Rufat Risqiev oyoqqa turdi

Rufat Risqiev Image copyright ferghana.ru

Boks bo'yicha o'zbekistonlik sobiq jahon va birinchi Yozgi Olimpiada O'yinlari sovrindori, dongdor bokschining Toshkentdagi kasalxonadan BBC O'zbek Xizmatiga aytishicha, qo'ltiqtayoq yordamida bo'lsa-da, oyoqqa turish va yurishga muvaffaq bo'la boshlagan.

O'zini kasalxonadagi dastlabki kunlaridan ko'ra ancha tetik his qilmoqda va og'riqlari ham ancha bosilgan.

Qorason boshlangani sabab, toshkentlik shifokorlar o'tgan hafta Rufat Risqievning bir oyog'ini tizzasidan pastini kesib tashlashga majbur bo'lishgandi.

So'nggi suhbatimiz tafsilotlaridan ayon bo'lishicha, Rufat aka poytaxt Toshkentdagi o'zi jarrohlik amaliyotini o'tkazgan 16-son shahar kasalxonasida qolmoqda.

U kishining yana qancha muddat shifokorlar nazorati ostida bo'lishi hozircha ma'lum emas.

Suhbatdoshimizning aytishicha, shifokorlar bu xususda halicha aniq bir gap aytishmagan, o'zi ham so'rab o'tirmagan.

Ammo Rossiyaning "Sputnik" internet nashri xabar berishicha, Rufat aka Risqiev yana ikki oycha kasalxonada qoladi va shundan so'ng uning oyog'iga protez o'rnatish masalasi hal qilinadi.

"Sputnik" bu haqda dongdor bokschini kuni-kecha kasalxonaga borib, ko'rib qaytgan taniqli murabbiy Murot Ergashevning so'zlariga tayanib, xabar bergan.

Image copyright ferghana.ru

Ammo Rufat aka Risqievning biz bilan suhbatida aytishicha, o'zining tavallud kuni shifokorlardan uyga ruxsat berishlarini so'rab ko'radi.

Suhbatdoshimiz indinga - 2 oktyabr kuni 67 yoshni qarshilaydi.

U kishining aytishicha, agar, shifokorlar ruxsat berishsa, tug'ilgan kunini uyda, o'z yaqinlari va do'stlari davrasida, yoshlik xotiralarini eslab o'tkazmoqchi.

"Tavallud ayyomingizni qanday taom bilan nishonlamoqchisiz?", - degan savolimizga esa, Rufat aka: "Endi, bilasizmi, o'zbekchilikda oshdan boshqa hech narsa yo'q-da... Oshni o'zim yaxshi damlayman. Ammo hozir damlay olmayman...", derkan, o'zlariga mumkin emasligi ham yaqinlari va do'stlarini palov bilan siylashiga to'sqinlik qila olmasligini aytadi.

Rufat akaga ko'ra, ularni dasturxon atrofida ko'rib, bahra olish ham o'zlariga kifoya qiladi.

Ammo, agar, shifokorlar uyga izn berishmasa, u holda tug'ilgan kunimni shu yerda - kasalxonada nishonlayman-da, deydi u kishi.

"Hozir kasalxonada nimalar bilan bandsiz?", - degan savolimizga esa, Rufat aka, yaqinlari va do'stlarining gurungi bilan ekanligini aytarkan, gap ustida "7 yoshidan boshlab kitob shaydosi, rus klassik yozuvchilarining o'zlari o'qib bitirmagan asarlari ham deyarli qolmaganini" ham qo'shimcha qilishni unutmaydi.

O'zbekistonlik taniqli bokschi 75 kg vazn toifasida 1974 yilgi jahon chempioni.

1976 yilgi Monreal Olimpiada O'yinlari kumush medali sovrindori, qator xalqaro turnirlar g'olibi.

Rufat aka, bundan tashqari, Kuba Ochiq chempionatining ikki karra chempioni ham bo'ladi.

U kishi havaskor ringda o'zining mahorati bilan "Toshkent yo'lbarsi" laqabini qozongan bokschidir.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring