'Руфат акага ҳавас қилиб, шу даражага етдик’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

'Rufat akaga havas qilib, shu darajaga yetdik'

'Bolalar, jamoamiz - hammasi u kishini hurmat qiladi. Hammamiz borib, yonlariga o'tirib, suhbatlarini, yana bir bor qo'llarini olishga harakat qilamiz', - deydi Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining kumush medali sovrindori Shahram Giyasov Rufat aka Risqiyevning hozir kasalxonada ekani, oyog'ida jarrohlik amaliyoti o'tkazganiga oid xabarga munosabat bildirarkan.

O'zbekistondan dushanba kuni olingan xabarlardan qorason boshlangani sabab, toshkentlik shifokorlar o'z davrining eng nomdor bokschilaridan biri bo'lgan Rufat aka Risqiyevning bir oyog'ini tizzasidan pastini kesib tashlashga majbur bo'lishgani ayon bo'lgandi.

Rufat aka Risqiyev esa, O'zbekiston tarixida Yozgi Olimpiada O'yinlarining sovrindori bo'lgan va kumush medalini qo'lga kiritgan birinchi bokschi ham bo'ladi.

Bi-bi-si O'zbek Xizmatining u kishi bilan so'nggi suhbati ham aynan o'zbekistonlik bokschilarning shu yil avgust oyida bo'lib o'tgan Rio Yozgi Olimpiadasidagi shov-shuvli ishtiroki va O'yinlarda qayd etgan tarixiy natijasi haqida bo'lgandi.

O'zbekistonlik bokschilar Rio Olimpiadasida rekord (11 ta) sonda ishtirok etishgan, O'yinlarning ja'mi 7 ta medalini qo'lga kiritib, tarixda ilk bor kimsan Kuba doxil qolgan barcha ishtirokchi davlatlarni ortda qoldirishgan, medallar jadvalida birinchi o'rinni egallab, jahonda eng peshqadam jamoaga aylanishgandi.

O'tgan olti Yozgi Olimpiada O'yinlarida kuzatilmagan bir darajada O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi Rioda eng ko'p medallarini (shu jumladan, oltinlarini (3ta) ham) boks sport turida qo'lga kiritgandi.

Image copyright AFP

Ta'kidlash joiz, Rio Yozgi Olimpiadasida O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi ilk oltin medalini ham aynan boks sport turida qo'lga kiritgan.

-45 kg vazn toifasida bokschisi Hasanboy Do'stmatov O'zbekiston tarixida 16 yil deganda Olimpiada chempioniga aylangan ikkinchi bokschi bo'lgandi.

Rufat aka Risqiyev o'shanda Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida bunaqasi O'zbekiston tarixida halicha bo'lmaganini alohida e'tirof etgan, ularning janglarini sakrab, sakrab turib tomosha qilishgacha borganliklarini yashirmagandi.

"Bizning bokschilarimiz fazoga yetishdi, Gagarin bo'lib ketishdi. Hali yana finalga chiqishi mumkin bo'lgan bokschilar bor. Bu tarixda bo'lmaydigan narsa. Bu yerda hammamiz oyog'imiz yerga tegmay, osmonda yuribmiz", - degandi havaskor boks bo'yicha Monreal Olimpiadasi kumush medali sovrindori bo'lgan suhbatdoshimiz.

Bi-bi-si O'zbek Xizmatiga Toshkent kasalxonasidan turib bergan seshanba kungi suhbat tafsilotlaridan ayon bo'lishicha esa, Rufat aka, hatto, ularni kutib olish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga chiqishni ham rejalagan, ammo o'sha kuni imkonlari bo'lmay, bu niyatlari amalga oshmay qolgan.

"Rufat aka aeroportga chiqaman, deb niyat qilgan ekanlar. Bizning janglarimizni ko'rib, ishqibozlik qilib, xursandchilik bilan tomosha qilgan ekanlar, biz u kishi bilan faxrlanamiz", - deydi, o'z navbatida, Shahram Giyasov.

"Bizlar o'sha kishiga havas qilib, mana shu darajalarga yetdik. Biz shundan xursandmiz. Eslayman, hali yosh edim o'shanda, bir kuni zalimizga kelgan paytlarida menga bir "brelok" berib, "Mana bu senga esdalik sovg'a, sen ham Xudo xohlasa, mendek bo'lasan, mendan ham o'zasan", degandilar. "Ilohim men ham o'sha kishidek bo'lay", deb sovg'alarini olgan edim. Mana, men ham Rio Olimpiadasiga borib, kumush medalini olib keldim...".

"Shu birinchi kelganlarida, "Bolam, o'g'lim, ukam, degan edilar. Mana shu zalda trenirovka qilayapsan, ertalab kelasan, kechasi kelasan, vaqtingni zoyega o'tkazmagin. Kelayapsanmi, demak, o'zingning ustingda ishlab, har bir kuningdan ozgina bo'lsa ham, bir tomchi bo'lsa ham, bir naf olgin. Tomchi, tomchi bo'lib, daryo bo'ladi. Har bir qilgan mehnatingning tagi oltin, rohat bo'ladi, degan gaplari menga katta yordam bo'lib, haligacha ana shu gaplarini eslayman. Ana shu gaplari uchun u kishiga minnatdorchilik bildiraman", - deya suhbatimiz yakunida Rufat aka Risqiyevga o'z tashakkurlarini izhor etadi Rio Yozgi Olimpiadasida o'zining bokschilik mahorati bilan ko'pchilikning mehrini qozongan, tan oldirgan Shahram Giyasov.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз: +44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek ёки BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.