Prezident saylovi: endi nomzodlar rasmiylashtiriladi

Shavkat Mirziyoev Image copyright Reuters

O'zbekistonda amalda bo'lgan "Saylov to'g'risida"gi qonunchilikka muvofiq, prezident sayloviga nomzodlarni rasman ro'yxatga olish jarayoni boshlandi va u 20 oktyabrgacha davom etadi.

O'zbekistondagi siyosiy partiyalarning prezident sayloviga o'z nomzodlarini ilgari surish jarayoni rasman 16 sentyabr kuni, prezident Karimov dafn marosimidan 13 kun o'tib boshlangan.

8 sentyabr kuni Senat qaroriga muvofiq, mamlakat muvaqqat prezidenti etib tayinlangan Bosh vazir Shavkat Mirziyoev O'zbekistonda faoliyatda bo'lgan siyosiy partiya tomonidan nomzodi prezident sayloviga rasman ilgari surilgan birinchi siyosatchi bo'lgandi.

Ammo, xuddi shu manzarada, 4 dekabrga belgilangan saylovga qadar Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston muvaqqat prezidenti bo'lib qolaverishi aytilgandi.

Buning ortidan, O'zbekistonda faoliyatda bo'lgan qolgan siyosiy partiyalar ham o'z tanlovlarini e'lon qilishgan, ularning bayonotlari ortidan, Sarvar Otamurodov ("Milliy Tiklanish"), Narimon Umarov ("Adolat" sotsial-demokratik partiyasi) va Hotamjon Ketmonov (O'zbekiston xalq demokratik partiyasi)larning O'zbekiston prezidentligiga da'vogarlar ekani ma'lum bo'lgandi.

O'zbekistonda faoliyatda bo'lgan to'rt siyosiy partiya barchasining vakillari o'tgan hafta Markaziy Saylov komissiyasiga murojaat qilishgan, prezident saylovida qatnashishlari uchun lozim bo'lgan hujjatlarni taqdim etishgan.

Komissiya besh kunlik muddat ichida ularning barchasiga prezident saylovida ishtirok etish huquqini bergani ma'lum bo'lgandi.

Toshkentdan olingan xabarlardan ayon bo'lishicha, nomzodlar endi o'z partiyalarining kelasi oy o'rtasiga rejalangan s'ezdlarida rasman ma'qullanishlari kerak.

Mavjud qonunchilikka muvofiq, nomzodlarning, bundan tashqari, 20 oktyabr kuniga qadar 214,35 ming imzo yig'ishlari ham taqozo etiladi. Bu - barcha saylovchilar bir foizining imzosi, degani bo'ladi.

Prezident saylovi

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2 sentyabr kungi kutilmagan vafoti ortidan, mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq chaqirilayotgan saylovlar shu yilning 4 dekabr kuniga belgilangan.

Hozircha O'zbekistondan biror bir mustaqil nomzodning bo'lajak saylovlarda ishtirok etish niyatini rasman izhor etganiga oid xabar olinmagan.

BBC O'zbek Xizmatining bu xususda ma'lumot olish uchun O'zbekiston Markaziy Saylov komissiyasi bilan bog'lanish urinishlari ham samara berganicha yo'q.

Prezident Karimovning boshqaruvi bilan kechgan vaqt davomida va vafotidan keyin ham, O'zbekiston Bosh vaziri birinchi o'rinbosari, mamlakat Moliya vaziri Rustam Azimov ham uning ikkita ehtimoliy siyosiy merosxo'ridan bittasi sifatida ko'rib kelingan.

Ammo O'zbekistonda faoliyatda bo'lgan to'rt siyosiy partiya tomonidan nomzodlari prezident sayloviga ilgari surilgan da'vogarlar orasida Rustam Azimovning ism-sharifi ko'zga tashlanmaydi.

Xuddi shu o'rinda eslatib o'tish joiz, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Senat tomonidan O'zbekiston muvaqqat prezidenti, deb e'lon qilinishidan bir haftacha o'tib, Rustam Azimovni Moliya vaziri - Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o'zgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, ta'lim va fan masalalari majmuasi rahbari etib tayinlagandi.

Bundan oldin bu majmua tarkibida ta'lim va fan yo'q edi.

Marhum prezident Islom Karimovning o'zi hayotligida ehtimoliy siyosiy merosxo'riga ochiq ishora qilmagan.

Ayon bo'lishicha, mavjud qonunchilikka muvofiq, saylov e'lon qilingan kundan olti oy avval ro'yxatdan o'tgan siyosiy partiyalargina O'zbekiston prezident saylovida ishtirok eta oladi.

Ammo O'zbekistonda faoliyatda bo'lgan bu partiyalarning barchasi orada kechgan vaqt davomida marhum prezident Islom Karimov siyosatini dastaklab kelganlikda tanqid qilib kelinishgan.

Prezidentlikka nomzod va O'zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Bosh vazir Shavkat Mirziyoev esa, bir necha haftaning o'zida mamlakatning qator viloyatlarida bo'lib qaytgan. U yerdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaqindan o'rgangan.

Qator yangilari barobarida tuzatishlar kiritilgan bir qancha qonun, farmon va farmoyishlarni ham imzolagan.

Muvaqqat prezident sifatida o'z faoliyatini boshlagan ana shu qisqa vaqtning o'zida allaqachon kadrlar siyosatidagi faolligi bilan ham ko'zga tashlanib ulgurgan.

Mahalliy kuzatuvchilar orasida, Shavkat Mirziyoevning bu kabi sa'y-harakatlarini o'ziga xos saylovoldi amaliyoti sifatida baholayotganlari ham oz emas.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring