Suriyadagi o'zbek qo'mondon: "Afg'onistonga qayting"

Suriya Image copyright http://buhoriy.com/
Image caption O'zbek jangarilari rahbarining aytishicha, "musulmon dunyosidagi jihodning markazi Afg'onistondir"

Suriyadagi o'zbek jihodchilari guruhi "Imom al Buxoriy katibasi" amiri o'z tarafdorlarini Suriyada jangovar tajribalarni egallab, Afg'onistonga qaytishga qaytishga chaqirgan.

"Shayx Salohiddin" nomi bilan bilingan o'zbek jangarilari rahbarining videomurojaati Suriyadagi "Jabhat Fatih al-Shom" tashkiloti bilan aloqalarga ega guruhning web sahifasida e'lon qilingan.

"Afg'oniston jihodi vatanga darvozadir" deb nomlangan videoda yuzi xiralashtirilgan "Shayx Salohiddin" o'zbek tilida o'z tarafdorlarga xitob qiladi.

Uning so'zlariga ko'ra, Suriyadagi jihod shar'an, birinchi navbatda Suriya ahliga farzdir.

"Xuroson ahli o'laroq, O'rta Osiyodagi jihod birinchi bizning bo'ynimizga tushadi, ya'ni o'sha mintaqa ahlining bo'yniga tushadi. Shar'an biz mas'ulmiz o'sha erdagi zulmdan, ertaga Alloh taolo bizdan so'raydi", - deydi "amir".

Uning aytishicha, o'z vaqtida Amerika Tolibon rahbari Mulla Umardan "muhojirlar" yoki xorijiy jangarilarni afg'on tuproqlaridan chiqarishni talab qilgan, ammo toliblar rahbari bunga rozi bo'lmagan.

"Bugungi kunda Imorat (Afg'oniston-tahr.)ning muhojirlarga ehtiyoji bor. Shuning uchun birodarlarga aytamizki, Shom diyori (Suriya-tahr.) da qancha jihod qilsangiz, qiling, og'ir qurol, engil qurol, media va shar'iy sohada mutaxassis bo'lib, Xurosonga etib boringlar birodarlar", deya xitob qilgan Suriyadagi o'zbek jangarilari rahbari.

"Shayx Salohiddin"ga ko'ra, musulmon dunyosidagi jihodning markazi Afg'onistondir.

Suriya va Iroqdagi "Islomiy davlat" saflarida bir necha yuz o'zbekistonlik jang qiladi, deb ishoniladi.

ICSR (Radikallashish va Siyosiy Zo'ravonlikni tadqiq etish xalqaro markazi) va Xalqaro inqiroz guruhi o'tgan yilgi hisobotlarida Suriyadagi markaziy osiyolik jangarilarning eng ko'pi o'zbekistonliklar ekanini aytgan.

O'zbekistonning o'zida ID saflariga qo'shilgan va qo'shilmoqchi bo'lgan qator shaxslar ustidan mahkama jarayonlari bo'lib o'tgan, ammo Suriya va Iroqdagi o'zbek jangarilarining soni borasida rasmiy raqamlar mavjud emas.

Ularning ko'pchiligi o'tmishda O'zbekiston Islomiy Harakati saflarida Afg'onistonda jang qilgan o'zbeklar deb ishoniladi.

So'nggi bir necha oy ichida "Islomiy davlat" guruhi Suriyaning Turkiya bilan chegaradagi qator shahar va qishloqlardan surib chiqarilgan.

G'arblik tahlilchilarga ko'ra, guruhning ko'pgina jangarilari hozirda qochuvda va uning eng so'nggi istehkomi Raqqa bo'ladigan.

"Gardian" ro'znomasining yozishicha, hozirda ID mintaqaga 2014 yilda Bag'dodiy xalifalikni e'lon qilgan vaqtdagidek tahdid solayotgani yo'q va uning Ovro'poga yo'llari ham yopilgan.

O'zbek jangarilari rahbarining murojaati IDning Suriyadagi mag'lubiyatlari bilan bog'liq yoki yo'qligini faqat taxmin qilish mumkin, xolos.

Ayni paytda dushanbaga o'tar kechasi Afg'oniston shimolidagi Qunduzda Tolibon yaxshi muvofiqlashtirilgan hujumlarni boshlagan.

Hozirda shaharda og'ir janglar kechayotgani xabar qilinadi.

O'zbekiston Afg'onistondagi urush va u erda panoh topgan jangarilarni mamlakat xavfsizligiga asosiy tahdidlardan deb biladi.

Marhum prezident Islom Karimov xalqaro kuchlarning Afg'onistondan olib chiqib ketilishi nafaqat Markaziy Osiyo, balki undan tashqarida ham xavfsizlikka tahdidning kuchayishiga olib kelishidan ogohlantirgan.

2014 yilda u Yaqin Sharqdagi "yangi va yangi terrorchi guruhlar" O'zbekiston va mintaqaga tahdid solishini aytgan edi.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring