AQSh elchixonasi Muhammad Bekjonni tug'ilgan kuni bilan tabrikladi

Muhammad Bekjon Image copyright Human Rights Watch
Image caption Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist hisoblanadi

Elchixonaning Feysbukdagi rasmiy sahifasida e'lon qilingan tabrikda 2 oktyabr kuni 62 yoshini qarshilagan Muhammad Bekjon "shubhali ayblovlar" bilan qamoqqa tashlangani aytiladi.

"Biz so'zini ro'yi-rost aytadigan jurnalist va siyosiy faol Muhammad Bekjonovning 62 yoshini nishonlaymiz.

Janob Bekjonov "Erk" gazetasining sobiq muharriri sifatida konstitutsiyaviy tuzumni ag'darishga urinish degan shubhali ayblovlar bilan 15 avgust 1999 yili ozodlikdan mahrum etilgan edi. Uning qamoq hukmi yillik amnistiyaga muvofiq 2003 yilning dekabr oyida qisqartirilgan va u 2012 yilning aprel oyida ozod qilinishi kerak edi. Biroq 2012 yilning yanvarida uning qamoq hukmi qo'shimcha besh yilga uzaytirilgan bunga, aytilishicha, uning qamoqxona ichki tartibini buzganligi sabab bo'lgan ekan. Xalqaro tashkilotlar hamda ko'plab hukumatlar va parlamentlar a'zolari qayta-qayta uning ozod qilishga chaqirganlar.

Tug'ilgan kuni munosabati bilan biz janob Bekjonovga mustahkam sog'lik, ruhiy quvvat va uzoq umr tilaymiz.

Tug'ilgan kuningiz muborak bo'lsin, Muhammad aka!", deyiladi AQSh elchixonasi yakshanba kuni e'lon qilgan tabrikda.

Ilk bayonot

Bu AQSh rasmiylarining Prezident Islom Karimov vafotidan so'ng O'zbekistondagi inson haqlari borasida qilgan birinchi bayonotidir.

O'tmishda Qo'shma Shtatlarning yuqori martabali diplomatlari o'zbek rasmiylari bilan yopiq eshiklar ortidagi muzokaralarda qamoqxonalardagi siyosiy mahbuslarni ozod etish va mamlakatdagi inson haqlarining ahvolini yaxshilashga muntazam undab kelganliklarini aytishgan.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari Vashingtonni marhum prezident Islom Karimov bilan terrorga qarshi urushdagi hamkorligini tanqid qilib kelganlar.

Xorijdagi o'zbek fuqaro jamiyati faollari O'zbekistondagi yangi hokimiyatni qamoqdagi siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirishgan, ammo hozirgacha rasmiylar Karimov davrida qamoqqa tashlangan faollarning ozod qilinishi yoki qilinmasligiga doir biron ishora bermaganlar.

O'tgan hafta Varshavada o'tgan Ovro'pada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining anjumanida o'zbek hukumat hay'ati rahbari Akmal Saidovning chiqishi avvalgilaridan farq qilmagan.

Janob Saidov mamlakatda inson haqlari himoyalangani va siyosiy erkinliklar to'la ta'minlanganini aytgan.

Tutqun jurnalist

Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotiga ko'ra, 62 yoshli Muhammad Bekjon dunyodagi eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist hisoblanadi.

U muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi rahbari Muhammad Solihning ukasi va "Erk" ro'znomasining sobiq bosh muharriridir.

Bekjon 1999 yildagi Toshkent portlashlari ortidan Kievdagi uyidan o'g'irlab ketilgan va portlashlarga aloqadorlikda aybdor, deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Image copyright Ezgulik
Image caption Avvalroq faollar Zarafshon qamoqxonasida Bekjon bilan uchrashganlar

U 2012 yil fevralida ozodlikka chiqarilishi kerak edi, ammo muddati tugashiga bir oy qolganida qamoqxona ma'muriyatiga bo'ysunmaslik aybi bilan yana 4 yilu 8 oyga mahkum etilgan.

Shu yilning 20 iyul kuni Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi qamoqxonada Muhammad Bekjon bilan uchrashgan huquq faollari Vasila Inoyatova hamda Abdurahmon Tashanovlar Bekjonning sog'ligi qoniqarli ahvolda ekani, ammo yaqinlaridan xat-xabar ololmayotganidan shikoyat qilganini aytishgan.

Faollarga Bekjon bilan uchrashishga izn bergan jazoni ijro etish rasmiylari Muhammad Bekjon navbatdagi qamoq muddati so'nggida ozodlikka chiqarilish yoki chiqarilmasligiga oydinlik kiritishmagan.

O'zbekistonda jazo muddatlarini turli vajlar bilan uzaytirish siyosiy mahbuslarga nisbatan keng qo'llanadigan tajriba hisoblanadi.

2014 yilda Muhammad Bekjonni qamoqda ko'rgan ayoli uni taniy olmaganini aytgan.

"Ko'zlarida umid butunlay so'ngan. Hayot-mamot uchun kurashayapti", - deb aytgan Nina Bekjonova.

1999 yil avgustida Toshkentda o'tgan mahkamada Muhammad Bekjon ayblarga iqror bo'lish uchun qiynoqqa solinganini aytgan.

O'tgan yili Xalqaro Amnistiya tashkiloti o'zbek hukumatini Bekjonga nisbatan qiynoq qo'llangani haqidagi iddaolar yuzasidan xolis va samarali tekshiruv o'tkazishga chaqirgandi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring