"Yangi hukumat qatʼiy iqtisodiy islohot oʻtkazishi kerak"

Image caption "Xalq bank" davlat tijorat banki

Oʻzbekiston Markaziy banki tarqatayotgan xabarlarga koʻra, mamlakatdagi barcha tijorat banklari ustav kapitalining kamida 15 foizlik ulushini xorijiy sarmoyadorlarga sotish maqsadida xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar olib bormoqdalar.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston hukumati aktsiyadorlik shirkatlaridan xorijiy investorlarni jalb qilishni talab qilgan, bu borada bir necha qaror chiqarilgan edi. Qarorlarda mazkur talablarni bajarmagan rahbarlar lavozimidan boʻshatilishi kerakligi taʼkidlangandi.

Oʻzbekistonda 26 tijorat banki faoliyat yuritadi. Ularning uchtasi davlat tasarrufida boʻlib, oʻn bittasi aktsiyadorlik-tijorat, yettitasi xususiy va beshtasi xorijiy moliya ishtirokidagi banklardir. Mahalliy matbuotda bu amal xususiylashtirish jarayonining navbatdagi bosqichi deb taʼriflanmoqda.

Biroq, baʼzi tahlilchilar, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan banklarni qanchalar tijoriy deb atash mumkin, degan savolni qoʻyadilar. Iqtisodiy sharhlovchi Alisher Taksanov ham ana shu tahlilchilardan biridir.

Alisher Taksanov: Darhaqiqat, ularni tijorat banklari deb atash qiyin. Chunki bir tarafdan, ular tujjoriy vazifalarni bajarib, aholi va muasassalar bilan ish olib bormoqdalar. Ular kredit ajratish, xorijiy valyutani sotish va almashish kursini qoʻllab-quvvatlash kabi amaliyotlar bilan band boʻlishlari kerak. Boshqa tarafdan, ular mustaqil tujjoriy siyosat yurgizolmaydilar. Chunki ular hukumat va Markaziy bankning direktivalariga rioya qilishlari lozim. Misol uchun, ular oʻz vaqtida maoshlarni odamlarga berishmaydi, mablagʻlarni naqd pullarga aylantirmaydilar. Odamlarning maoshlarini plastik kartaga oʻtkazganlari bilan bankomatlarning ishlashlariga yordam berishmayapti. Shuning uchun, bu banklarni tijoriy maʼnoda toʻliq mustaqil deb atab boʻlmaydi.

Bi-bi-si: Demak, bu Markaziy bankning soʻnggi yoʻl-yoʻriqlarini amalga oshirish bilan, ular oʻz ichki tijoriy manfaatlaridan kelib chiqmayotganlarini namoyon etadilarmi?

Alisher Taksanov: Odatda, har qanday bank xorijiy sarmoyador kapitalini yo-da chet ellik menedjerni oʻzida saqlashni istaydi. Chunki bu xorijiy moliya institutlari bilan aloqalar qanchalik rivojlanganidan dalolat boʻlishi mumkin. Ikkinchidan, ustav jamgʻarmasiga tashqaridan aktivlarni jalb qilish va pul muomalasi bilan bogʻliq yangi texnologiya va "nou-xau"larni olib kirish uchun ham yaxshi yoʻldir. Soʻzsiz, tijorat banklarining qiziqishi oʻta kuchli boʻlishi mumkin. Biroq, boshqa tomondan, mazkur banklarning haqiqiy qiymati nimada? Hukumatning toʻliq izmida boʻlgan bank oʻziga daromad olib keluvchi vazifalar emas, balki hukumat siyosatinini dastaklashni afzal koʻrishga majburdir.

Bi-bi-si: Xorijiy investorlar-chi? Ularning qiziqishi bormi?

Alisher Taksanov: Nazarimda, chet ellik banklar katta qiziqish koʻrsatmaydi, chunki, istalgan vaqtda hukumat ularning mol-mulkini tortib olib qoʻyib, aktivlarini musodara qilishi mumkin va xorijiy sarmoyadorlar pul aylanmasi ustidan toʻliq nazoratni ushlab turolmaydilar deb oʻylayman. Har xolda, Markaziy bank butun amaliyotni qattiq nazorat qiladi.

Bi-bi-si: Ehtimol, respublikada yangi rahbariyat hokimiyatga kelib, anchadan beri kutilayotgan konvertatsiya arafasida aynan ushbu amallar orqali islohotlarni yoʻlga qoʻymoqchidir, shunday boʻlishi mumkinmi?

Alisher Taksanov: Bunday boʻlishi mumkin. 25 yil mobaynida mamlakatda qattiq va buyruq bilan boshqariladigan iqtisodiyot shakllanib boʻlgan. Bunday iqtisodiy tizim liberalizatsiya yoki bozor iqtisodiyotidan uzoqda turadi. Buni anglab olgan yirik va oʻrtacha investorlar allaqachon Oʻzbekistonda ishlamaydilar. Toki liberallashtirish yuz bermaguncha, xususiy mol-mulkning muhofazasi tasdiqlanmaguncha va yotqizgan mablagʻlar qonunan himoyalanmaguncha, xorijiy investorlar Oʻzbekitsonga qaytib bormaydilar. Agar mazkur ishlar amalga oshirilsa, xorijiy sarmoyadorlar yanada qiziqishib, qaytib kelishsa konvertatsiya yuz berishi mumikn. Xorijiy kapitalni jalb etish uchun yangi hukumat qatʼiy iqtisodiy islohotlar oʻtkazishi kerak.

Bi-bi-si: Asosiy islohotlarni oʻtkazmasdan nima sababdan bunday harakatlarni oldinga surishyapti? Bundan manfaat nimada?

Alisher Taksanov: Baribir qandaydir islohot amalga oshiriladi deb oʻylayman. Chunki oldingi siyosat bilan hozirda yashab boʻlmaydi. Qattiqqoʻl tizim mamlakatni stagnatsiyaga olib borib, aholi orasida ijtimoiy tanglikni kuchaytiradi. Yangi hukumat real ahvolni tushunishi kerak va bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishi lozim. Shuning uchun, balki, direktiv, yaʼni yoʻl -yoʻriqlar orqali bilan boʻlsa ham, banklarga chet ellik sheriklarni topishga ruxsat berilgan.

Bi-bi-si: Nafaqat Gʻarb, balki koʻproq Rossiya va Boltiqboʻyi shirkatlari ham Oʻzbekiston bozorida oʻzlarini chet ellik sarmoyadorlar deya taqdim etishlari mumkin va bu holatni siz qanday sharhlagan boʻlardingiz?

Alisher Taksanov: Nazarimda, bunday aloqalarni oʻrnatishda korruptsion manfaatlarni ham inobaga olish kerak. Misol uchun Oʻzbekistondan kapitalni chet elga olib chiqayotgan shaxslarning tor bir davrasiga xizmat qilayotgan banklarning mavjudligi sir emas. Tashqaridan kelayotgan sarmoyalar niqobi ostida, ehtimol, Oʻzbekistonga muzlatilgan pullarni ham qaytarib berishlari mumkin. Yaʼni, shu orqali oʻzbeklar oʻz pullari bilan oʻzlarini sarmoyalashlari ehtimoli yoʻq emas.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring.