O'zbek iqtisodi "feykonomika"mi?

O'zbekiston sanoati Image copyright Getty Images

Sho'ro davlati qulashidan so'ng Markaziy Osiyo mintaqasi eski tuzumni saqlab qolgan, deb yozadi O'zbekistonlik siyosatshunos Rafael Sattorov.

Yaqinda mintaqa va zamonaviylashtirishga bag'ishlangan maqolasida, hom-ashyo va mehnat zaxiralarining eksporti iqtisodiy islohotlarning zaifligiga turtki bo'lgan degan fikr yangradi.

Mustaqil siyosatshunosga ko'ra, xususiy mulk to'liq kafolatlanmagan o'lkada "feykonomika" - taqlidiy, soxta iqtisod vujudga keladi.

Image copyright Rafael Sattorov
Image caption "O'zbekistonning zamonaviylashtirilishiga xalaqit berayotgan cheklovlarni yo susaytirish kerak, yoki umuman yo'q qilish kerakligini rahbarlar anglab yetganlariga men umid qilaman", deydi siyosatshunos Rafael Sattorov

BBC jizaxlik olim Rafael Sattorovni suhbatga chorladi.

BBC: Aristotelga ko'ra, faqat boylar va kambag'allarga bo'lingan jamiyatda demokratiya yo oligarxiyaning ashaddiy shakllari yo-da hokimiyat tepasiga kelgan zolim shaxslarning despotizm davlat tuzumi o'rnatiladi.

Nima uchun aynan ushbu iqtibosni maqola boshiga qo'ydingiz?

Rafael Sattorov: Ushbu iqtibos post-sovet hududida yuzaga kelgan voqe'likning real ahvolini namoyish etadi. Davlat tuzumining mazkur toifalarini biz barcha sobiq Sho'ro mamlakatlarida ko'rishimiz mumkin. Misol uchun, ta'bir joiz bo'lsa, turli "olomon jo'shqinlari" orqali mol-mulkni qaytadan bo'lish jarayonlari Qirg'izistonda bo'lib o'tgan va hozirda Ukrainada ham bo'lib o'tmoqda. Turkmaniston va Tojikistonda esa biz despotiyaning ashaddiy shaklining vujudga kelishiga guvoh bo'lyapmiz. Oligarxiyaning hukm surishi esa Rossiya va Qozog'istonda ro'y berayotir. Avtoritar davlat tuzumi O'zbekiston va Ozarbayjonlarda shakllanib bo'lgan. Ikki ming yil oldin Aristotelning aytgan so'zlari Sho'ro davlati qulashidan keyin boshlangan transformatsiya jarayonini bugungi kunda juda aniq ifodalaydi. Nazarimda, ushbu iqtibosni har bir davlat rahbari o'z kursisining tepasiga osib qo'yib, ularning siyosati qanday oqibatlarga olib kelishini eslab turishi kerak.

BBC: Iqtisodiy masalalarga e'tibor qaratilgan maqolaning qismiga ko'ra, davlat banklari va muassasalari ishtiroki katta bo'lgan mintaqada davlat qaramog'idagi iqtisodiyot shakllanib bo'lgan. Hattoki bu voqe'likni "feykonomika", ya'ni soxta iqtisod deb atagansiz. O'zbekiston misolida buni qanday tushuntirgan bo'lardingiz?

Rafael Sattorov: "Feykonomika" yoki soxta iqtisod bu bozor iqtisodiyotining mexanizmlarining amalga oshirish imitatsiyasi deb aytsak bo'ladi. Ya'ni, hamma bozor sharoitlariga moslashib ishlayotganday bo'ladi, biroq real xo'jayin kimligini aniq bilamiz va kimning sharofati bilan deylik "muvaffaqiyatli" tadbirkorlar va "cho'ntak" oligarxlar kun ko'rayotganlarini ham anglab olganmiz. "Feykonomika" yo-da soxta iqtisodning birinchi alomati bu - statistik ma'lumotlarni qalbakilashtirib ko'rsatishdir. Sho'rolar davridan qolib ketgan bu udumga biz bugungi kunda ham muntazam rioya qilamiz. Misol uchun, viloyat yoki tuman hokimi keladi-da xususiy tadbirkor deb sanalgan fermerni yugurtiradi va unga bosim o'tkazadi. Yoki bugun omadli deb bilingan tadbirkorni ertasi kuni u kerakli aloqalarni yo'qotgach, yo poraxo'r, yo-da soliq to'lashdan bosh tortgan kimsaga chiqaradi. Aynan bunday misollar "feykonomikaning" yaqqol alomatidir.

BBC: Nazaringizda, yigirma yildan beri faxrlanib kelgan O'zbekiston iqtisodiyotining o'z- o'zini ta'minlay olish xususiyati "feykonomika" tushunchasiga qarshi kelmaydimi?

Rafael Sattorov: Aynan shu haqda bir narsani eslatmoqchiman. Yaqinda ko'zga ko'ringan O'zbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupovning Qozog'iston axborot vositalariga bergan intervyusida aytishicha, turli rasmiylar o'z sanoatini rivojlantirishga qaratilgan importalmashtirish borasida gap yuritganlarida, ular kutgan effekt yuz bermasligini tushunishlari shart. Bu azaldan yutqizilgan holatdir.Tarixan, mamlakatlar importalmashtirish mexanizmini qasddan bila-turib amalga oshirganlari bilan, katta yutuqlarga erisha olganlari ma'lum emas. Bugungi kunda bunday mamlakatlardan Eron o'z ichida har bir narsani ishlab chiqarishga o'rinmoqda, lekin bunday yondashuv faqat mamlakat zahiralarini susaytiradi xolos. Ferrari yoki frantsuz parfyumeriyasini hamma ham chiqarolmaydi. Demak, qaerda kuching bo'lsa, o'sha tovar yoki sohani rivojlantirib mukammallashtirish kerak. "Biz faqat o'z kuchimizga tayanamiz" degan shior ishlamaydi, O'zbekiston xalqaro mehnat taqsimotida ishtirok etishi lozim. Mana Xitoyni olsak, Xitoy o'zini ihotalab qo'ygani yo'q, u yerga olib kelinayotgan asboblarni yig'ish sohasi juda yuqori darajaga yetgan.

BBC: Biroq, O'zbekiston ham yig'ish sohasini rivojlantirmoqda, buning misoli - O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar, shunday emasmi?

Rafael Sattorov: Avtomashinani ishlab chiqarmoqchi bo'lsangiz, bizga boshqa mashinalar keragi yo'q deb aytmaslik kerak. Albatta, malakali ish kuchi, qulay geografik joy, yirik bozorlarga chiqish qobiliyati - bularning bari juda muhim. Biroq hozirgi sharoitda O'zbekistonda biz, iste'molchilar, tanlovdan mahrummiz. Men, masalan, bolaligimdan BMV haydamoqchi edim, lekin uni sotib ololmayman, chunki chet el markalariga katta soliq qo'yilgan va o'zbek mashinalari esa bozorda butkul monopoliyani ushlab turishibdi. Iste'molchilarga esa o'zbek mashinalarini zo'rlab, kuch bilan bo'ynilariga ortishyapti, buning ustiga eksportga belgilangan narxlardan ancha yuqoriroq sotishyapti.

BBC: Maqolangizga ko'ra, har qanday jamiyatning asosiy yetakchi kuchi - bu o'rta sinfdir. Biroq mintaqa, xususan, O'zbekistonda bunday rolni imtiyozsiz tabaqalar o'ynaydi, deb yozgansiz. Bu xulosalaringiz nimaga asoslanadi?

Rafael Sattorov: Bilasizmi Kembridj dorilfununi olimi Alekansandr Etkindga ko'ra, resursga qaram bo'lgan va mehnatga qaram bo'lgan jamiyatlar mavjud. Zahiralarga asoslangan davlatlar oddiy qilib aytganda, o'z boyliklarini eksport qilib, daromad ko'radi. Bunday model yaratuvchi g'oyalarni talab qilmaydi. Neft, gaz, olmoslarni sotish bilan birga aholining ijtimoiy muammolari hal etilmasa, bu tanglikka yo'l qo'yadi. Misol uchun, Saudiya Arabistoni zahiralariga qaram bo'lib qolgan mamlakat. Yaponiya esa, mehnatga qaram davlat bo'lib, ularda tabiiy boyliklar yo'qligi tufayli byudjetning asosiy manbasi - soliqlar bo'lib qoladi. Byudjet defitsitga uchramasligi hamda mudofaa, iqtisod va ijtimoiy sohalardagi ehtiyojlarni qoplashga kerak bo'lgan soliqlar g'aznaga oqib kelishi uchun mamlakat ichida sog'lom iqlim yaratilgan, "kreativ" g'oyalar ustida ish olib borilmoqda. Ya'ni, aholining och-yalang'och qolmasligi va o'qimishli bo'lishi, sarson-sargardon yurmasligi maqsadida, ijtimoiy barqarorlikni ta'minlovchi xarajatlarga uch barobar ko'proq mablag' ajratilmoqda. Zahiralarga qaram bo'lgan mamalkatlarda esa tabiiy boyliklarga narxlar tushgani bilan sotsial noroziliklar paydo bo'lishi mumkin. Xulosam shuki - mehnatga qaram bo'lgan mamlakatlarda aholi - milliy boylik maqomiga ega, zahiralarga qaram bo'lgan o'lkalarda esa aholi - ortiqcha omil, bosh og'riq sifatida ko'riladi.

BBC: O'zbekistonning iqtisodiy potentsiali juda katta deb aytishadi va bu potentsial hamon ham to'la amalga oshirilmagan. Nazaringizda, endi yangi rahbariyat hokimiyatga kelganida, bu potentsialning realizatsiya etilishi uchun imkon paydo bo'ladimi?

Rafael Sattorov: Men umid-ishonch bilan qaramoqchiman. Bilasizmi, nimaga? Rejim qulashi yoki yangi kuchlarning yo tashqaridan, yo-da mamlakat ichidan kelishi kabi xomxayol g'oyalarga zor-intizor bo'lmaslik kerak. Tarixiy hodisalar ko'rsatadiki, har qanday jamiyatning muvaffaqiyatli transformatsiyasi aynan tuzumni ichidan bilgan shaxsning harakatlari tufayli yuz bergan va bermoqda. Mazkur shaxs "eski yo'l bilan rivojlanib bo'lmasligini" anglab olib, o'zgartirishlarni olib keladi. Bunday holat Janubiy Koreya, Singapur, Tayvanda sodir bo'lgan. Xuddi shunday transformatsiya Sharqiy Ovro'po mamlakatlari ichida ham ro'y bermoqda. U yerda hech qanday, deylik "quvg'indagi hukumat" yoki "tashqi muxolif kuchlar" rivojlanishga qo'l urgani yo'q, tuzumning ichidan chiqqan shaxslar va siyosatchilar amalga oshirganlar. O'ylaymanki, O'zbekistonda o'tmishda iqtisodiyotda qo'llanib kelingan qattiqqo'l siyosati, fermerlarni terror qilish kabi harakatlarga chek qo'yiladi. Albatta, bu o'zgarishlarni tez orada kutmasligimiz kerak... "Shok terapiyasi" kabi g'oyalar zehniyatimizga shundoq singib ketganki, odamlarda bu faqat katta qo'rquvlarni uyg'otadi. Jamiyatimiz tashviqot ta'sirida asta-sekinlik bilan ish yuritish kerak, degan tushunchaga o'rganib qolgan. Shu bilan birga, o'zgarishlar siyosatchining shaxsiy omillariga ham bog'liq. Ya'ni iqtisodiy hayotda o'zgarishlarga yo'l ochib berish uchun ma'suliyatni kim o'z zimmasiga oladi? Bugungi kunda ham juda kichik ko'ringan yangi qadamlar qo'yilyapti, bular davom etishiga ishonchim komil. Hozirgi modelni kelasi 20 yilga cho'zdirish - sistemani xaddan tashqari ichidan qizdirib yuborishi xavfi bor. Kamchiliklar ko'payib borib, alal-oqibat chiriy boshlaydi va bunday holat ham mamlakat, ham xalqning tinka-madorini quritib yuboradi. Nazarimda, o'tmishda u yoki bu sabab tufayli keskin o'zgartirishlarga bormagan "yangi-eski" rahbariyatimiz oqibatlarni tushunyapti, deb o'ylayman. O'zbekistonning zamonaviylashtirilishiga xalaqit berayotgan cheklovlarni yo susaytirish kerak, yoki umuman yo'q qilish kerakligini rahbarlar anglab yetganlariga men umid qilaman. Avvalambor, men qishloq xo'jaligidan boshlab, u yerdagi O'zbekiston uchun eng katta xavf bo'lib turgan degradatsiyani (tanazzulni) to'xtatib, ahvolni tuzatishga harakat qilardim.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring