Prezident Atambayevni endi Moskvada davolashmoqchi

Image copyright COURTESY

Bu haqda Qirg'iziston prezidenti matbuot xizmati Bi-bi-si Qirg'iz Xizmatiga ma'lum qilgan.

Bundan avval Rossiyaning qator nufuzli axborot agentliklari ham shu xususda yozishgandi.

Prezident Almazbek Atambayevning yuragi 19 sentyabr kuni Istanbulning "Otaturk" aeroportida yomon bo'lib qolgan, qirg'iz rahbari o'shandan buyon Turkiyada, turk shifokorlari nazorati ostida qolayotgandi.

Ayon bo'lishicha, prezident Atambayev 23 sentyabr kuni Moskvaga yetib borgan va Rossiya poytaxtidagi Markaziy klinik kasalxonaga yotqizilgan.

"Mutaxassislarning tavsiyasi va Rossiya tomonining taklifiga muvofiq, Qirg'iziston prezidenti bundan avval ham xasta yuragini tekshirib, davolagan shifokorlar nazorati ostida o'z muolajasini davom etdiradi", - deya bildirgan Qirg'iziston prezidenti matbuot xizmati Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligiga.

O'zini to'satdan noxush his qilgan paytda Qirg'iziston rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok etish uchun Bishkekdan Istanbul orqali Nyu-Yorkka uchayotgan bo'lgandi.

O'shandan buyon prezident Atambayev turk shifokorlari nazorati ostida qolayotgani, Qirg'iziston hay'atiga esa, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayevning boshchilik qilishi aytilgandi.

Ammo prezident Almazbek Atambayevning aynan qayerda ekani borasida rasmiy ma'lumotlar oshkor qilinmagan.

Qirg'iziston prezidenti matbuot xizmati uning Izmir shahridagi "Sheraton" mehmonxonasida qolayotgani yoki Turkiya kasalxonalaridan biriga yotqizilganiga oid turk ommaviy-axborot vositalarining xabarlarini sharhlashdan bosh tortgandi.

Faqat "Almazbek Atambayevning hozir Turkiyada", ekanini bildirish bilan kifoyalangandi, xolos.

Shu hafta seshanba kuni ertalab Qirg'iziston prezidenti matbuot xizmati uning tibbiy tekshiruvdan o'tishi lozim ekani bois, qisqa muddatli ta'tilga chiqishini ma'lum qilgan.

Prezident ta'tilining 1 oktyabrlargacha cho'zilishi mumkinligini ham qo'shimcha qilgandi.

Ammo Almazbek Atambayevning aynan qayerda tibbiy tekshiruvdan o'tishi tafsilotlariga to'xtalmagandi.

Prezident Atambayev

2011 yilda Qirg'iziston prezidenti etib saylangan janob Atambayev 17 sentyabr kuni 60 yoshga kirgan.

O'zining tavallud sanasida Bishkekda MDH davlatlari rahbarlarining yubiley sammitiga mezbonlik ham qilgandi.

3-8 sentyabr kunlari esa, Qirg'izistonda 2-Umumjahon Ko'chmanchilar O'yinlari bo'lib o'tgan.

O'yinlarning rasmiy ochilish marosimi O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning dafn marosimiga to'g'ri kelgan.

Samarqandda bo'lib o'tgan dafn marosimiga Qirg'iziston prezidenti o'z Bosh vazirini yuborgandi.

Bu - Almazbek Atambayevning salomatligi bilan bog'liq ilk xabarlar emas.

So'nggi yillarda turli ommaviy-axborot vositalarida uning Turkiya va Moskvada qizilo'ngachi va tizzasida ham jarrohlik amaliyoti o'tkazganiga oid xabarlar olingan.

Bundan 3 yilcha burun Turkiya Harbiy-tibbiyot akademiyalaridan birida tibbiy tekshiruvdan o'tgani haqida ham yozilgandi.

O'tgan yil oxirlarida janob Atambayevning muolaja-profilaktika maqsadi bilan qisqa muddatli ta'tilini Xitoyda o'tkazib qaytganiga oid xabarlar ham o'rtaga chiqqandi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз -telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.