"O'qituvchilar kasb bayramlarini dalada nishonlashmoqda"

Paxta

1 oktyabr O'zbekistonda O'qituvchilar bayrami sifatida nishonlanadi.

Shu munosabat bilan muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev respublika o'qituvchilarini kasb bayramlari bilan tabriklab, ularning xizmatlarini munosib qadrlashini aytgan.

Xabarlarga ko'ra, hozir respublikadagi barcha viloyatlarda maktab va kollej, litsey o'qituvchilari paxta terimiga jalb qilingan.

Hukumatning maktab o'quvchilarini paxtaga jalb qilmaslik qaroridan so'ng, ularning o'rniga davlat tashkilotlari xodimlari, jumladan o'qituvchilar ham ommaviy ravishda paxtaga olib chiqilmoqda.

Kasaba uyushmasi federatsiyasi va Mehnat vazirligining paxta terish majburiy emas, ixtiyoriy degan mazmundagi bayonotlari tarqatilishiga qaramasdan, amalda O'zbekiston viloyat va shaharlarida hamma paxtada ekani aytiladi.

Shu munosabat bilan O'zbekistondagi nodavlat Inson huquqlarini himoya qilish alyansi o'z kuzatuvlarini davom ettirgan.

Alyans rahbari Elena Urlaevaning aytishicha, Bo'ka tumanida o'qituvchilar bayramni dalada nishonlashlariga to'g'ri kelgan.

"1 oktyabr O'qituvchilar kuni. Lekin kasb bayramida paxta terayotgan o'qituvchining kayfiyatini bayramona deb bo'lmaydi. Sababi, ishdan ayrilishdan qo'rqqan o'qituvchilar jimgina paxta terishga majburlar", deyiladi Alyans tarqatgan xabarda.

Unga ko'ra, "Bo'ka tumani maorif bo'limi mudiri Muhammad Azimov o'qituvchilarni Ko'korol, Alxojar kabi uzoq tumanlarga yotalay paxtaga jo'natgan. Boshqa o'qituvchilar esa kunlay paxta terimiga olib chiqilmoqda".

Bayonotda aytilishicha, "rayono mudiri 44- maktab rahbari bilan birgalikda paxtaga bormagan o'qituvchilarga 250 ming so'mdan 400 ming so'mgacha to'lov to'lashni buyurgan".

Bundan tashqari, "Toshkent viloyatining yangi hokimi Bo'ka tuman maorif bo'limi raxbariga paxtaga mo'ljaldagidan kam o'qituvchilar chiqqani uchun hayfsan bergan".

Buning ortidan, "Bo'ka tuman maorif bo'limi rahbari Muhammad Azimov oxirgi kunlarda 10 ta maktab (4, 9, 14, 19, 25, 35, 34, 31, 42, 47 o'rta maktablar) direktorlarini ishdan bo'shatgan", deyiladi xabarda.

Mahalliy yashovchilar esa paxtaga chiqmaganlarga nisbatan qo'pol muomala va tahdidlar bir necha kishini qon bosimi ko'tarilishiga ham olib kelganini aytganlar huquq faollariga.

Alyansga ko'ra, O'qituvchilar kuni munosabati bilan Bo'ka maorif bo'limidan o'qituvchilarga atalgan pul mukofotlari paxta fondiga o'tqazilgan.

Ushbu holat yuzasidan huquq faollari muvaqqat prezident va Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga ishonch telefonlari orqali murojaat qilgan.

BBC O'zbek xizmati ushbu ma'lumotlar yuzasidan Bo'ka tuman maorif bo'limi mudiri Muhammadjon Azimov bilan bog'lanishga muvaffaq bo'ldi.

U o'qituvchilar majburiy paxtaga olib chiqilayotganini rad qildi va ular faqat darsdan keyin paxtaga chiqayotganlarini qayd etdi.

Shuningdek, alyans aytganidek, 10 ta maktab direktorlari emas, ikki maktab - 34 va 35 o'rta maktab direktorlari pensiya yoshiga yetgani uchun ishdan bo'shatilganini ta'kidladi.

Janob Azimov o'qituvchilarga beriladigan pul mukofotlari boshqa fondga o'tkazilganini "bo'lmagan gap", deb atadi va mukofot pullari hammaga emas, o'z faoliyati bilan bunga loyiq bo'lgan o'qituvchilarga navbati bilan berilishini aytib o'tdi.

Uning bildirishicha, bayram munosabati bilan shahar hokimiyatidan berilgan mukoftlar o'z egalariga tarqatilgan va hamma o'qituvchilar hozir bayramni nishonlashmoqda.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring