilan taqdirlashga farmoyish bergandi.

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi Rioda rekord natija qayd etgan, ja'mi 32 nafar sportchisi 8 ta oltini doxil O'yinlarning 31 ta medalini qo'lga kiritgandi.

G'olib paralimpiyachilarni taqdirlashga bag'ishlangan tantanali rasmiy marosim kecha payshanba kuni poytaxt Toshkentda bo'lib o'tgan, tadbir chog'ida ularning har biriga O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi qoshidagi maxsus jamg'arma tomonidan "Malibu" rusumidagi yengil avtomobillar kalitlari topshirilgani ham ma'lum bo'lgandi.

Image copyright Ўзбекистон Миллий Олимпия қўмитаси

Shavkat Mirziyoyev bu xususdagi farmonini 20 sentyabr kuni - O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi Toshketga qaytajak kun arafasida imzolagandi.

O'zbekiston muvaqqat prezidentining payshanba kungi yangi farmoyishi tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha esa, Rio Paralimpiadasining 8 nafar oltin medali sohibi va rekordchilari "O'zbekiston Iftixori" faxriy unvoni bilan taqdirlanishgan.

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasining suzish, dzyudo va yengil atletika bo'yicha o'nga yaqin murabbiysi "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sport ustozi", maqomini olishgan.

Shu o'rinda eslatib o'tish joiz, o'zbekistonlik paralimpiyachilar Rioda xuddi shu sport turlari bo'yicha O'yinlarning sovrinli o'rinlariga ko'tarilish, jahon va Yozgi Paralimpiada rekordini yangilashga muvaffaq bo'lishgandi.

O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasining qolgan a'zolari va murabbiylari esa, "Do'stlik" ordeni, "Jasorat" va "Shuhrat" medallari bilan taqdirlanishgan.

Dzyudo, yengil atletika va suzish bo'yicha O'zbekiston terma jamoasining to'rt nafari a'zosiga "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan sportchi" faxriy unvonlari ham berilgan.

O'z o'rnida, Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi prezidenti Mirabror Usmanovni ham taqdirlashga qaror qilgan.

O'zbekiston muvaqqat prezidenti janob Usmanovga "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi", faxriy unvonini bergan.

Bu nishon "yoshlarga kasb mahoratini o'rgatishda, mehnatga halol va vijdonan munosabatni, yuksak vatanparvarlik va axloqiy fazilatlarni taribiyalashda alohida xizmat ko'rsatgan xalq xo'jaligi xodimlari va mutaxassislariga beriladi".

Ta'kidlash joiz, O'zbekistonning hozirda marhum prezidenti Islom Karimov ham Rio Olimpiadasi sovrindorlari va ular murabbiylarining bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirlashga farmoyish bergan, ammo ularning orasida Milliy Olimpiya qo'mitasining prezidenti ism-sharifi yo'q edi.

Image copyright Reuters

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, ham Olimpiya va ham Paralimpiya terma jamoasining so'nggi Yozgi O'yinlardagi tarixiy yutuqlari Mirabror Usmanovning O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasiga prezidentligi davriga to'g'ri keladi.

O'zbekiston Futbol Federatsiyasining prezidenti, senator Mirabror Usmanov mamlakat Milliy Olimpiya qo'mitasining 2012 yil 29 dekabr kuni bo'lib o'tgan majlisi ortidan bu lavozimga tayin etilgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari o'shanda O'zbekiston Milliy Olimpiya Qo'mitasi Bosh assambleyasi majlisida Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev ishtirok etganligi haqida xabar berishgandi.

Tahlilchilarga ko'ra, O'zbekiston Olimpiya Qo'mitasi rahbariyatining o'zgartirilishi 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O'yinlarida o'zbek sportchilarining ishtiroki bilan bog'liq bo'lgan, hozirda marhum prezident Islom Karimov London Olimpiadasi natijalaridan qoniqmagan.

London Olimpiadasi o'zbek sportchilari uchun gimnastikachi Luiza Galiulinaning doping tekshiruvidan o'tolmagani noxush xabari bilan boshlangan.

Olimpiadadan uch oy o'tib esa, aynan doping mojarosi sabab, o'zbekistonlik kurashchi Soslan Tigiyevning ham bronza medalini olib qo'yishga qaror qilingandi.

Shundan so'ng o'zbekistonlik sportchilarning XXX London Olimpiadasidagi yutuqlari 1 oltin va 2 bronza medallari bo'lgandi.

Ungacha O'zbekiston Milliy Olimpiya Qo'mitasining prezidenti lavozimini Malik Boboyev egallab kelgan.

Ammo Rio

Biroq Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qilgan so'nggi Yozgi Olimpiada O'yinlarida o'zbek sportchilari tarixiy natijalarga erishdilar.

O'zbekiston shu yilning avgust oyida bo'lib o'tgan O'yinlarda ja'mi 13 ta medal bilan dunyo davlatlari o'rtasida 21-o'rinni egalladi.

Shtanga ko'tarishda esa, rekord o'rnatildi. O'zbek boksi, Rio Olimpiadasi ortidan dunyoda birinchi bo'ldi.

Lekin mamlakatning eng ulkan natija bu shaksiz - Yozgi Paralimpiya O'yinlari bo'ldi.

Qariyb har bir paralimpiyachiga bittadan medal to'g'ri keladi. Qator jahon va Paralimpiada rekordlari yangilandi.

Ayni O'yinlarda o'zbekiistonlik paralimpiyachi dzyudochilar ayni bu sport turida jahonda yetakchilikka erishishdi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз -telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.