"Prezident Atambaevning ahvoli qoniqarli"

Almazbek Atambaev Image copyright COURTESY

Qirg'iziston prezidenti matbuot xizmatiningrasman bildirishicha, Almazbek Atambaev shu hafta oxirida kasalxonadan chiqishi ham mumkin.

Bir muddat turk shifokorlari nazorati ostida bo'lgan prezident Atambaev o'z muolajasini Moskvada, Rossiya prezidenti ishlari bo'yicha Boshqarmaning markaziy klinik kasalxonasida davom ettirmoqda.

Prezident Almazbek Atambaevning yuragi 19 sentyabr kuni Istanbulning "Otaturk" aeroportida yomon bo'lib qolgan, oradan to'rt kun o'tib, Rossiya poytaxtidagi Markaziy klinik kasalxonaga yotqizilgandi.

O'zini to'satdan noxush his qilgan paytda Qirg'iziston rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok etish uchun Bishkekdan Istanbul orqali Nyu-Yorkka uchayotgan bo'lgandi.

Buning ortidan Qirg'iziston prezidenti matbuot xizmati uning tibbiy tekshiruvdan o'tishi lozim ekani bois, qisqa muddatli ta'tilga chiqishini ma'lum qilgan.

Prezident ta'tilining 1 oktyabrlargacha cho'zilishi mumkinligini ham qo'shimcha qilgandi.

Qirg'iziston prezidentining tibbiy tekshiruvdan o'tishi lozimligi bildirilgan, ammo aynan qaerda ekani tafsilotlari ochiqlanmagandi.

Qirg'iziston prezidenti rasmiy web sahifasidagi so'nggi ma'lumotlardan ayon bo'lishicha, janob Atambaev bundan avval ham yuragini tekshirib, davolagan rossiyalik shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

Prezident Almazbek Atambaevdagi aritmiya (yurak pulsining tez yoki sekin urishi)ni davolash uchun Rossiya Tibbiyot Fanlar Akademiyasi akademigi, professor Amiran Revishvili jalb qilingan.

Hozirga kelib, yurak urishidagi buzilishlar bilan bog'liq muammolar butkul bartaraf etilgan.

Shuningdek, Almazbek Atambaevning qizilo'ngachi ham tekshirilgan.

Rossiyalik shifokorlar Qirg'iziston prezidentining ahvoli ancha o'nglandi, degan xulosaga kelishgan.

2008 yilda qirg'iz rahbarining Turkiyada qizilo'ngachida jarrohlik amaliyoti o'tkazgani, bunga zaharlanish hodisasi sabab bo'lganiga oid xabarlar ham o'rtaga chiqqandi.

Ma'lum bo'lishicha, prezident Almazbek Atambaevni moskvalik mutaxassislar bilan bir qatorda Qirg'iziston Respublikasi va hukumati ishlari bo'yicha Boshqarma klinik kasalxonasining davolash bo'lishi Bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Gulmira Baitova ham davolamoqda.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring