Mirziyoev O'zbekiston iqtisodini ko'taradimi?

Image copyright Getty Images

https://www.youtube.com/watch?v=mhvZHvZF4MQ

Tahlilchilar O'zbekiston hukumatini 10 yildan ortiq vaqtdan beri boshqarib kelayotgan Shavkat Mirziyoev mamlakat iqtisodini yaxshilashga qanday ta'sir qilgani to'g'risida o'z fikrlarini bildirishgan.

Ularga ko'ra, Shavkat Mirziyoev iqtisoddan uzoq bo'lmagan odam va bu masalalarni u ichidan yaxshi biladi, lekin kelgusida qanchalar muvaffaqiyatga erishiladi buni aytish mushkul.

Markaziy Osiyo bo'yicha ekspert Stanislav Pritchin:

"Shavkat Mirziyoev hukumatni 2003 yildan buyon boshqarib keladi.

O'z siyosiy karerasining aksar qismida u aynan iqtisodni rivojlantirish bilan mashg'ul bo'lib kelgan.

O'zbek iqtisodining bugungi ahvolini sifat jihatidan yaxshilashga erishiladi, deb to'la ishonch bilan aytish qiyin.

Hozirgi paytda jahon xomashyo bozorida ko'p ham qulay vaziyat kuzatilmayapti.

O'zbekistonning asosiy eksport tovarlari bo'lgan gaz, uran, oltinning jahon bozoridagi narxlari past bo'lib turibdi.

Bunday vaziyat qisqa vaqt mobaynida iqtisodiy ahvolni yaxshilashga sharoit yaratib berolmaydi.

Lekin oxirgi yillarda O'zbekistonda tezlashtirishga harakat qilib kelingan sanoatlashtirish dasturlari Shavkat Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilgan.

Shuning uchun biz Shavkat Mirziyoev iqtisoddan uzoq bo'lmagan odam va bu masalalarni u ichidan yaxshi biladi, deb aytolamiz.

Shu paytgacha amalga oshirib kelingan dasturlar bundan keyin ham davom ettiriladi, deb o'ylayman. Biroq. Bu yo'lda qanchalar muvaffaqiyatga erishiladi- bir narsa deyish mushkul".

O'zbekistonning yirik iqtisodiy potentsiali hamon to'la ro'yobga chiqmagani aytiladi. Yangi rahbariyat hokimiyatga kelishi bilan bu potentsialni ochib o'zgarishlarga imkoniyat yaratiladimi?

Mustaqil siyosatshunos Rafael Sattorov:

"Rejim qullashi yoki yangi kuchlarning yo tashqaridan, yo-da mamlakat ichidan kelishi kabi xomhayol g'oyalarga zor-intizor bo'lmaslik kerak.

Tarixiy hodislalar namoyon etadiki, har qanday jamiyatning muvafaqiyatli transformatsiyasi aynan tuzumni ichidan bilgan shaxsning harakatlari tufayli yuz bergan va bermoqda.

Mazkur shaxs "eski yo'l bilan rivojlanib bo'lmasligini" anglab olib, o'zgartirishlarni olib keladi.

Bunday holat Janubiy Koreya, Singapur, Tayvanda sodir bo'lgan.

Xuddi shunday transformatsiya Sharqiy Ovro'po mamlakatlari ichida ham ro'y bermoqda.

U erda hech qanday deylik "quvg'indagi hukumat" yoki "tashqi muxolif kuchlar" rivojlanishga qo'l urgani yo'q, tuzumning ichidan chiqqan shaxslar va siyosatchilar amalga oshirganlar.

O'ylaymanki, O'zbekistonda o'tmishda iqtisodiyotda qo'llanib kelingan qattiq qo'l siyosati, fermerlarni terror qilish kabi harakatlarga chek qo'yiladi".

Shavkat Mirziyoev 2003 yildan buyon hukumat tepasida. Shu paytgacha iqtisodiy muammolarni hal etishga nima xalaqit bergan?

Iqtisodiy sharhlovchi Alisher Taksanov:

"25 yil mobaynida mamlakatda qattiq va buyruq bilan boshqariladigan iqtisodiyot shakllanib bo'lgan.

Buni anglab olgan yirik va o'rtacha investorlar allaqachon O'zbekistonni tark etganlar.

Xorijiy kapitalni jalb etish uchun yangi hukumat qat'iy iqtisodiy islohotlar o'tkazishi kerak.

Hukumat real ahvolni tushunishi kerak va bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini yo'lga qo'yishi lozim.

Toki liberallashtirish yuz bermaguncha, xususiy mol-mulkning muhofazasi tasdiqlanmaguncha va yotqizgan mablag'lar qonunan himoyalanmaguncha, xorijiy investorlar O'zbekistonga qaytib bormaydilar".

Xalqaro investorlarni jalb etish uchun O'zbekistonning barcha tijorat banklariga xorijiy sheriklarni topishga buyruq berilgan.

Bu harakat ortida yana qanday sabab yotmoqda?

"Nazarimda, chet el banklari bilan aloqa o'rnatishda korruptsion manfaatlarni ham ko'zdan kechirmaslik lozim.

O'zbekistondan kapitalni chet elga olib chiqayotgan shaxslarning tor bir davrasiga Oro'poda xizmat qilayotgan banklarning mavjudligi sir emas.

Tashqaridan kelayotgan sarmoyalar niqobi ostida, O'zbekistonga muzlatilgan pullarni ham qaytarib berishlari mumkin.

Ya'ni, bu yo'l orqali o'zbeklar o'z pullari bilan o'zlarini sarmoyalashlari ehtimoli yo'q emas".

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring