Руфат Рисқиев: ‘Мухлисларимга катта раҳмат’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rufat Risqiyev: ‘Muxlislarimga katta rahmat’

Kuni-kecha oyog'ida jarrohlik amaliyotini o'tkazgan o'zbekistonlik dongdor bokschining kasalxonadan Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, hozir ahvoli ancha yaxshi va og'riqlari ham deyarli bosilgan.

O'zbekistondan dushanba kuni olingan xabarlardan qorason boshlangani sabab, shifokorlar Rufat Risqiyevning bir oyog'ini tizzasidan pastini kesib tashlashga majbur bo'lishgani ayon bo'lgandi.

Ma'lum bo'lishicha, havaskor boksda o'z vazn toifasida sobiq jahon chempioni, Yozgi Olimpiada O'yinlarining ilk sovrindori bo'lgan o'zbekistonlik bu bokschi jarrohlik amaliyotini poytaxt Toshkentdagi 16-kasalxonada o'tkazgan.

"Salomatligimga bildirgan qiziqishlari uchun, avvalambor, muxlislarimga katta rahmat. Mana shu jarrohlik amaliyotidan keyin uch-to'rt kun hammayog'im judayam yomon og'ridi-da...O'rnimdan turolmasdan yotdim. Mana, hozir ikki-uch kundan buyon yaxshi uxlayapman. Og'riq ham oz. Xudo xohlasa, tuzalib ketaman. Shifokorlarga ham rahmat, qo'llaridan kelgan hamma ishni qilishayapti. Hozir og'riq yo'q hisobi", - deydi Rufat aka Risqiyev.

U kishining aytishicha, jarrohlik amaliyoti ham yaxshi o'tgan.

"Shifokorlarga katta rahmat. Ular bo'lishmasa, men nima qilardim", - deydi suhbatdoshimiz.

Rufat aka Risqiyevning aytishicha, o'zining kasalxonada ekani, jarrohlik amaliyotini o'tkazganiga oid xabarni eshitgan kimki bor, hozir yo'qlab, yaxshi tilaklar bildirib ketishayapti.

2 oktyabr kuni 67 yoshni qarshilovchi o'zbekistonlik bu dongdor bokschi hozir nafaqada.

Ammo u kishining aytishicha, oyoqqa turib ketishi bilan, agar, lozim bo'lsa, boks sohasida bundan buyog'iga ham o'z ko'magini ayamaydi.

"Jahonda, Ovro'poda muxlislarim borligidan boshim osmonga yetdi. Men hozir uchib yuribman. Juda xursand bo'ldim. Hammasiga rahmat. Sog'-salomat bo'lishsin. Omad yor bo'lsin. Barchangizga yana bir bor rahmat", - deydi suhbatimiz so'nggida Rufat aka Risqiyev.

Image copyright fergana.ru

O'zbekistonlik taniqli bokschi 75 kg vazn toifasida 1974 yilgi jahon chempioni.

1976 yilgi Monreal Olimpiada O'yinlari kumush medali sovrindori, qator xalqaro turnirlar g'olibi.

Rufat aka, bundan tashqari, Kuba Ochiq chempionatining ikki karra chempioni ham bo'ladi.

Rufat Asadovich Risqiyev 1949 yilning 2 oktyabrida Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Boks bilan shug'ullanishni 14 yoshida boshlagan.

O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini tugatgan.

Taniqli bokschi ringda a'lo darajadagi kurash taktikasini namoyish qilgan.

Har ikkala qo'li bilan ham aniq zarba berishga qodir bo'lgan Rufat Risqiyev aksariyat hollarda o'tkazgan janglarida muddatidan ilgari g'alaba qozongan.

U havaskor bokschilarning 1974 yilda bo'lib o'tgan ilk Ochiq chempionatida ishtirok etish baxtiga muyassar bo'lgan bokschilardan biridir.

Taniqli bokschi AQSh, Avstriya, Bo'lg'oriston, Mojariston, Polsha, sobiq Chexoslovakiya, sobiq Yugoslaviyada o'tkazilgan xalqaro turnirlarda ham ishtirok etib, g'alaba qozongan.

Rufat aka Risqiyev jahon boksi afsonasi marhum Muhammad Ali bilan shaxsan ko'rishish baxtiga muyassar bo'lgan o'zbekistonlik birinchi va yagona bokschi ham bo'ladi.

U kishi SSSRda Xizmat ko'rsatgan sport masteri, "Hurmat Belgisi", "Buyuk xizmatlari uchun" va "El-yurt hurmati" faxriy unvon va ordenlari sovrindori sanaladi.

Rufat aka Risqiyev havaskor ringda o'zining mahorati bilan "Toshkent yo'lbarsi" laqabini qozongan bokschi bo'ladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.