BBCga aytaman: "Uy qamog'i" og'ir ekan

Dollar Image copyright Getty Images

"Uy qamog'i to'g'risida"gi qonun chiqqanida, shu ham jazo turi bo'libdimi, deb bir oz ajablangandim. Lekin o'zim ham bir oy ixtiyoriy "uy qamog'ida" o'tirgach, bu naqadar og'ir jazo ekanini tushundim.

Aytmoqchi bo'lganim, yozda Grin Karta yutgan jiyanim AQShga mehmonga chaqirgandi. Hamma xarajatlarimni to'lagandan keyin bir borib aylanib, o'ynab kelay dedim. Bordim, kutib oldi, birinchi kun rosa mehmon qildi.

Keyin esa ipotekaga uy olgan ekan, shu to'lovini qilish uchun bo'zchini mokkisidek chopgani-chopgan - 2 ta ishda ishlar ekan. Meni aylantirishga uncha vaqt topmadi.

Qo'limga 1000 dollar berib, tog'a Disney Lendga borasizmi, ish qilib qaysi ko'ngil ochar joyga borsangiz kelsa mazza qilib hordiq chiqaring dedi, baraka topgur. Bu pulni ko'rib ko'zlarim kvadrat bo'lib ketdi o'ziyam. Hisobini olsam, sal kam 7 million so'm bo'lib turibdi. Axir bu mening o'qituvchilik oyligimda roppa-rosa 1 yillik plastigimga tushadigan oyligimku!

Shu pulni oldimu rejalarim umuman o'zgardi-qo'ydi. Ko'chaga chiqsam turgan bitgani xarajat deb, shu jiyanni uyiga o'zimni qamadim qo'ydim.

Kun o'tishini sanayman, xech ham tong otmaydi chamamda, uyqu ham qochdi. Xayolan plastikni kelin oyingizga berib qo'yib, shu 1000 ko'katni 100ini har oy maydalab bemalol ulfatlar bilan choyxona-poyxonada yurganim ko'zimni oldidan o'tadi.

Ora-chora yostiqni tagiga tashlab qo'ygan 10 ta ko'zni quvnatguvchi rangli ko'katni qayta-qayta birma bir qo'ldan o'tkazaman. Erta bo'lsa yana uyda bir o'zim qolaman, TV ko'ray desam tilini tushunmayman, qo'shni-po'shni bilan suhbat qilay desam yana til muammosi, undan tashqari tilni bilgan taqdiringda ham, ular ham o'zi bilan o'zi ovora.

Jiyan har kuni kechqurun kelib, ha tog'a, bugun qaerlarga bordingiz, nimalarni ko'rdingiz? - deb savolga tutadi.

Men, eee bolam maza bo'lmadi, kuni bilan uyda yotdim, deb bahona qilaman.

Xullas, shu ko'yda amallab 1 oy ham o'tdi. Uyga keldim. Haligi pulni ichkariroqqa berkitib bemalol yurgandim, xotin qurmagur topib olibdi…

Shu qizimizni chiqargan edik, xayit qilaman deb, tog'ora-tog'ora taomu, korobka-krobka pishiriqlar, kamiga hamma uy a'zolariga bosh-oyoq sarpo qildi. Ustiga-ustak shu pul ham kamlik qilib, plastikdagi borini ham ishlatib yuboribdi. Urushay desang, qilsangiz o'z farzandingizga qilibsizda, deb mot qildi.

Xullas, yaqinda qizimizning ko'zi yoriydi. Oyisi endi "beshik to'yga tayyorgarlik qilavering, dadasi", deb kunu-tun miyamni qurtini termoqda. Shunga o'ylab-o'ylab sizga yozayotganim.

Sababi jiyan vatanidagi yangiliklar haqida qiziqib, yurgan yo'lida telefonida sizning saytingizga kirib turishiga ko'zim tushgandi. O'zim unga aytishga botinolmadim. Zora shu maqolani o'qib, bir oy emas 3-4 oyga chaqirsa degan umiddaman. Chunki shu uzoqroq muddat "uy qamog'ida" o'tiradigan tadbir kutib turibdi oldinda. Xotin aytganidek, o'zbegim farzandlari uchun hamma narsaga tayyor, hatto "uy qamog'iga" ham!

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring