Shavkat Mirziyoev Sergelidagi ahvol bilan tanishgan

Image copyright Getty Images

O'zbekiston muvaqqat prezidenti Shavkat Mirziyoev yakshanba, 25 sentyabrda Toshkent shahar Sergeli tumanida bo'lgan.

Tashrif davomida tumanda olib borilayotgan qurilish ishlari, aholi turar joy va maishiy ob'ektlarlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bilan tanishgan.

O'zbekiston ommaviy axborot vositalari ushbu tashrifni keng yoritganlar.

Axborot dasturidagi lavhaga ko'ra, vaqtinchalik prezident vazifasini bajarayotgan Bosh vazir aholi uchun ko'p qavatli turar-joy binolarni qurish, kommunal xizmatlarni yaxshilash va bu sohada iqtisodiy samarali usullardan foydalanishga alohida e'tibor qaratgan.

Shavkat Mirziyoev shahar rahbarlari, jamoatchilik vakillari va mutaxassislar bilan uchrashuvda Toshkentni rivojlantirish dasturi doirasida 2017-2022 yillarda Sergelida zamonaviy talablarga javob beruvchi 500 ko'pxonali uylar qurilishi rejalanganini aytgan.

Bundan tashqari poytaxtda istirohat bog'lari, yashil hududlar barpo qilish, metro yo'nalishlari bo'yicha qurilishlarni tezlashtirish, aholining o'sib borayotgan talablarini qondirish, tartibni muhofaza qilish ishlari muhokama qilingan.

Mutasaddi vazirlik va tashkilot vakillari Toshkentda tartibni har tomonlama mustahkamlash uchun pasport-viza rejimiga qattiq amal qilinayotgani to'g'risida hisob berganlar.

Ijtimoiy tarmoqlar

Shavkat Mirziyoevning Sergeliga tashrifi, xususan, shahar rasmiylari bilan uchrashuvida pasport-viza rejimini kuchaytirish to'g'risida so'z borgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni paydo qilgan.

Bir kun avval mahalliy saytlarda Shavkat Mirziyoev tomonidan 23 sentyabrda imzolagan propiska to'g'risida qonunga qo'shimchalar e'lon qilingan.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskada bo'lganlar o'z qarindoshlarini propiskaga qo'yishlari murakkablashtirilgani ko'pchilikni xavotirga solgan.

"O'zbekiston Respublikasining 2011 yil 14 sentyabrdagi qonuni bilan tasdiqlangan "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo'lgan shaxslar - O'zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro'yxati izohi"ga ko'ra,

Ro'yxatning 2, 3, 5, 9-12 bandlariga muvofiq, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilingan fuqarolarning qarindoshlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinmaydi", deb qayd etiladi unda.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ayni paytda o'zlarining qaysi toifaga kirishlarini, bu bandlar o'zlariga taaluqli yoki yo'qligini bahs qilmoqdalar.

Shuningdek, internet faollar o'zlari yashaydigan viloyat va tumanlarga ham muvaqqat prezidentni taklif etib, gaz-suv, elektr energiya bilan muammolarini yozganlar.

Bi-bi-sining Feysbukdagi sahifasida Max Iks niqli foydalanuvchi shunday fikr qoldirgan:

"Propiska" tizimi bu Chor Rossiyasining "krepostnoy huquqi" tizimi asorati ekanini 32 millionli davlatning Prezidenti vazifasini bajarayotgan odam nahotki bilmasa...

P.S.1861 yilgacha Chor Rossiyasidagi rus kambag'allari o'z oilalari bilan (L.N.Tolstoy talqinida "mujik"lar) pomeshchiklarning pomestьesiga "propiska" qilingan. Agar "mujik" pomeshchikning pomestьesidan "vыpiska" qilinmasa boshqa pomeshchikning pomestьesiga "prospiska"ga kirish huquqi bo'lmagan. O'zi yashaydigan pomeshchikning pomestьesidan "vыpiska" qilinmagan "mujik"ni o'z pomestьesiga ishga yollagan pomeshchik qattiq jazoga tortilgan. Shuning uchun rus "mujik"lari o'zlari "propiska" qilingan pomestьeni tashlab ketolmagan. Bu mujiklarning bir yilda bir kun "vыpiska" bo'lish huquqi bo'lishgan. Bu kunni ruslar hozir ham noyabrь oyida "Yurьev denь" deb nishonlashadi. Keyinchalik sobiq SSSR davrida I.V.Stalin "propiska"ni, ya'ni pasport tizimini amaliyotga qaytargan edi", deb yozgan u.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.