Qirg‘iz deputatlari xalqdan uzilib qolganmi?

Image copyright EPA

Jo'g'o'rqu Kengashdagi "Onuguu-Progress" fraksiyasi deputati Gulshat Asilbayevaning davlatdagi oylik ish haqqi borasida aytganlari bahsu-munozaralarga sabab bo'lg

Uning Qirg'izistonda 9 ming so'mdan kam oylik oluvchilar borligini shubha ostiga olgani hukumat va oddiy xalq orasidagi ijtimoiy farqlar kattarib borayotgani borasidagi mulohazalarni keltirib chiqargan.

"Men bizning davlatda kimdir bu kabi oz oylik olishiga shubhalanaman. 8-9 ming so'mlik oylik yo'q", deb aytgan deputat xonim parlament yig'inida.

Gulshat Asilbayevaning o'zi tijorat bilan shug'ullanadi. 2006-2014 yillar u "Qirg'iz konyagi" korxonasini boshqargan. Asilbayeva o'tgan yil parlamentga "Onuguu-Progress" partiyasi nomidan saylangandi.

Unga bog'lanish va parlament yig'inida aytgan gapiga izoh olish urinishlarimiz samarasiz kechdi.

Ammo, ayni partiyadan Tazabek Ikramov hamkasbining so'zlari noto'g'ri talqin qilinganini aytadi. Shuningdek, u deputatlar o'z vakolatlari doirasida xalq foydasi uchun jon kuydirishayotganini ta'kidlaydi.

"Uning ba'zi so'zlarini bo'lib olib, internetga chiqarib yuborish to'g'ri emas. "Nima uchun hukumat oyliklarni oshirmaydi, bunday oylikka yashagan odamlarning yashash darajasini ko'tarish kerak" degan ma'noda gapirgan gaplari oxirini yozmasdan chiqarib yuborish noto'g'ri. Deputatlar ham xalq muammosini hal qilish uchun yurishibdi. Qonunlarni qabul qilib, byudjetni bo'lib beryapmiz. O'shani xalqqa to'g'ri qilib beringlar deyapmiz. Shunday ijtimoiy masalalarni hal etinglar, deb hukumatga aytib kelayapmiz. Deputatlarni yomonlab, ularni xalqdan boshqacha qilib ko'rsatish bo'lmaydi-da", deydi deputat Tazabek Ikramov.

Ijtimoiy masalalar bo'yicha mutaxasis Samar Sirg'abayev esa: "Parlamentni bu chaqirilishidagi deputatlar aksariyati tijorat sohasidan kelgan, daromadi, boyligi ko'p odamlarni tashkil etadi. Deputat xonimning aytgani oddiy xalq orasida qizg'in bahslarni uyg'otgani bekorga emas. Bu deputatlar saylovchilaridan, o'z jamoasidan uzoqda ekanini ko'rsatadi. Men ushbu voqeadan keyin Qirg'izistondagi oyliklar miqdoriga oid ma'lumotlarni qarab chiqdim. U yerda 9 ming so'm o'rtacha oylikdan yuqori hisoblanadi. Deputat xonimning aytganlari u iqtisodiy ahvolni bilmasligidan darakdir. Deputat sifatidagi ish faoliyati darajasi ham savol ostida", deydi.

Bundan oldin ham ba'zi deputatlarning chiqishlari muhokamalarga sabab bo'lgandi. Sotsial - demokratlar fraksiyasi deputati Riskeldi Mombekov militsiya xodimlari deputatlarni tanimasliklari haqida aytgan.

Uning safdoshi Qo'jo'bek Rispayev esa yaqinda Xalqaro ko'chmanlar o'yinlarida hukumat a'zolari yengil avtomobilda yurishgani, deputatlar "kamsitilib" avtobusda olib kelinganidan norozilik bildirgandi.

Qirg'izistondagi maoshlar bo'yicha ma'lumotga ko'ra, o'rtacha oylik ish haqi 13 ming so'mni, ya'ni taqriban 191 dollarni tashkil qiladi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.